Mamlakatimizda keksalarning hayot darajasi va sifatini yana-da yaxshilash, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash koʻlamini kengaytirish, yoshi ulugʻ insonlar ayniqsa, urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy va moddiy qoʻllab-quvvatlash masalasi muntazam ravishda davlatimiz ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanib kelgan.
Yurtimizda keksalarni ana shunday ulugʻlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar jahon hamjamiyatining ham eʼtiboridan chetda qolmayapti.
Janubiy Koreyada chop etiladigan “Senior Guide” (시니어가이드) jurnalining fevral sonida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yurtimizda keksalarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar, ularning hayot darajasi va sifatini yana-da yaxshilash, moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatish va eʼtiborni kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar haqida hikoya qiluvchi “Keksa avlod vakillarini hurmat qilish va ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatish har bir oʻzbekistonlikning burchidir” sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqola muallifi - ushbu jurnal yetakchi muharriri Song Chjong Ukning qayd etishicha, keksalarga hurmat va ehtirom koʻrsatish oʻzbek xalqining azaliy anʼanalaridan biridir. Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasida ham aholini ijtimoiy himoya qilish asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda urush qatnashchilari va mehnat faxriylari ijtimoiy qoʻllab-quvvatlamoqda. Ularga bepul tibbiy yordam koʻrsatilib, dam olish maskanlarida davolanmoqda, jamoat transportidan bepul foydalanmoqda.
Maqolada yozilishicha, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2016-yil 28-dekabr kuni imzolangan Oʻzbekiston faxriylarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasining faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi farmon ham keksa yoshdagi fuqarolarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimi samaradorligini yana-da oshirish, ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida toʻla huquqli ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, katta avlodning jamiyat, oilalar va mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, shuningdek yosh avlodni xalqimizning koʻp asrlik anʼanalarini hurmat qilish ruhida tarbiyalash ishidagi rolini oshirishga qaratilgan.
Farmonda faxriylarning Oʻzbekistonni yangilash va rivojlantirishning maʼnaviy-axloqiy negizlarini mustahkamlashda mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, oqsoqollar, keksa yoshdagilar va nogironlarni yoshlarni Vatanga muhabbat, keksa avlod kishilarini hurmat qilish, ezgulik va rahmdillik singari xalqimizning koʻp asrlik anʼanalarini eʼzozlash ruhida tarbiyalashga yoʻnaltirilgan ijtimoiy faoliyatga jalb etish ishlarini sifat jihatidan yangi miqyosga olib chiqish koʻzda tutilgan, deyiladi maqolada.