O'zbekistonda kambag'allik darajasi yangicha tajriba asosida o'rganilmoqda

    Unda jahonning ilg'or mamlakatlari tajribasi, xususan, AQSHning taniqli olimlari, 2019 yildagi Nobel mukofoti laureatlari Abxijit Banerji, ester Dyuflo va Maykl Kremerning kambag'allikni qisqartirish bo'yicha o'tkazgan tadqiqotlari natijalaridan foydalanildi.

    Kambag'allikka qarshi kurash mamlakatimizda nisbatan yangi yo'nalish hisoblanadi. Bu borada belgilangan maqsadga erishishda mazkur vazifani amalga oshirish bilan bog'liq instrument va usullarni real holatdan kelib chiqqan holda ishlab chiqish, eng samarali yo'l sifatida baholanmoqda.

    Shu maqsadda respublikadagi vazirlik va idoralarning 78 nafar mutaxassislaridan tuzilgan maxsus ishchi guruh Toshkent viloyatining Bo'ka va Chinoz tumanlarida bo'lib, kambag'al va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini o'rganish bo'yicha tajriba kuzatuvlarini olib bordi. Unda jahonning ilg'or mamlakatlari tajribasi, xususan, AQSHning taniqli olimlari, 2019 yildagi Nobel mukofoti laureatlari Abxijit Banerji, ester Dyuflo va Maykl Kremerning kambag'allikni qisqartirish bo'yicha o'tkazgan tadqiqotlari natijalaridan foydalanildi.

    Ilk bosqichda mutaxassislar 8 kun davomida Bo'ka tumanidagi 504 ta, Chinoz tumanidagi 648 ta xonadonga kirib, aholi bilan suhbat asosida zarur ma'lumotlarni to'pladi. Kuzatuvlar davomida uy xo'jaliklari tarkibi, yashash sharoitlari, iste'mol xarajatlari, real daromadlari, uzoq muddat foydalanadigan vositalari, oilalar a'zolarining moddiy ne'matlar va ijtimoiy xizmatlardan foydalana olish imkoniyatlari, jumladan, bepul tibbiy xizmatdan foydalanishi, farzandlarining ta'lim olishi sifati, moddiy qo'llab-quvvatlash hamda tadbirkorlik tashabbuslari o'rganildi.

    — Tajriba kuzatuvi o'tkazilishidan oldin 4 kun davomida ishchi guruh a'zolari tomonidan hududlarda ehtiyojmand aholi bilan ishlash, kambag'allikni qisqartirishda ijtimoiy himoya tizimini yangicha metodlar, mahalliy va xorijiy tajribadan foydalanish, “uy xo'jaliklari”da kuzatuvlar o'tkazish, ehtiyojmand oilalar a'zolari bilan muloqotga kirishish bo'yicha seminarlar o'tkazilib, hududlar fuqarolarining bilim va ko'nikmalarini oshirildi, — dedi Kambag'alikni qisqartirish siyosatini yuritish departamenti direktori Ilhom Mamatqulov. — Mazkur o'quv-seminarlar kuzatuvning to'g'ri va sifatli o'tkazilishiga xizmat qildi. Natijada jarayonlar ochiq, shaffof tarzda o'tkazilib, intervyu oluvchi ehtiyojmand oilalar a'zolari bilan mahalla raisi yoki mas'ul shaxslar ishtirokisiz erkin suhbatlashdi. Oldimizda bir qancha mezonlar bo'yicha tahlil o'tkazish vazifasi turgani bois, har bir uy xo'jaligida o'tkazilgan o'rtacha suhbat 1,5-2 soat davom etdi.

    571 ta savolga javob olindi

    Tajriba kuzatuvi uchun Bo'ka va Chinoz tumanlari tanlangani tasodif emas. Prezidentning 2020 yil 1 maydagi “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimini joriy etish to'g'risida”gi qarori asosida bu boradagi ishlar tahlili boshlangan edi. Qayd etilgan reyting natijalari bo'yicha respublikaning barcha tuman va shaharlari “yaxshi”, “o'rta” va “qoniqarsiz” hududlarga ajratildi. Qaror bilan belgilangan mezonlarga ko'ra, Bo'ka tumani “qoniqarsiz”, Chinoz tumani esa “o'rta”, deb baholandi. SHu bois, mutaxassislar tajriba kuzatuvini mazkur hududlardan boshlashga qaror qildi.

