Bugun mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini yangi bosqichga koʻtarish, pedagog kadrlar tayyorlash sifatini ilgʻor xalqaro standartlar asosida takomillashtirish va oliy pedagogik taʼlimga qamrov darajasini oshirish borasida qator ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirilganiga guvohmiz.

Xususan, pedagog kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan bir nechta oliy taʼlim muassasasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Mazkur taʼlim sohasi boʻyicha xorijiy davlatlar bilan qoʻshma taʼlim dasturlari tashkil etildi. Oliy pedagogik taʼlimni rivojlantirishning huquqiy-meʼyoriy asoslari mukammal ravishda yaratildi.

Mazkur holat pedagogika sohasi uchun yuqori malakali kadrlar yetkazib berish borasida kadrlar tayyorlash sifatiga eʼtiborni kuchaytirish, sohada ilgʻor xorijiy tajribani keng joriy etish, pedagogik taʼlim infratuzilmasini rivojlantirishga asos boʻlmoqda.

Sotsiologik tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, pedagogika sohasini tubdan isloh qilish borasida oʻtkazilgan islohotlar samarasi oʻlaroq, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda abituriyentlar orasida pedagogika universitetlariga kirishga qiziqish bir necha marotaba oshgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻtgan yillar davomida sohaga doir qabul qilgan qator qaror va farmonlari oliy pedagogik taʼlimni tashkil etish va rivojlantirishning konseptual masalalarini belgilab berdi.

Sohadagi oʻzgarishlar jarayonida tarbiya va oʻqitish usullari, axborotkommunikatsiya texnologiyalari hamda xorijiy tillarni puxta oʻzlashtirgan, taʼlim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qoʻllash koʻnikmalariga ega professional pedagog kadrlar tayyorlash ustuvor yoʻnalish sifatida oʻz ahamiyatini yanada oshiradi.

Jamiyatimizda pedagog nufuzining ortib borishi, kuchli targʻibot va ragʻbatlantirish siyosati natijasida pedagoglik kasbiga qiziqishi yuqori boʻlgan yoshlarni aniqlash hamda ularni maqsadli tayyorlab va tarbiyalab borishning uzluksiz tizimini joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Albatta, bu jarayon pedagoglardan koʻp mehnat va yangicha yondashuvni talab qiladi.

Xususan, pedagogik taʼlim sohasining yoʻnalish va mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv reja va dasturlarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, innovatsion oʻquvmeʼyoriy va taʼlim resurslarini yaratish hamda amaliyotga joriy etish sohasida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishilmoqda.

Shu bilan birga, hozir Toshkent davlat pedagogika universitetida yaratilgan taʼlim resurslarini takomillashtirib borish boʻyicha keng qamrovli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Yurtimiz oliy pedagogik taʼlim tizimi 19 ta oliy oʻquv yurti bilan birga oxirgi yillarda yangi ochilgan Oʻzbekiston — Finlyandiya pedagogika instituti hamda Samarqand, Andijon, Buxoro, Termiz, Qarshi davlat universitetlarining Pedagogika institutlari uchun tayanch boʻlgan Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda raqobatbardosh pedagog kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Hozir pedagogika sohasida ham taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish uygʻunligini taʼminlash orqali oʻqitish sifatini yaxshilash, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish bosh strategik maqsadlardan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.

Tahlillar shuni koʻrsatdiki, Toshkent davlat pedagogika universiteti bitiruvchilarining barchasi amaliyot oʻtagan, tajriba-sinov ishlarini olib borgan taʼlim muassasalariga ishga joylashgan. Mazkur natija pedagog kadrlar buyurtmachilarining ehtiyoj va talablarini muntazam oʻrganib borish, ular bilan oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishning mahsuli sifatida baholanishi mumkin.

Oliy pedagogik taʼlim sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va taʼlim texnologiyalarining mustahkam integratsiyasini taʼminlash bugungi axborot va global rivojlanayotgan jahon hamjamiyatining asosiy talablaridan biri hisoblanadi. Mazkur sohada Toshkent davlat pedagogika universiteti ham salmoqli koʻrsatkichlarga ega. Xususan, universitetda onlayn hujjat almashish, talabalarning amaliy mashgʻuloti, mustaqil taʼlim, bilimni baholash toʻliq elektron taʼlim vositalari orqali bajariladi.

Toshkent davlat pedagogika universiteti tashabbusi bilan 2020-yil dekabr oyida Milliy pedagogik taʼlim muassasalari assotsiatsiyasi tashkil qilindi. Uning asosiy maqsadi pedagogik taʼlim tizimini rivojlantirish strategiyasini belgilash, pedagogik taʼlim xizmati samaradorligini oshirish va pedagogik taʼlim muassasalarini xalqaro reytingga kirishi uchun tayyorlashga koʻmaklashishdan iborat.

