O'zbekistonda katta mis zaxirasiga ega kon ochilmoqda

    Geologiya ishlari natijasida Olmaliqda 45 million tonna mis zaxirasi topilgan. Oltin zaxirasi esa 5 ming tonnadan ko'proq, deya baholanmoqda. Bu juda katta boylik.

    Yuqori haroratda yonayotgan pech oldida turib, bir necha soat davomida olov bilan yonma-yon “yonish”ga har kimning ham sabr-matonati yetmaydi. Olmaliq shahrining janubiy sharqida joylashgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida esa har kuni minglab ishchilar ana shunday fidoiylik ko'rsatadi.

    Rangli metallurgiya sohasining bayroqdorlaridan bo'lgan kombinat 70 yillik tarixga ega. Yirik kon-metallurgiya korxonasi mis-molibden, rux-qo'rg'oshin, polimetall va oltin tarkibli ma'danlarni qazib olish va qayta ishlash bo'yicha nafaqat O'zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda ham mavqeini mustahkamlab bormoqda. Mis mahsulotlarini qazib olish va ishlab chiqarish bo'yicha esa dunyodagi 30 ta eng yirik korxonalar safidan joy olgan.

    Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotining 7 foizi, eksport hajmining 15 foizi mazkur kombinat hissasiga to'g'ri keladi. Kombinatda mis ishlab chiqarish hajmi oxirgi yillarda 1,4 barobarga, kumush esa 1,6 barobarga o'sgan. Uning quvvatlarida qariyb 40 ming nafar ishchi-xizmatchi mehnat qilmoqda.

    Oxirgi yillarda yirik investitsion loyihalar asosida kombinatning barcha tsexlaridagi texnologiyalarni avtomatlashtirish, qurilish-ta'mirlash ishlarini olib borish natijasida ishlab chiqarish hajmi oshib boryapti. Birgina misol, yakuniga etib borayotgan 2021-yilda OKMK tomonidan 30,6 trillion so'mlik tovar mahsulotlari tayrlanishi kutilyapti. Bu 2017-yilga nisbatan 5,6 barobar yuqori ko'rsatkich. Eksport hajmi esa, 171 foizga o'sdi. Joriy yilda 1 milliard 100 million AQSH dollariga etishi mo'ljallangan.

    Bugun kombinat korxonalarida molibden, reniy, rux, kadmiy, volfram, palladiy kabi nodir va qimmatbaho metallar ishlab chiqarilsa-da, uning asosiy mahsuloti mis hisoblanadi. Bu yil uning hajmi 2017-yilga qaraganda, 135,1 foizga ko'p, ya'ni 148,5 ming tonnani tashkil etadi.

    Geologiya ishlari natijasida Olmaliqda 45 million tonna mis zaxirasi topilgan. Oltin zaxirasi esa 5 ming tonnadan ko'proq, deya baholanmoqda. Bu juda katta boylik.

    Hozirda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida yirik loyiha — misni yillik qazib olish hajmi 65 million tonna atrofida bo'lgan yangi “Yoshlik” konini o'zlashtirish hamda loyiha doirasida 3-misni boyitish fabrikasi qurilishi ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Bu dunyoda talab kun sayin ortib borayotgan mis mahsulotini ishlab chiqarish quvvatini yanada kengaytirishga qaratilgan keng ko'lamdagi loyiha bo'lib, Prezidentning 2017-yil 1-martdagi “Yoshlik I” koni negizida “Olmaliq KMK” AJning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Konga “Yoshlik” nomi ham o'shanda davlatimiz rahbari tomonidan qo'yilgan.

    65 million tonna ma'dan qazib olinadi

    Mendeleyev davriy jadvalidan 29-tartib raqami bilan joy olgan mis kimyoviy elementi tabiatda nisbatan kam tarqalgan. Shu bois, dunyoda kundan-kunga talab yuqorilab borayotgan bu mahsulot jahon miqyosida ulkan tijoriy ahamiyatga ega butun boshli industriya hisoblanadi. Hatto, hozirgi vaqtda uning bozordagi narxi asosida dunyo iqtisodiyotining yo'nalishini mo'ljal qilish, prognoz tuzish, texnologiyalar rivojining u yoki bu tarafga o'zgarishini oldindan taxmin qilish mumkin bo'lib qoldi.

