Oʻzbekistonda ishsizlik darajasi kamaydi

    Mamlakatimizda 2023-yil yakuniga koʻra ishsizlik darajasi 6,8 foizni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2,1 foizga kamaydi.

    Bu haqda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

    2023-yilning dekabr oyida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari instituti tomonidan respublikamizning 208 ta shahar va tumanida navbatdagi ijtimoiy soʻrov oʻtkazildi.

    Xalqaro mehnat tashkiloti tavsiyalari asosida oʻtkazilgan tadqiqot davomida 1 000 ta oʻzini-oʻzi boshqarish organlari, 10 000 uy xoʻjaliklari hamda 53 ming 300 nafar fuqaro qamrab olindi.

    2024-yilning 1-yanvar holatiga mehnat resurslari soni 19 mln. 724 ming 900 kishini tashkil etib, 2023-yilning shu davriga nisbatan 207 ming 400 kishiga (1,1 foizga) oshgan.