Kecha, 29 dekabrь kuni Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida tadqiqotning keyingi bosqichi sifatida Oʼzbekistonda koʼp oʼlchamli kambagʼallik tushunchasining xususiyatlari yuzasidan davra suhbati oʼtkazildi. Unda tegishli vazirlik va idoralarning masʼul xodimlari ishtirok etishdi. Tadbirda UNICEF tadqiqot markazining (Innochenti) xalqaro eksperti Gvizer Ris (Gwyther Rees) zum platformasi orqali onlayn qatnashdi. Ekspert koʼp oʼlchovli kambagʼallikni oʼlchash boʼyicha xalqaro tajriba va eng yaxshi amaliyotlar boʼyicha maʼlumot berdi.

Davra suhbati UNICEFning Oʼzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan UNICEFning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo boʼyicha mintaqaviy byurosi va UNICEF tadqiqot markazi (Innochenti) koʼmagida tashkil etildi.

Ushbu davra suhbatini oʼtkazishdan maqsad, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ilmiy xodimlari tomonidan ishlab chiqilgan koʼp oʼlchamli kambagʼallik tavsifini aniqlash boʼyicha soʼrovnomaning dastlabki loyihasini muhokama qilishdan iborat.

Loyiha boʼyicha ekspertlar tomonidan bir qancha asosli va ahamiyatli takliflar berildi. Berilgan takliflarni hisobga olgan holda soʼrovnoma takomillashtirilib, respublikaning barcha hududlarida aholi oʼrtasida soʼrov oʼtkazish koʼzda tutilgan boʼlib, uning natijasida koʼp oʼlchamli kambagʼallikning xususiyatlari aniqlanadi.

2021 yilning may oyi oxirida Oʼzbekistonda ilk bor aholining minimal isteʼmol xarajatlari (MIX) qiymatining dastlabki hisob-kitoblari eʼlon qilindi. MIX bir oila aʼzosi uchun kishi boshiga bir oyda 440 000 soʼmni, shundan oziq-ovqat xarajatlari 69 foizni va nooziq-ovqat xarajatlari 31 foizni tashkil etdi. Shunday qilib, mamlakatda monetar kambagʼallikni oʼlchashga harakat qilindi.

“Maʼlumki kambagʼallik atamasi maʼlum bir universal taʼrifga ega emas. Har bitta davlat oʼzining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda milliy taʼrifni yuritadi. Biz ham xuddi shu maqsadda koʼp oʼlchamli kambagʼallikni Oʼzbekiston xususiyatlaridan kelib chiqqan holda aynan nima tushuniladi, qanday oʼlchamlar kiritib borishi kerakligi boʼyicha bugungi davra suhbatida muhokama qildik. Xalqaro tajribalardan qaraydigan boʼlsak, yetarli ozuqaga ega boʼlish, maʼlum bir standartlarga mos keluvchi uy boʼlishi, elektr tarmogʼi, sogʼliqni saqlash va taʼlim olish imkoniyatining mavjudligi hisobga olinadi. Lekin bularning hammasi umumiy tushunchalar. Аynan uning minimal darajasi, sifat darajasi qanday boʼlishi kerakligi milliy konsultatsiyalar orqali aniqlab boriladi. Misol uchun, kambagʼallikni milliy oʼlchovi joriy etilishi Oʼzbekistondagi aholini turmush tarziga xos boʼlgan hususiyatlarni aks ettirgan holda uning farovonlik darajasini oʼlchash imkonini beradi,” – deydi UNICEFning Oʼzbekistondagi vakolatxonasi Ijtimoiy siyosat masalalari boʼyicha maslahatchisi Umid Аliyev.

Suhbat davomida ekspertlar tomonidan inson yoki oilaning farovonligi haqida umumiy eʼtirof etilgan taʼrifning yoʼqligi qayd etildi. Odatda, bu kabi tushuncha bir necha tarkibiy qismlar: sogʼliqni saqlash, taʼlim, sifatli oziq-ovqat, uy-joy, bandlik va boshqa shunga oʼxshash imkoniyatlardan iborat.

“Nima uchun kambagʼallikni oʼlchash muhim hisoblanadi? Hozirgi kunda dunyo aholisining 9,2 foizi kambagʼallik chegarasidan pastda. Kuniga 1,9 dollar daromad topish kambagʼallikning chegarasi hisoblanadi. 107 ta rivojlanayotgan davlatda 1,3 mlrd. aholining hayot tarzi koʼp oʼlchamli kambagʼallik kriteriyalariga toʼgʼri keladi. Yaʼni, koʼp oʼlchamli kambagʼallikda nafaqat daromadlar boʼyicha, balki yashash sharoitlari ham hisobga olinadi. Ular asosan sogʼliqni saqlash, sanitariya holati va yashash hududidagi infratuzulma, xavfsizlik darajasi kabi koʼplab koʼrsatkichlar bilan oʼlchanadi.