    Xalqaro ekspertlarning fikricha, elektromobillar, elektrotexnika va qayta tiklanuvchi energiya sohalarining rivojlanishi evaziga 2030-yilga borib dunyoda misga bo'lgan talab 40 foizga oshishi kutilyapti. Jahon bozorida misga bo'lgan talab va mahsulot narxlarining ortib borishi Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining eksport salohiyati, bu orqali yurtimiz iqtisodiyoti o'sishiga ham sezilarli ta'sir ko'rsatmoqda.

    “Yoshlik-1” koni kombinatning eng istiqbolli loyihalaridan biri bo'lib, uning ochilishi O'zbekiston mis ishlab chiqarish sanoatida yangi davrni boshlab beradi. Uning qiymati 5 milliard 122 million dollar bo'lib, kon hududi 11 ming gektardan iborat. Investitsion loyiha 2 bosqichda amalga oshiriladi. 2021—2025-yillarga mo'ljallangan birinchi bosqichda 290 ming tonna mis katodi, 38 tonna oltin va 203 tonna kumush ishlab chiqarilsa, ikkinchi bosqich — 2024—2028-yillarda 400 ming tonna mis katodi, 50 tonna oltin va 270 tonna kumush metallari ishlab chiqarishga erishiladi.

    — Asli, bu kon 1984 yilda “Qalmoqir” konining davomi sifatida aniqlanib, uning geologik zaxiralari tasdiqlangan, — deydi “Yoshlik” koni Kon-transport kompleksi va infratuzilma ob'ektlarini qurish direktsiyasi direktori Zokirxo'ja Eshonxo'jayev. — Ammo uni ochishga bo'lgan jiddiy harakatlar 2017-yildan boshlandi. Dastlabki jarayonlarda “Olmaliq KMK” AJ mineral resurslar xomashyo bazasini kengaytirish va zaxiralarni “JORC” kodeksi standartlariga muvofiq qayta baholash ishlarini olib borish maqsadida Buyuk Britaniyaning “SRK Consulting” kompaniyasi jalb qilindi. Ko'plab quduqlar qazilib, ularning tahlili asosida o'rganishlar olib borildi. So'ngra “JORC” kodeksi talablariga muvofiq, birlashgan “Qalmoqir” va “Yoshlik-1” oltin-mis porfirli konlarining mineral zaxiralar hisoboti Davlat zaxira komissiyasiga taqdim qilindi hamda tegishli bayonnoma bilan tasdiqlandi. Loyiha doirasida yiliga 65 million tonna ma'dan qazib olish quvvatiga ega bo'lgan kon, 60 million tonna qayta ishlash imkoniyatiga ega 3-son mis boyitish fabrikasi, uning infratuzilma obyektlari va 650 MVtni tashkil etgan elektr ta'minoti ob'ektlari ham quriladi. Hozir konda 1,5 ming ishchi o'rni yaratilgan. Investitsion loyiha doirasidagi barcha ob'ektlar ishga tushgach, ish o'rinlari soni 6 ming kishiga etadi.

    2028-yildan keyin “Qalmoqir” va “Yoshlik-1” konlari birlashtirilib, yer yuzidagi eng yirik mis koniga aylanishi ko'zda tutilgan. Natijada mis qazib olish birinchi bosqichda 100 million tonna, ikkinchi bosqichda esa 160 million tonnaga etadi. Shuningdek, OKMK doirasida oltin ishlab chiqarish 3 barobar, kumush 2,1 barobarga ko'tariladi. Umumiy hisobda mis tarmog'idan tushadigan daromadlar joriy 2,5 milliard dollardan 8,5 milliard dollarga oshadi. O'zbekiston esa mis ishlab chiqarish bo'yicha dunyodagi eng yetakchi davlatlardan biriga aylanadi.

    Ulkan, ammo qulay va mustahkam...

    ... Tog' burg'ilanadi. Konning zaxchil yo'laklari oqishroq nimtatir tumanlarga burkangan. Tepadan qaraganda ulkan jarlikka monand ochiq kon sahnini birgina nigoh bilan ilg'ashning imkoni yo'q...

    Boy mis zaxirasiga ega bo'lgan “Yoshlik-1” konini pastdan, qazish ishlariga yaqin holda ko'rishning zavqi boshqacha. Bir tomondan, uning baxaybat devorlari, boshqa tomondan, ulkan yuk tashish mashinalari haybati oldida inson o'zini kichrayib qolgandek his etadi. Konga kirishdan oldin har bir kishiga, albatta, beriladigan maxsus ish kiyimlarida esa odam tog' jinslarini qazib olishga tayyor shaxtyorga aylanadi.

    “Yoshlik-1” ochiq konida ishlar qizg'in. Ma'danlar qatlamiga yetib borish uchun tunu kun burg'ilash ishlari olib borilyapti. Yelkasiga 220 tonna yuk oladigan BelAZ avtosamosvallari birin-ketin manzilga qatnaydi. Konga chet davlatlardan 30 dan ortiq shunday zamonaviy yuk tashish mashinalari keltirilgan. Rossiya, Belorus davlatlaridan ekskavator, avtosamosval, burg'ulash uskunalari va boshqa texnikalar olib kelindi. Ularni boshqarayotgan haydovchilar orasida esa salkam 30 yillik tajribaga ega insonlar ham bor.

    — 1992-yildan buyon konda haydovchi bo'lib ishlayman, — deydi Alisher Ismoilov. — Asosan, katta yuk mashinalarini boshqaraman. Ilk ish boshlagan paytlarimda 75 tonnalik BalAZ bo'lardi. Tez buzilib qolgani bois, juda ko'p ta'mirlardik. Hozirgi zamonaviy yuk tashish mashinalari esa butkul boshqacha. Ancha mutahkam ishlangan, juda kam ta'mirlanadi. Hozir men boshqarayotgan BalAZning og'irligi 157 tonna bo'lib, 220 tonna yuk oladi. Ko'pchilik shunday katta mashinani haydash qiyin emasmi, degan savol beradi. Ochig'i, sira qiynalmayman. Aksincha, uni boshqarish juda qulay. Ichki qismida ham barcha sharoitlari yaratilgan. Qishda issiq, yozda salqinni ta'minlaydigan konditsionerlari bor. Mashinaga ratsiya qurilmasi ham o'rnatilgan. Ish tartibi shu ratsiya orqali boshqarib turiladi. Bu samaradorlikni oshiryapti. Kunlik normani ortig'i bilan bajaryapmiz.

    Bugunga qadar “Yoshlik-1” koni ruda qatlamiga yetish va uni qazib olish uchun jami 101,8 million kub metr tuproq ishlari bajarildi. Samaradorlikni oshirish maqsadida 570 dan ziyod texnika jalb etillgan.

    Sanoat temiryo'l transporti boshqarmasi boshlig'i Bunyod Qurbonov bergan ma'lumotlarga ko'ra, Yoshlik-1” investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida bir qancha yangi harakatlanuvchi tarkiblar keltirilgan. Teplovoz, tortuv agregat, yo'l texnikalari eskilariga qaraganda energiyatejamkor, tortish kuchi 30 foizgacha yuqori. Elektrovozlarning o'zi elektr energiya chiqarib, havo liniyalariga yana ushu quvvatni qaytaradi. Bu bilan tashish tannarxini kamaytirishga erishilyapti.

    — 2017-yilga qadar 40 yildan ortiq ishlagan, allaqachon eskirib, deyarli yaroqsiz holga kelgan harakatlanuvchi tarkib bilan ishlardik, — deydi mutaxassis. — Loyiha doirasida temiryo'l transportlarining 35-40 foizi yangilandi, tuzilmada katta o'zgarishlar bo'ldi. Vagonlar soni, yuk tashish hajmi 3 barobarga ko'paydi. Kelgusida bu miqdorni 5 barobargacha oshirish rejalashtirilgan. Eng asosiysi, 16,5 kilometr yangi temiryo'l yotqizildi. Hozirda qurilish ishlari davom etyapti. Loyiha yakunigacha uning uzunligi 45 kilometrga yetadi.

