Bu haqda AOKAda boʻlib oʻtgan brifingda Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Muzaffar Komilov maʼlum qildi.

2017-2021-yillar mobaynida respublikamizda 49 ta yangi jomeʼ masjid ochildi. Jumladan, 2021-yilda 9 ta yangi masjid oʻz faoliyatini boshladi. Hozirda masjidlarning umumiy soni 2088 tani tashkil etadi. Ulardan, 2016 tasi jomeʼ, 72 tasi esa mahalliy masjid maqomida.

Umuman olganda ushbu davrda 69 ta diniy tashkilotlar roʻyxatdan oʻtgan. Jumladan, 49 ta yangi masjidlar va 3 ta madrasa tashkil etildi hamda boshqa konfessiyalarga mansub 17 ta diniy tashkilotlar roʻyxatdan oʻtkazildi va ularning umumiy soni 191 taga yetdi.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va tizimdagi takshilotlar va diniy soha xodimlarining 58 ta veb-sayti, 166 ta “Telegram” kanali, 200 ta “Feysbuk” sahifasi hamda “Youtube” videoxostingida 21 ta kanali faoliyat olib bormoqda. Tahlillarga koʻra umumiy Internet foydalanuvchilarning qamrovi 5 mln.dan ortadi.

Yurtdoshlarimizning sof diniy masalalarda toʻgʻri va ishonchli maʼlumot olishlari uchun 78-150-33-44 telefon raqamiga murojaat qilib, malakali mutaxassislardan javob olish mumkin.

Ramazon oyi munosabati bilan tunu kun ishlaydigan maxsus Koll-markaz faoliyati ham yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bir kunda 1000 dan ortiq savol-javoblar boʻlmoqda.