Atrofimizni sun'iy vositalar o'rab olgan bugungi davrda insonlar tabiiylikning qadriga ko'proq yeta boshladi. Bu barcha jabhalarda ko'zga tashlanyapti. Ayniqsa, to'qimachilik sanoatida tabiiy bo'yoqlarda bo'yalgan matolarning qiymati yanada ortib, odamlarning unga bo'lgan talab va qiziqishi kun sayin o'sib bormoqda.
Barcha zamonlarda alohida qadrlangan tabiiy bo'yoqlar sifatli va ekologik toza mahsulot bo'lgani uchun ham odamlar e'tiborini tortadi va hech qachon urfdan qolmaydi. Ular orasida qimmatbaho indigofera o'simligi barglaridan olinadigan indigo havorang bo'yog'i alohida ajralib turadi. Lotin tilidagi ma'nosi — “ranglar qiroli” nomi bilan dong taratgan bo'yoq etti iqlimga mashhur. Uning nomi, hatto tarixiy manbaalarda ham uchraydi. Ma'lumotlarga ko'ra, qadimgi Misr fir'avni Tutanxamonning indigo bilan bo'yalgan bir libosi 3,5 ming yil mobaynida o'z rangi va sifatini yo'qotmay saqlanib qolgan. Milliy tariximizda ham bunga misollar ko'p. Manbalarda yozilishicha, buyuk bobomiz Alisher Navoiyning to'niga ham indigo bo'yog'ida tus berilgan ekan.
Jahon bozorida tabiiy bo'yoqlar bilan rang berilgan matolarning qiymati ancha yuqoriligi bejiz emas. Boisi, ular ko'p vaqt mobaynida o'z sifatini yo'qotmaydi va o'zgarmay turadi. Yurtimizda ham bunday matolarga talab bor. Ammo respublikamizda tabiiy bo'yoq olinadigan o'simliklar deyarli etishtirilmagani bois, ular shu kunga qadar xorijdan qimmat narxlarda import qilingan.
Mahalliy ehtiyojni qondirish maqsadida o'tgan yili Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanidagi “TST Cluster” ko'p tarmoqli klasteri ilk bor indigofera o'simligini etishtirish va qayta ishlash loyihasiga qo'l urdi. Dastlabki yil korxona tomonidan 80 gektar maydonga o'simlikning “Feruz-1” navi, asosan, urug'lik olish maqsadida ekilib, parvarishlandi va undan bo'yoq hamda sifatli urug' olishga erishildi.
Tabiiy bo'yoq manbai
Indigofera o'simligining vatani Hindiston ekani aytilsa-da, u mo''tadil iqlim sharoitiga ega Misr, Yaponiya, Yevropaning janubiy mintaqalari, Rossiya va AQSH hududlarida ham yaxshi o'sgan. Odamlarning undan xabardorligi olis ming yilliklarga borib taqaladi. Uzoq vaqtlardan buyon ushbu mo''jizakor o'simlikdan bir necha yo'nalishlarda keng foydalaniladi. U qishloq xo'jaligida erlarning unumdorligini oshirishga yordam bersa, poliz ekinlari, mevali daraxtzorlar, choy va qahva plantatsiyalari hamda tokzorlar uchun azot manbai hisoblanadi. Tibet va Hind-Xitoy xalq tabobati, farmatsevtika sanoatida antibakterial va zamburuqqa qarshi vosita sifatida alohida qadrlanadi. O'simlik nomini ko'plab dori vositalari tarkibida uchratish mumkin. Osiyo va Evropa to'qimachilik sanoatida esa indigoferaga jun, ipak, paxta ip va matolarni bo'yash uchun olinadigan qimmatbaho indigo tabiiy bo'yog'i (ko'k rangdan to to'q qizil ranggacha) manbai sifatida qaraladi.
Bo'yi odatda 1-1,5 metrga boradigan indigofera o'simligi issiq iqlimga ega tropik o'lkalarda yaxshi o'sadi. Barglari uzunchoq, toq patsimon ko'rinishi bilan yodda qoladi. Dukkaklilar oilasiga mansub bu o'simlikni yovvoyi turlar qatoriga kiritib bo'lmaydi, shuning uchun u faqat madaniylashtirilgan shaklda o'stiriladi.
Indigofera avvallari respublikamizning tuproq-iqlim sharoitida sanoat maqsadlarida ekilmagan. Tarixiy manbalarda ham Markaziy Osiyoda uni sanoat maqsadlari va tabiiy bo'yoq olish uchun ekish bilan bog'liq ma'lumotlar uchramaydi. Bu boradagi tadqiqotlarni o'tkazish YUNESKO ilm-fan bo'limining O'zbekistondagi vakolatxonasining tashabbusi bilan 2005-2007 yillarda “O'zindigo” loyihasi doirasida boshlangan. Olimlar Orololdi yerlarining tabiiy sho'rlangan sharoitlarida bir qancha tajribalar o'tkazdi. Ammo bu qishloq xo'jaligiga doir tadqiqotlar edi.
Klasterda sanoat zanjiri to'liq o'zlashtirilmoqda
“TST Cluster”ning o'tgan yil aprel oyida yo'lga qo'ygan loyihasi esa o'simlikdan sanoat maqsadlarida foydalanishga oid ilk yirik amaliy qadamlardan biri bo'ldi. Noyob indigo bo'yog'ini olish maqsadida klasterning “Abay” va “Yulduz” hududlarida birinchi marta indigofera o'simligining xorijdan olib kelingan urug'lari ekildi. Qoidasiga ko'ra, o'simlik bo'yoq ishlab chiqarish xususiyatlarini yo'qotmasligi uchun ekilgandan so'ng 60-65 kun oralig'ida yig'ib olindi. Klasterda urug' sifatida terib olingan hosil joriy yilda qayta erga qadaladi. Mutaxassislar bitta maydondan mavsum davomida kamida 2 marta hosil olishni ko'zlagan.