    Ayni paytda 125,5 ming aholi istiqomat qilayotgan Bo'ka tumanida 5 812 nafar oila “temir daftar”ga kiritilgan. Chinoz tumani aholisi nisbatan ko'proq. Hududda 133,6 ming nafar aholi istiqomat qilib, oilalar soni 35,4 mingni tashkil etadi. Hozirgi kunda 1 659 ta oila “temir daftar” ro'yxatida turibdi.

    — Nobel mukofoti sovrindorlari tadqiqotlarida kambag'allikni qisqartirishda bir qancha mezonlarga muhim omil sifatida qaraladi, — dedi Ilhom Mamatqulov. — Ayniqsa, psixologik omillarning ahamiyati yuqoriligini inobatga olib, kuzatuvlar jarayonida psixolog mutaxassislar tomonidan ehtiyojmand oilalar a'zolari bilan individual suhbatlar o'tkazildi. Ularning psixologik portretini shakllantirish va kambag'allikdan chiqarish bo'yicha ruhiy rag'batlantirish ishlari amalga oshirildi. Bundan tashqari, kambag'al oilalar farzandlarining yoshiga nisbatan bo'yi, vazni o'lchanib, darslarni o'zlashtirish darajasi ham o'rganildi. Kuzatuv jarayonida jami 571 ta savolga javob olindi.

    Aytish joizki, kambag'allik nafaqat ma'lum aholi qatlami, balki jamiyat va davlat rivojlanishi, taraqqiyotiga to'siq bo'luvchi g'ovdir. Bu muammoga qarshi davlat va jamiyat birgalikda kurashsagina, samarali natijalarga erishish mumkin. Prezidentimiz shu yilning 24 yanvar kuni Oliy Majlisga murojaatnomasida “Har qanday mamlakatda bo'lgani kabi bizda ham kam ta'minlangan aholi qatlamlari mavjud. Turli hisob-kitoblarga ko'ra, ular taxminan 12-15 foizni tashkil etadi. Bu o'rinda gap kichkina raqamlar emas, balki aholimizning 4-5 millionlik vakillari haqida bormoqda”, deya ilk bor kambag'allikni qisqartirish yo'nalishini davlat siyosati darajasiga ko'tardi. O'tgan qisqa vaqt ichida kambag'allikka qarshi kurash bo'yicha ko'plab chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

    Tashkil etilgan maxsus ishchi guruhning vazifasi ham hududlar aholisining haqiqiy ahvolini o'rganib, amalga oshirilishi zarur bo'lgan vazifalarni belgilab olishdan iborat. Hozirda Davlat statistika qo'mitasi bilan birgalikda to'plangan ma'lumotlarni tahlil qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

    O'rganishlar davomida aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo'yicha tuman, viloyat va respublika darajasida ta'limni rivojlantirish, sog'liqni saqlash, aholi bandligini ta'minlash, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish, infratuzilma va arzon uy-joy bilan ta'minlash, qishloq xo'jaligini rivojlantirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash yo'nalishlarida “yo'l xaritasi” ishlab chiqildi. Shuningdek, kuzatuvlar yakuni bo'yicha olingan ma'lumotlardan O'zbekistonda kambag'allik chegarasini aniqlash, “yashash minimumi” va “iste'mol savatchasi” bo'yicha xisob-kitob ishlarini yakuniga etkazish, aholining bazaviy iste'mol xarajatlari va kambag'allik chegarasi mezonini hisoblashni amaliyotga joriy etish hamda respublikada kambag'allikni qisqartirishga yo'naltirilgan strategik chora-tadbirlarni ishlab chiqishda foydalanish rejalashtirilgan.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri