“Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda ommaviy axborot vositalari sohasida katta oʻzgarishlar roʻy berdi, – deyiladi maqolada. -Ayniqsa, jamoatchilik nazorati, davlat organlari faoliyatida shaffoflikni taʼminlash, jamoatchilik fikrini shakllantirish va demokratik qadriyatlarni mustahkamlash masalalarida”.

Muallif 2022-yilda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi qonun hujjatlarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanganini eslatib oʻtgan.

“Yaʼni, ochiq axborot sifatida eʼlon qilinishi lozim boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga ega maʼlumotlar roʻyxatiga kiritilgan axborotlarni oshkor etmaslik, eʼlon qilish muddati va tartibiga rioya qilmaslik yoki axborotni qalbakilashtirish uchun javobgarlik belgilandi, — deya tushuntiradi u. -Oʻzbekistonning yangilangan Konstitutsiyasining 81-moddasida ham ommaviy axborot vositalari erkinligi hamda bu erkinlikning kafolatlari va shartlari belgilangan”.

Maqolada taʼkidlanganidek, koʻrilgan chora-tadbirlar milliy ommaviy axborot vositalariga jamoatchilik nazorati funksiyalarini faol bajarish imkonini beryapti. Qayd etilishicha, ular amalga oshirilayotgan islohotlarga eʼtibor qaratib, aholini oʻylantirayotgan masalalarni aniqlash va hal etishga koʻmaklasha boshlagan. “Birgalikdagi harakatlar davlat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatiga, ular faoliyatidagi jiddiy kamchiliklarni bartaraf etishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Oʻzbekiston Prezidenti bir necha bor taʼkidlaganidek, ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar “xalq ovozi va fikrini keng jamoatchilikka va davlat organlariga yetkazuvchi eng taʼsirli kuchdir”, — deb yozgan muallif maqola xulosasida. Bu haqda “Dunyo” AA xabar beradi.