Bolalar kambagʼalligi katta yoshdagi aholi qatlamidagi kambagʼallikni aniqlashga nisbatan ancha muhmroq hisoblanadi. Chunki yoshlikda ortirilgan nuqson insonning butun hayoti davomidagi faoliyatiga oʼz salbiy taʼsirini koʼrsatadi.

Kambagʼallikning miya faoliyatiga salbiy taʼsiri ilmiy tadqiqotlar natijasida aniqlangan boʼlib, kambagʼal aholi qatlamida oʼzlashtirish darajasi nisbatan pastroq boʼladi. Qolaversa, butun hayotidagi faoliyati davomida daromad topishi koʼrsatkichi nisbatan past boʼlganligi isbotlangan,” deydi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ilmiy xodimi Hasan Majidov.

Oʼzbekiston aholisining 1/3 qismini bolalar va yoshlar tashkil etganligi sababli bolalar orasida kambagʼallikni oʼlchash muhim hisoblanadi. Birinchi marotaba 2017 yilda yurtboshimiz tomonidan kambagʼallik mavzusi tilga olindi. Shundan soʼng Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan kambagʼallikni oʼlchash borasida bir qancha izlanishlar olib borildi va tadqiqot ishlari amalga oshiriladi.

Keyingi 5 yil davomida boshqa mamlakatlar tajribasidan foydalangan holda Oʼzbekistonda ijtimoiy himoya tizimi sezilarli darajada yaxshilanadi. Kambagʼallik chegarasini aniqlashga yondashuvlarda monetar va nomonetar usullar qoʼllaniladi. Qoʼyilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida kambagʼallikni oʼlchashning nomonetar usullarini paralel ravishda oʼrganish rejalashtirilgan. Xususan, UNICEF usuli-Multidimensional Overlapping Deprivation Analysis (MODA) va BMTTD usuli - koʼp oʼlchovli kambagʼallik Multidimensional Poverty Index (MPI).

MODA metodologiyasi asosan bolalar darajasida kambagʼallikni oʼlchash uchun qoʼllaniladi, yaʼni asosiy eʼtibor bolalarga qaratiladi. MPI metodologiyasi Oʼzbekistonda ikki koʼrsatkichni birlashtirib ham kattalar ham bolalar orasida nomonetar koʼp oʼlchamli kambagʼallik darajasini oʼlchash uchun qoʼllanadi, qolaversa, alohida uy hoʼjaliklari qamrab olinadi. MODA metodologiyasida yoshga doir koʼrsatkichlar alohida beriladi, yaʼni soʼrovnomalar oʼtkazilganida chaqaloqdan 5 yoshgacha, 5 yoshdan 17 yoshgacha va 17 yoshdan yuqori boʼlgan aholi qatlami uchun alohida savollar tuziladi. MPI metodologiyasida bu imkoniyat mavjud emas. Shu sababli bu ikki metodologiyani birlashtirib oʼlchovlar ishlab chiqiladi.

Davra suhbati davomida Karomat Nurullayev ushbu ikkala metodologiyani ham qoʼllab koʼp qirrali nomonetar kambagʼallikni oʼlchagan Аrmeniya davlatida olib borilgan tadqiqot natijalari bilan tanishtirdi.

Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan savolnoma uchun koʼrsatkichlarni ishlab chiqishda aholining qishloq va shaharda yashovchi qatlamlari uchun alohida qolaversa, koʼp qavatli uyda turuvchi aholi bilan hovlili uylarda yashovchi aholi qatlamlari uchun alohida ishlab chiqish taklifi berildi.

Mehnat bozori tadqiqotlari instituti yetakchi ilmiy xodimi Xusniyaxon Oftobxoʼjaeva uy xoʼjaliklarida turli yosh qatlamlaridagi aʼzolar yashashini hisobga olib qariyalar, yoshlar va bolalar uchun alohida soʼrovnomalar boʼyicha koʼrsatkichlar aniqlanishi zarurligini taʼkidladi.

Mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash vazirligi eksperti Ravshan Isamutdinov aholini jinsi boʼyicha ajratib alohida soʼrovnomalar oʼtkazish taklifin kiritdi. Ikkinchi navbatda aholining hunari bor yoʼqligi boʼyicha ham koʼrsatkich ishlab chiqish taklifini berdi.

Seminar koʼp oʼlchovli kambagʼallikni oʼlchash va Oila farovonligi indeksini hisoblash boʼyicha milliy metodologiyani ishlab chiqish va amalga oshirish uchun asos boʼlib xizmat qiladi. Ushbu oʼlchovlar Oʼzbekistonda kambagʼallikni kamaytirish va oilalar farovonligini oshirish boʼyicha kompleks chora-tadbirlarni belgilash uchun foydali maʼlumotlar beradi.

Markaz iqtisodiyotning holatini va uning istiqboldagi rivojlanishini tahlil qiladi, barqaror iqtisodiy oʼsishni taʼminlaydi, aholining turmush darajasi va sifatini oshirishda yordam beradi, shuningdek, mamlakatning iqtisodiy strategiyasini amalga oshirishni ilmiy qoʼllab-quvvatlaydi va mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni baholaydi.