    Ushbu zamonaviy uskunalarning aksariyatini yoshlar boshqarayotganiga guvoh bo'ldik. Umuman, kombinatda yosh kadrlarga alohida e'tibor qaratiladi. Ularni o'qitish, amaliy ko'nikmalarini shakllantirish va ishga qabul qilishning zamonaviy tizimi yo'lga qo'yilgan. Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali ham shu maqsadda ochilgan. Unda asosan metallurgiya, konchilik ishi, mashinasozlik texnologiyasi, jihozlari va ularni avtomatlashtirish, konchilik elektromexanikasi sohalari bo'yicha kadrlar tayyorlanadi. Filial hamda OKMK o'rtasida hamkorlik shartnomasi mavjud. Unga ko'ra, oliy o'quv yurtida tayyorlanayotgan mutaxassislar kombinatda amaliyot o'tab, barcha jabha va korxonalarga ishga qabul qilinadi. Hozirda ikki tomon hamkorligida mis eritish zavodi chiqindilarini qayta ishlash, mis boyitish fabrikalari chiqindilarini qayta ishlash hamda murakkab tarkibli ma'danlarni qayta ishlash bo'yicha loyihalar ustida ishlar olib borilyapti. Ularning natijasi kombinatning ishlab chiqarish jarayonlariga tadbiq etiladi.

    “Yoshlik-1” konida 2019-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Zahriddin Omonullayev ana shunday umidli kadrlardan. “Qolmaqir” koniga yosh geolog sifatida kelgan yigit bugungi kunda etakchi geolog vazifasida. U “Yoshlik-1” konida ma'danga yetib borish jarayonini nazorat qilish, uni bo'sh jins bilan aralashib, chiqindiga chiqib ketmasligining oldini olishga javobgar. Jarayonda tog' jinslari laboratoriya tahliliga yuboriladi va undan olingan natijalar asosida ma'dan sifati aniqlanadi.

    Ochiq konda ishlar ana shunday tizimli ravishda olib borilmoqda. Bu yerdagi har bir kishining o'z vazifasi bor. Ishlar xuddi soatdek aniq va ketma-ketlikda amalga oshiriladi. Maqsad — tezroq asosiy ma'dan qatlamiga yetib borish va eng yirik mis konini ochishga qaratilgan.

    “Yashil” energetika uchun asosiy xomashyo

    Mamlakatimiz mis sanoatida kabel va sim mahsulotlaridan tashqari, elektrotexnika va ular uchun uskuna, quyosh va shamol energetikasi, elektromobillar uchun yangi turdagi mahsulotlarni o'zlashtirish orqali uni qayta ishlash hajmini 4 barobarga yetkazish vazifasi ham belgilangan.

    Boisi, mis issiqlik va elektr quvvatini eng yaxshi o'tkazuvchi bo'lib, ayniqsa, elektrotexnika sanoatida keng qo'llaniladi. Turmushimizda ishlatiladigan oddiy muzlatkichdan tortib, televizor, elektron qurilmalargacha bo'lgan tovarlarni ishlab chiqarishda mis metalidan foydalaniladi. Jahonda bu tarmoqning rivojalanishi bilan birga, misga bo'lgan talab ham ortib boryapti.

    Yurtimiz sanoatida elektrotexnika eng yosh tarmoqlardan hisoblanadi. Shunga qaramay, rivojlanish jarayoni tez kechmoqda. Keyingi 5 yilda elektrotexnika sanoatida 11,1 barobar o'sishga erishildi. Bundan 5 yil oldin yurtimizda 1,5 trillion so'mlik elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo'lsa, 2021-yilning 9 oyi davomida bu raqam 12 trillion so'mni tashkil etdi, yil yakuniga borib bu ko'rsatkichni qariyb 17 trillion so'mga yetkazish rejalashtirilgan.

