Oʻzbekistonda maymun chechagi xastaligiga qanday tayyorgarlik koʻrilmoqda?

    Soʻnggi kunlarda dunyoda Maymunchechak boʻyicha vaziyat tahlikali holatga kelayotganligi toʻgʻrisida xabarlar tarqalmoqda. Ushbu kasallikka qarshi Oʻzbekistonda qanday choralar koʻrilmoqda?

    Bu haqda Sanepidqoʻmita boshqarma boshligʻi Rustamjon Ikramov maʼlumot berib oʻtdi.

    — Oʻzbekiston Respublikasida maymun chechagi kasalligining chetdan kirib kelishi va uni tarqalib ketishining oldini olish yuzasidan maʼlum chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Jumladan, joylardagi virusologiya laboratoriyalari qayta tayyorgarlikdan oʻtkazilyapti. Maymun chechagi kasalligini tashxislash uchun zarur boʻladigan diagnostika va test tizimlarini olib kelish yuzasidan ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, 2023-yilda berilgan PSR testlarini joylarga yetkazib berilyapti. Ushbu kasallikdan gumonlangan holatlarda kasallikni tashxislashni oʻtkazish yuzasidan xalqaro tajriba oʻrganilyapti. Mutaxassislarning koʻnikmasini shakllantirish boʻyicha videokonferensial aloqa orqali laboratoriya xodimlari va shifokorlarning bilim-salohiyati oshirilmoqda.