ELEKTOMOBIL SANOATI: KELAJAK SARI MUHIM QADAM

Tahlilchilarining fikricha, jahonda sotilgan yangi avtomobillarning umumiy hajmida elektromobillarning ulushi olti yildan keyin 33 foizga, 2035-yilga borib esa 54 foizga ortadi. Lekin dunyoda elektromobillar ishlab chiqarishning jadal rivojlanib borishi bu kabi muddat va koʻrsatkichlarga undan oldinroq erishilishidan ham dalolat bermoqda. Chunki, oʻtgan yilning oʻzida bunday mashinalar ulushi avtomobil bozorida 2 barobarga oʻsgan. Mamlakatimizning 2022-2026-yillarga moʻljallangan “Taraqqiyot strategiyasida “yashil iqtisodiyot” ga oʻtish, jumladan, elektromobillar ishlab chiqarish boʻyicha ham maqsadlar belgilangan.

Butungi kunda jaxondagi singari yurtimizda xam muqobil energiyada harakatlanuvchi avtomobillarga ehtiyoj oshib bormoqda Chunki, ushbu transport turi toza energiya yordamida harakatlanadi, uglerod chiqindilarini chiqarmaydi va atrof-muhitni ifloslantirmaydi. elektromobillarning yurish xarajati oddiy avtomobilga nisbatan 13 baravarga kam boʻlgani holda, 3 baravar kam issiqxona gazlarini ajratib chiqaradi.

Prezidentimiz 10-oktyabr kuni elektromobil tarmogʻini rivojlantirish va xizmat koʻrsatish qamrovini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan taniishi chogʻida xuddi shu kabi masalalar ham muhokamalar markazida boʻldi.

OʻZBEKISTONDA QACHON ELEKTROMOBIL ISHLAB CHIQARILADI?

Maʼlumki, ommaviy axborot vositalarida mamlakatimizda elektromobil ishlab chiqarilishiga oid xabarlar uch-toʻrt yildan buyon koʻzga tashlanib qoldi. Xususan, 2019-yilning may oyida “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida “Hyundai” elektromobillarini ishlab chiqarish rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi. Oradan koʻp oʻtmay Navoiy, Buxoro va boshqa hududlarda ham shunday mashinalar xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda tayyorlanishiga doir fikrlar bildirildi. Lekin bu loyihalar taqdiri hozircha nomaʼlum boʻlib turibdi.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 29-dekabrdagi qarorida “Oʻzavtosanoat” AJ xalqaro konsalting tashkilotlari va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, 2021-yil 1-fevralga qadar loyihalarni amalga oshirish aniq muddatlari, ishlab chiqarish quvvati, moliyalashtirish miqdori, davlat tomonidan beriladgan koʻmaklar va boshqa maʼlumotlarni nazarda tutib, jamiyatda faqat elektr dvigatel orqali harakatlanadigan yengil avtomobillar va mototransport vositalarini ishlab chiqarish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan edi. Hujjatda keyingi yil Davlat byudjetini shakllantirishda elektr dvigatel orqali harakatlanadigan avtomototransport vositalari respublika hududida xarid qilinganda va (yoki) vaqtinchalik olib kirilganda, ularni ichki ishlar organlarida roʻyxatdan oʻtkazishda uning egalari (ulardan foydalanuvchilar) tomonidan toʻlanadigan yigʻimlarni bekor qilishi, joylarda zaryadlash qurilmalarini barpo etishga qaratilgan “yoʻl xaritasi” ni ishlab chiqish vazifasi qoʻyilgan edi.

Yaqinda Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati dastlabki elektromobillar joriy yilning dekabr oyida test rejimida ishlab chiqarilishini rasman eʼlon qildi. Qayd etilishicha, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Fargʻona shahrida mazkur loyihani amalga oshirayotgan “Central Asia Motors” korxonasida boʻlib, uni ishga tushirish bilan bogʻliq jarayonlar bilan tanishgan.

Fargʻona mexanika zavodi hududida joylashgan ushbu korxonada umumiy qiymati 50 million dollar boʻlgan “Elektromobillar uchun ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishni oʻzlashtirish hamda yengil va yuk elektromobillar tayyorlash” loyihasi hayotga tadbiq etilmoqda. Ushbu loyihaning 5 million dollari tadbirkorning oʻz mablagʻlari, yana 5 million dollari bank krediti boʻlsa, qolgan 40 million dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya hisoblanadi.

Bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan loyiha natijasida 350 tadan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi. Toʻla quvvati bilan ishga tushgach, korxonada yillik 10 ming elektromobil ishlab chiqariladi.

Korxona bosh direktori Bahodir Ahmedov elektromobillarni yigʻish va sinovdan oʻtkazish sexlari, ishlab chiqarish jarayonlari haqida maʼlumot berar ekan, joriy yilning dekabr oyida 4 ta yengil va 8 ta yuk elektromobillari test rejimida yangi korxona konveyerlaridan chiqishini bildirgan. Hozirgi kunda mamlakatimizda ularni quvvatlantirish shaxobchalari ommalashmaganini hisobga olgan holda, dastlabki bosqichda gibrid quvvatli (tok va benzin) elektromobillar ishlab chiqarilib, bunda elektr quvvati 20 foizdan kamayganda benzin dvigateli ishga tushadi, yonilgʻida ishlash jarayonida elektromobil batareyasi quvvat oladi.

ISTIQBOLLI LOYIHALAR VA ULARNING AMALIY IJROSI

Joriy yil 14-fevral kuni mashinasozlikni rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bagʻishlangan yigʻilishda davlatimiz rahbari texnik talab va standartlarni, shuningdek, mahalliylashtirish masalalarini hisobga olgan holda, elektromobillar sanoatini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish boʻyicha topshiriq berdi.

Shundan kelib chiqib, joriy yilning 18-avgust kuni Oʻzbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasidagi Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo qoʻmitaning 6-yigʻilishi doirasida “Oʻzavtosanoat” AJ va “BYD Auto Industry” konserni ishlab chiqarishini tashkil etish toʻgʻrisida bitim imzoladi. Unga koʻra, tomonlar “BYD Chazor 05 Dmi” va “Song Plus Dmi” yengil avtomobillari ishlab chiqarish boʻyicha loyihani Oʻzbekistonning yangi energiya manbaida (NEV- gibridlar, elektromobillar) amalga oshiradi.

Maʼlumki, BYD avtokonserni elektromobillar sohasida yetakchi hisoblanadi. U yangi energiya manbalaridan foydalangan holda, yengil avtomobillar, krossoverlar, tijorat avtomobillari va avtobuslar ishlab chiqaradi. 2022-yilning birinchi yarmi yakunlariga koʻra, kompaniya 641 mingdan ortiq elektromobil sotgan. Bu unga AQSHning “Tesla” kompaniyasini ham ortda qoldirib, olti oy ichida elektromobillar savdosi boʻyicha jahon yetakchisiga aylanish imkonini berdi.

Aytish joizki, BYD elektromobillari Oʻzbekistonga ham kirib kelmoqda. Davlat statistika qoʻmitasining maʼlumotlariga qaraganda, mamlakatimizga shu yilning sakkiz oyida 1419 ta elektromobil import qilinib, bu utgan yilning mos davriga nisbatan 3 barobarga oshgan boʻlsa, shundan 1,3 mingtasi Xitoy avtokonsernlariga tegishli sanaladi.

Bundan uch kun avval Prezidentimiz elektromobil tarmogʻini rivojlantirish va xizmat koʻrsatish qamrovini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishishi chogʻida “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati rahbarlari bu borada xorijiy kompaniyalar bilan erishilgan kelishuvlar, oʻzlashtirilishi kutilayotgan modellar haqida axborot berdi.

— Har bir qarorimizda bir yillik emas, oʻn yilliklarni koʻzlashimiz kerak. Ekologiyani inobatga olib, kelajakni inobatga olib, bu tarmoqni hozirdan rivojlantirishimiz zarur. Buni qancha tez qilsak, avtomobil bozorida raqobat paydo boʻladi. Boshqa elektromobil kompaniyalari ham keladi, — dedi Prezidentimiz.

Sohada tajribaga ega xorijiy kompaniya bilan qoʻshma korxona tashkil qilib, ommabop elektromobillar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi.

— Mamlakatimiz elektromobillarni ommaviylashtirish va ishlab chiqarishni tashkil etish uchun bir necha ragʻbatlantiruvchi jihatlarga ega, — deydi “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov. — Elektr energiyasi narxining pastligi, iliq va iissiq iqlim (batareyalar kam quvvat yoʻqotadi) va qoʻshni davlatlarda bunday ishlab chiqarishlarning mavjud emasligi ular sirasiga kiradi.

“Oʻzavtoosanoat” AJ bunday ulkan loyihani amalga oshirish natijasida BYD avtomobillarining toʻliq siklli (CKD: shtamplash, payvandlash, boʻyash, yigʻish) ishlab chiqarishini tashkil etishga erishadi.

Shunisi eʼtiborga loyiqki, BYD uchun bu aslida chet elda ishlab chiqarishni kengaytirishning birinchi tajribasi, shuning uchun xitoyliklar unga alohida eʼtibor qaratyapti. Binobarin, yangi yilga qadar qoʻshma korxona oʻz faoliyatini boshlashi va keyingi yil oxiriga kelib konveyerlardan elektromobillar chiqishi moʻljallanyapti. Bundan tashqari, kelishuv shartlari mahsulotlarni mahalliylashtirish dasturini oʻz ichiga oladi. Keyingi bosqichlarda dvigatellar, elektrodvigatellar, shuningdek, batareyalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Davlatimiz rahbari taqdimotda elektrombillarning narxi arzon boʻlishi kerakligiga alohida eʼtibor qaratdi. Bu esa koʻp jihatdan butlovchi qismlarning mahalliylashtirilganlik darajasiga bogʻliq. Misol uchun, elektromobil tannarxining 30 foizini akkumulyator, 10 foizini elektr oʻtkazgichlar tashkil qiladi. Yurtimiz zaminidagi litiy, mis, grafit kabi xomashyo zaxiralaridan foydalanib, bunday qismlarni bemalol oʻzimizda ishlab chiqarish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

—Elektromobillarning oddiy avtomobildan ustun tomoni bu, foydalanish xarajatlarining kamligi, — deydi “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov. — 100 kilometr yoʻl uchun elektromobil (13 kVt soat) 3800 soʻmlik elektr energiyasi sarf qilsa, shu masofaga yonilgʻili dvigatelida harakatlanuvchi avtomobil (8 litr, RON 80 lik benzin 6500 soʻm ) 52 000 soʻm yoqilgʻi ishlatadi, yaʼni 13 baravarga koʻproq. Agar xaridor 1 yilda 20 ming km masofa yuradigan boʻlsa, 10 million soʻm atrofidagi mablagʻni iqtisod qiladi.

Bundan tashqari, elektromobillarda servis xarajati kam 30 foizga (moy, filtr, svecha yoʻq) kam. Elektromobillarga texnik xizmat koʻrsatish davriyligi 20 ming kilometr atrofida boʻlsa, oddiy avtomobillarga har 5-7 ming kilometrda texnik xizmat koʻrsatilishi lozim boʻladi.

Ogʻirlik markazi pastroqdaligi hisobiga uning turgʻunligi va boshqaruvchanligi yuqorigini va Blade Battery texnologiyasidagi akkumulyatorlarga ega elektromobillar juda xavfsiz (yonmaydigan va portlamaydigan) ekanligini ham qoʻshimcha qilish mumkin.

Oʻzbekiston avtomobil ishlab chiqarishdagi oʻzlashtirilgan chuqur texnologik jarayonlar (shtamplash, payvandlash, boʻyash, yigʻish ) va keng butlovchi qismlar ishlab chiqarish bazasiga ega mahalliylashtirish korxonalari mavjudligi boʻyicha Markaziy Osiyo davlatlari orasida ustun turadi. Bugungi kunda dvigatel va uning qismlari, isitish, ventilyatsiya va sovutish tizimi (HVAC), interyer va eksteryer detallari, metall va elektr qismlar va boshqa baʼzi asosiy materiallar mahalliylashtirilib, qoʻshma va soha korxonalarida ishlab chiqarilmoqda.

Ular tomonidan presslash, payvandlash, boʻyash, yigʻish, alyuminiy qoʻyish va mexanik ishlov berish kabi 200 dan ziyod texnologiyalar (OES) oʻzlashtirilgan. Mahalliylashtirish darajasini oshirish va mahsulot tannarxini tushirish uchun, ishlab chiqarishda zarur boʻlgan oyna, polipropilen, polietilen, mis xom-ashyolari mavjud.

Shu bilan birga, xususiy sektorda 300 dan ziyod butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat yuritmoqda. Ular Oʻzbekistonda elektromobillarni ishlab chiqarish va mahalliylashtirishga ham oʻz hissalarini qoʻshishlari uchun keng imkoniyatga ega..

Taqdimotda elektromobillarga xizmat koʻrsatish tarmogʻini kengaytirish masalasiga ham eʼtibor qaratilib, kelgusi ikki yilda joylarda ikki mingta quvvatlash stansiyalari tashkil etish vazifasi qoʻyildi. Bu stansiyalarga ham yer, mulk va foyda soligʻidan imtiyoz qoʻllaniladi. Tadbirkorlarga quvvatlash stansiyalari orqali elektrni erkin narxda sotish huquqi beriladi.

Ekspertlarning qayd etishicha, avtomobilsozlikda yuqori samarani hisobga olgan holda ishlab chiqarishning yangi yoʻnalishi muqarrar ravishda boshqa tegishli tarmoqlarning rivojlanishiga olib keladi. Mazkur yoʻnalishga jalb qilingan yuqori saviyali mutaxassislarga boʻlgan talab, oʻz navbatida, yosh avlodning zamonaviy kasblar boʻyicha sifatli taʼlim olishiga turtki beradi. Shu bois tarmoqqa ixtisoslashgan mutaxassislar tayyorlash muhim oʻrin tutadi.

Toʻgʻri, ayni kunda yurtimizda elektromobillarga texnik xizmat koʻrsatuvchi muhandislar mavjud emas. “Oʻzavtosanoat” AJ ularni ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish jarayonida malaka oshirish tizimini yoʻlga qoʻyilish orqali tayyorlashni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, Turin universiteti bilan dual taʼlim tizimi asosida, yangi “Sanoatda ishlab chiqarish texnologiyalari” yoʻnalishi tashkil qilindi va joriy yildan salohiyatli ishchi-xodimlarni oʻqitish boshlandi. Tashkil etiladigan markazlarda esa, har yili mingdan ziyod injener-texnik xodimlar oʻz bilim va malakalarini oshirib boradi.

Yuqori toifali muhandislar sonining koʻpayishi texnika fanlarini rivojlantirishga, shuningdek, korporativ va ishlab chiqarish madaniyatini xalqaro standartlarga muvofiq rivojlantirishga zamin yaratadi. Ayni chogʻda avtomobilsozlik sanoatining yuqori multiplikativligini hisobga olganda, ishlab chiqarishning yangi yoʻnalishi muqarrar ravishda boshqa tegishli turdosh tarmoqlar taraqqiyoti uchun lokomotiv vazifasini ham oʻtaydi

Abdurauf QORJOVOV,

iqtisodiy sharhlovchi