    Istiqbolli tarmoqda elektrotexnika sanoati korxonalari soni ham yildan-yilga ortib boryapti. 2016-yilda ular soni 97 tani tashkil etgan bo'lsa, bugungi kunga kelib respublikada 900 dan ziyod ana shunday korxonalar faoliyat yuritmoqda. Tarmoqda amalga oshirilayotgan ana shunday yirik loyihalarda mis xomashyosidan keng foydalanilayotgani masalaning ahamiyatli jihati. Xususan, joriy yilning o'tgan davrida elektrotexnika sanoati korxonalari tomonidan 24,8 ming tonna mis xomashyosi qayta ishlandi. Yil yakunida bu ko'rsatkichni 55 ming tonnaga yetkazish imkoniyati mavjudligi ta'kidlanmoqda.

    Mis metali yashil energetikaga o'tishda ham eng qulay manba hisoblanadi. Yaqinda Glazgoda iqlim bo'yicha bo'lib o'tgan xalqaro sammitda jahonning rivojlangan davlatlarining toza, qayta tiklanadigan energetikaga o'tishi jadallashib borayotgani ta'kidlandi. Bunda mis ishlab chiqarilish ham asosiy o'rin tutadi.

    Xalqaro mis uyushmasi ma'lumotlariga ko'ra, mis eng ko'p mashinasozlikda, shuningdek, qurilishi va infratuzilmada ishlatiladi. Oxirgi yillarda misdan foydalangan holda elektromobillar ishlab chiqarish hajmi keskin oshdi. Agar oddiy avtotransport vositasini tayyorlash uchun 8 kilogramdan 20 kilogramgacha, avtobuslarda 224—369 kilogramm mis ishlatilsa, elektromobilda bu ko'rsatkich 83 kilogramgacha yetadi. Bu o'zgarishlar keyingi yillarda misga bo'lgan ehtiyojning bir necha barobar ko'payishiga olib keladi.

    Mamlakatimizda so'nggi 5 yilda mis ishlab chiqarish hajmi qariyb 1,5 baravar oshdi. Ammo xomashyoning 60-70 foizi xorij davlatlariga eksport qilinadi, o'zimizda esa misdan yuqori qo'shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlash ishlari etarli darajada emas. Shu bois, davlatimiz rahbari topshirig'iga asosan mis sanoati klasterini tashkil etish ishlari boshlab yuborilgan. Bu jarayonga Kanadaning “Xetch” va Germaniyaning “Projekt konsalting” kompaniyalari jalb qilinib, geologiya-qidiruv ishlari dasturi asosida rangli va nodir metallar zaxirasini oshirish bo'yicha tadbirlar amalga oshiriladi.

    Mis klasteri doirasida loyihalashtirish, injiniring, kon-geologiya ishlari, IT, marketing, transport kabi xizmatlarni autsorsing asosida rivojlantirish uchun 500 million dollarlik bozor shakllantiriladi. Klaster mis xomashyosidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirib, tarmoqda ish olib boruvchi tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

    Xomashyodan ko'ra qayta ishlangan mahsulotni eksport qilish iqtisodiyotga ko'proq foyda keltiradi. Shu bois, “Yoshlik-1 konini o'zlashtirish loyihasi” doirasida yiliga 65 million tonna ma'danni qayta ishlash quvvatiga ega bo'lgan 3-mis boyitish fabrikasini qurish ishlari ham jadal olib borilmoqda. U yerda kombinatga qarashli konlar, xususan, “Yoshlik-1” konidan olinadigan rudalar qayta ishlanadi.

    Bu aytishgagina oson bo'lgan, ammo ko'lami va ahamiyati nihoyatda keng loyiha. Obyekt uchun 106 gektar yer maydoni ajratilgan. Fabrika 2023-yilda ishga tushgach, mis ishlab chiqarish quvvati bir necha barobarga oshadi.

