Loyihadan koʻzlangan maqsad tadbirkorlikni ragʻbatlantirish, sanoatni rivojlantirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash maqsadida mamlakat hududlarida loyihalarni moliyalashtirishdan iborat. Ushbu tashabbus investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyatini ragʻbatlantirishning yangi tizimining tarkibiy qismlaridan biri boʻlib, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan faol joriy etilyapti.
MSX toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish hamda zamonaviy sanoat zonalarini tashkil etish orqali kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlashga yordam beradi. Ushbu zonalar tadbirkorlar sanoat loyihalarni amalga oshirishlari uchun zarur boʻlgan tarmoq va savdo infratuzilmasini hamda ishlab chiqarish majmualarini oʻzida mujassam etgan tayyor sanoat hududlaridir.
Ushbu konsepsiya yer uchastkalari sotib olishni hamda u yerda Vazirlikning hududiy boʻlinmalari, Strategik rivojlanish agentligi va yuqorida qayd etilgan yangi tizim doirasida tashkil etilayotgan hududiy loyiha guruhlari tomonidan birgalikda belgilanadigan hududning salohiyati va ehtiyojlari asosida tegishli tarmoq ixtisoslashuviga muvofiq sanoat zonalari va texnoparklarni qurishni nazarda tutadi.
Kelajakda sanoat zonalarining maydonlari muntazam daromadni shakllantiruvchi, past xavfli tijoriy koʻchmas mulk koʻrinishidagi aktiv sifatida xorijiy investorlar uchun jozibador boʻlishi mumkin.
MSX xalqaro ekspertlar bilan birgalikda sanoat zonalar konsepsiyasini ishlab chiqishni tashkil etadi, raqobatga asoslangan tartibga muvofiq tadbirkorlarning loyihalarini joylashtirish uchun zarur boʻlgan tutash infratuzilma, bino va inshootlarni loyihalash va qurishni muvofiqlashtiradi. Shunday qilib, mahalliy tadbirkorlarning loyihalariga kiritilayotgan investitsiyalarning katta qismi MSX tomonidan qoplanadi.
Umuman olganda, tashabbus hududiy ichki mahsulotini koʻpaytirish, sanoat salohiyatini yuksaltirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, tadbirkorlar hamda kapitalni birlashtirish, texnologik salohiyatni yuksaltirish va byudjet daromadlarini oshirishga moʻljallangan, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.