Assotsiatsiya tomonidan qisqa vaqt ichida ilgʻor xorijiy tajribalar tahlili asosida oliy pedagogik taʼlim sifatini oshirishga koʻmaklashish, oʻquv dasturlarini takomillashtirish va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish yuzasidan amaliy takliflar ishlab chiqildi. Shuningdek, pedagogik taʼlim muassasalarining faoliyatida shaffoflik va xolislik tamoyillari toʻlaqonli amal qilishini taʼminlash, tizimda kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va ularning ilmiy-innovatsion faoliyatini rivojlantirish boʻyicha ishlarni maqsadli tashkil etish boʻyicha ikkita xalqaro grant bajarilmoqda.

niversitetning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xalqaro miqyosda tanilishi va raqobatbardoshligini taʼminlash borasida Jahon banki Akademik innovatsiyalar fondining “Oliy taʼlim muassasalarida pedagogika va psixologiya fanini oʻqitish amaliyoti va ong osti sohasiga doir taʼlim berish jarayonini takomillashtirish” nomli granti bajarilmoqda. Uning umumiy qiymati 200 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Hozir pedagogik taʼlim muassasalarining faoliyati samaradorligini baholash va takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlanmoqda.

Toshkent davlat pedagogika universitetida soʻnggi yillarda hamkorlik oʻrnatilgan xorijiy taʼlim muassasalari soni ikki barobar oshib, hozir 127 tani tashkil qilmoqda. Ayni paytda universitetimizda pedagogikaning dolzarb muammolariga bagʻishlangan 4 ta xalqaro Erasmus loyihasi bajarilmoqda.

Oliy taʼlim muassasalariga kirish kvotalari besh yil avvalgi 9 foizdan bu yil 28 foizgacha oʻsdi. Birgina Toshkent davlat pedagogika universitetiga qabul kvotasi soʻnggi besh yilda 65 foiz oshib, 2021-yilda davlat buyurtmasi boʻyicha talabalikka qabul qilish yuzasidan kvota 3 ming 909 tani tashkil qildi. Shunga mos ravishda universitet bitiruvchilari soni ham yildan- yilga sezilarli darajada oshib, 2017-yilga nisbatan 190 foizga koʻpaydi.

Pedagogika sohasida ilmiy pedagog kadrlarga ehtiyojni taʼminlash maqsadida oliy taʼlim muassasalarida maqsadli doktorantura va doktoranturaga tayyorlov bosqichida stajyor-tadqiqotchi instituti vujudga keldi va doktoranturada tahsil olayotganlar soni ikki baravar oshdi. Xususan, Toshkent davlat pedagogika universitetining ilmiy salohiyati soʻnggi besh yilda 35 foizdan 47 foizga yetdi.

Pedagogika sohasida Scopus ilmiytexnik maʼlumotlar bazasi jurnallarida maqolalar nashri uch marotabaga koʻpaydi. Niderlandiyaning “Elsevier” kompaniyasi bilan Digital Commons (Bepress) platformasi negizida “Oʻzbekiston ilmiy jurnallari” portali yaratildi. Mazkur portalga mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalarining 41 ta ilmiy jurnali joylashtirilgan boʻlib, ularning barchasida oliy pedagogika sohasida kadrlar tayyorlashga bagʻishlangan ruknlar mavjud.

Universitetimizda soʻnggi yillarda 1 ming 811 nafar professor-oʻqituvchining xorijiy oliy taʼlim muassasalarida stajirovka oʻtashi va malaka oshirishi taʼminlandi. Xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy oliy taʼlim va ilmiy muassasalar magistratura mutaxassisligiga 112 nafar, doktoranturaga 51 nafar yosh taʼlim olishga qabul qilindi. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali 46 nafar professor-oʻqituvchining Kanada, Buyuk Britaniya va Italiyada stajirovka oʻtashi taʼminlandi.

Abdulla Avloniyning hayoti va ijodi hamda uning “Turkiy Guliston yoxud axloq” nomli shoh asari Toshkent davlat pedagogika universiteti ilmiy jamoasi tomonidan ingliz, rus, qozoq tillariga tarjima qilindi. Hozir turk va nemis tillariga oʻgirilmoqda.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, uzluksiz taʼlimning barcha boʻgʻini uchun pedagog kadrlar tayyorlash borasida olib borilayotgan tizimli islohotlar yuksak madaniyatli, amaliy kasbiy koʻnikmaga ega, tarbiya, oʻqitish metodlari va baholash mezonlarini puxta egallagan zamonaviy pedagog kadrlarni shakllantirish jarayoni samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.