    — Qurilish jarayonidagi asosiy yer ishlari tugatilib, burg'ulash ishlari olib borilyapti. Hozirgi kunga qadar maydonni vertikal tartibga keltirish uchun burg'ulash va portlatish ishlari yordamida 4 million 370 ming kub metr tog' jinslari ajratib olingan, — deydi 3-mis boyitish fabrikasi bosh muhandisi Aziz Murodov. — 1076 ming kub metrlik maydonnni qattiq tog' jinslari yordamida tartibli jipslash ishlari olib borildi. Fabrika Markaziy Osiyo va Rossiyaning sanoat qurilishi bozorida yetakchi konsortsiumi “Enter Engineering” kompaniyasi hamda “Gazprombank”ning mashinasozlik divizioni korxonasi “Uralmashzavod” PAJ tomonidan barpo etilmoqda. Shartnomani moliyalashtirish maqsadida Rossiyaning “Vneshekonombank”i bilan 712 million yevro qiymatidagi 7 yil muddatga kredit kelishuvi imzolangan.

    Yangi mis boyitish fabrikasining barcha texnologik jarayonlari to'liq zamonaviy uskunalar yordamida avtomatlashtiriladi. Bu inson omilining texnologik jarayonlarga ta'sirini kamaytirib, mahsulot sifatini yaxshilaydi, mehnat sifatini oshiradi, shuningdek, favqulodda vaziyatlarni kamaytiradi.

    Fabrika tarkibida katta va mayda maydalangan ma'dan omborlari, o'rta va kichik maydalash majmualari, yanchish bo'limi bilan bosh korpus binosi, flotatsiya va suvsizlantirish bo'limlari, gidrometallurgiya tsexi, tayyor mahsulotni saqlash va jo'natish bo'limi, ta'mirlash-mexanik ustaxonalari, chiqindi xo'jaligi va boshqa bo'linmalarni qamrab oladi. Ularning har biri aniq vazifalarga yo'naltirilgan bo'lib, misni boyitish jarayoni ketma-ketlikda amalga oshiriladi. Tayyor kontsentrat konveyer tasmalari yordamida mis eritish zavodiga yuboriladi, fabrika chiqindilari esa quvurlar orqali maxsus saqlash omboriga jo'natiladi va joylashtiriladi.

    Loyiha doirasida, shuningdek, 1,5 ming kishiga mo'ljallangan quruvchilar shaharchasi va direksiya binolari qurilishi yakunlanib, qo'shimcha 1,8 mingta quruvchi uchun ikkinchi shaharcha bunyod etilmoqda va uning yakunlanishi 2022-yilning fevral oyiga rejalashtirilgan.

    3-mis boyitish fabrikasi bilan birga, uning faoliyatini barqaror ta'minlash maqsadida soatiga 23 ming kub metr quvvatiga teng suv ta'minoti ob'ektlari hamda 360 ming tonnalik yangi ohak zavodi qurilish ishlari ham tashkillashtirilgan.

    Kombinat tarkibida barpo etiladigan mashinasozlik zavodi esa oshirilgan quvvatlarni mahalliy texnologik uskunalar, ehtiyot va butlovchi qismlar bilan to'liq ta'minlaydi. Zavod mis boyitish fabrikalari uchun maydalagichlar, tegirmon kabi uskunalar hamda butlovchi-ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish imkoniyatini beradi. Uning tarkibida quyuv, mexanik-yig'uv va nostandart uskunalar tsexlari hamda rezinatexnika buyumlar, butlovchi qismlarni tayyorlash, chilangarlash va presslash uchastkalari faoliyat yuritadi. Loyihani amalga oshirish natijasida 3-mis boyitish fabrikasi va tog'-kon kompleksi uchun 35 turdagi 100 million dollarlik jihoz va ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi. Gidrotsiklonlar, konus qoplamasi, tegirmon futerovkasi, zanjir bo'linmasi va metizlar mahalliylashtiriladi.

    Muxtasar aytganda, bu kabi yirik loyihalar yurtimizning qimmatli ma'danlar, xususan, mis qazib olish va konchilik salohiyatidan unumli foydalanish, xomashyo va tayyor mahsulot ishlab chiqarib, eksport qilish quvvatlarini oshirishga qaratilgan. Zero, O'zbekiston yaqin kelajakda mis ishlab chiqarish va mis zaxirasi bo'yicha dunyoda yetakchi davlatga aylanishi uchun imkoniyatlarimiz yetarli.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri