Oʻzbekistonda “koronavirus”ga bagʻishlangan hujjatli film suratga olinmoqda

    Madaniyat 13 Avgust 2020 808

    “Oʻzbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga binoan “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK tomonidan “Sinovli kunlar” nomli hujjatli film suratga olinmoqda.

    Bugun dunyoda pandemiya davri hukm surmoqda! Yer yuzini egallagan SOVID-19 infeksiyasi yurtimizni ham chetlab oʻtmadi. Ushbu filmda respublikamizga koronavirus infeksiyasining kirib kelishi, tarqalishi va unga qarshi kurashish jarayonlarida Davlat rahbari hamda xalqning hamjihatlikdagi kurashi, milliy qahramonlarimizga aylangan shifokorlar, harbiylar, shuningdek, shunday sinovli kunlarda yordamga tayyor turgan xalq vakillari, qiyinchilik kunlarda bir-biriga muruvvat koʻrsatganlar haqida hikoya qilinadi.

    Filmning suratga olish ishlari Xorazm, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Andijon viloyatlari hamda Toshkent shahrida boʻlib oʻtmoqda. Film rejissyori va ssenariy muallifi Doniyor Shokirov, operator Said Dalilxon Said Turgʻutxonov.

    - Filmdan koʻzlangan maqsad yurtdoshlarimiz boshiga tushgan shunday sinovli kunlarni sabr va bardosh, kuchli iroda, birdamlik, hamjihatlik bilan yengib oʻtishga qaratilgan. Va albatta, pandemiya davrida kasbiga sadoqat bilan el xizmatida yurgan ayrim soha vakillari, jumladan, shifokorlar, IIV hamda Milliy Gvardiya xodimlari, shuningdek, bemor, yordamga muhtoj kishilarga koʻmak berish ilinjida yurgan koʻngillilarga bagʻishlanadi, - deydi rejissyor Doniyor Shokirov.

    “Oʻzbekkino” milliy agentligi Axborot xizmati