— “TST Cluster”ning 80 gektar maydonida parvarishlangan indigoferaning “Feruz-1” navi Quyichirchiq tuproq-iqlimiga to'liq moslashdi, — deydi loyiha investori, O'zbekiston paxta-to'qimachilik klasterlari uyushmasi raisi, senator Murtazo Rahmatov. — Birinchi yilning o'zida import o'rnini bosuvchi tabiiy pigmentli bo'yoq olishga muvaffaq bo'ldik. 1 gektar maydondan o'rtacha 18 tonna ko'k massa, 36 kilogramm pigment olindi. Jami maydonning 20 gektaridan tajriba sifatida bo'yoq olingan bo'lsa, qolgan erlarda joriy yilda ekish uchun sara urug'lik etishtirildi. 2021-yilda 200 gektar erga indigofera o'simligini qadab, har gektar maydondan o'rtacha 40-60 kilogramm, jami 8-12 tonna tabiiy bo'yoq olishni mo'ljallayapmiz.
Indigofera etishtirish boshqa dukkakli mahsulotlarni parvarishlashga ketadigan xarajatlarga teng bo'lsa-da, undan tabiiy bo'yoq moddasi oddiy usulda, katta mablag' sarflanmasdan olinadi. Faqat zarur agrotexnologik tadbirlar to'g'ri olib borilib, o'simlik etarli suv bilan ta'minlansa bo'lgani.
Tashabbuskorlar shu yilning aprel` oyida bo'yoq olish tsexini to'liq ishga tushirish harakatida. Bugunga qadar hovuz va boshqa zarur inshootlarni qurish, uskuna va jihozlarni montaj qilish ishlari yakunlandi. Ushbu tsexning yillik quvvati hozircha 20 tonna bo'yoq olishga mo'ljallangan. Kelgusida uning faoliyati kengaytirilib, ishlab chiqarish quvvatini yanada oshirish ko'zda tutilgan. Bu esa O'zbekistonda ilk bor indigofera o'simligidan sanoat usulida sifatli tabiiy bo'yoq olish boshlanganidan dalolat beradi.
Ma'lumotlarga ko'ra, jinsi matosi bo'yaladigan indigo kukunining har kilogrammi 80 AQSH dollaridan 240 dollargacha baholanmoqda. Bo'yoqni mahalliy sharoitda olish esa uning narxini 50 dollargacha arzonlashtirishi mumkin. “TST Cluster” ushbu bo'yoqni respublikamizdagi to'qimachilik korxonalariga asosiy etkazib beruvchiga aylanishi kutilyapti. Hozircha uning birinchi buyurtmachisi Buxoro viloyatidagi “VST Cluster”dir.
Mamlakatimizda birinchilardan bo'lib tuzilgan mazkur klaster davlatimiz rahbarining 2017-yil 19-maydagi “Buxoro viloyatida zamonaviy paxtachilik-to'qimachilik klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori asosida tashkil etilgan. Bu yerda paxta etishtirishdan tortib uni chuqur qayta ishlashgacha bo'lgan barcha texnologik jarayonlar zanjir usulida amalga oshiriladi. Bu zanjir Romitan tumanidagi 8 ming gektar maydonda etishtiriladigan paxta tolasidan ip yigirish, kalavani bo'yash, jinsi matosi to'qish va jinsi liboslari tikish tarzida bir-biriga bog'lanib ketadi.
“Bukhara Cotton Textile” korxonasi ushbu ishlab chiqarish zanjirining oxirgi halqasi. 65 million AQSH dollaridan ziyod investitsiya mablag'lari yo'naltirilgan mazkur korxona Germaniya, AQSH, Belgiya va Fransiyadan olib kelingan ilg'or texnologik liniyalar, asbob-uskuna va dastgohlar bilan jihozlangan.
Bu erda, asosan, jinsi matosidan tayyorlangan kiyimlar ishlab chiqariladi. Buning uchun dastlab 8 450 tonna kalava ip yigiriladi. Keyingi bosqichda 15 million pogon metr jinsi matolar to'qiladi. Uchinchi-to'rtinchi bosqichlarda esa ular qo'shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotga aylantiriladi. Mazkur to'qimachilik korxonasida 1500 nafar, klaster bilan qo'shib hisoblaganda 6 000 nafar kishi doimiy ish bilan band qilingan.
Davlatimiz rahbari joriy yil yanvar oyida korxonaga tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulotlar sifatini ko'zdan kechirar ekan, “Jinsi matolar va mahsulotlar chiqarish bo'yicha eng ilg'or davlatlar bilan raqobat qilish mumkin. CHunki erimiz, suvimiz, paxtamiz o'zimizniki. Ishlayman degan yoshlarimiz ko'p. Tannarxni yana pasaytirsa bo'ladi. Lekin sifati xalqaro darajada bo'lsa, dunyoda, albatta, o'z o'rnini topadi”, deya ta'kidladi.
Bugungi kunda korxonada yiliga o'rtacha 12,5 million dona “denim klassik” va “denim stretch” shimlari tayyorlanib, xaridorlarga yetkazilmoqda. Ular indigofera o'simligidan olingan tabiiy rangda bo'yaladi. Shu bois, mazkur bo'yoq ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish orqali import o'rnini bosish hamda mahsulot tannarxini arzonlashtirish ko'zda tutilgan.
O'tgan yili chet davlatlarga 8,2 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Ular mahalliy va jahon bozorlariga “B Jeans” brendi ostida chiqarildi. Klasterning o'z mahsulotlarini sotishga mo'ljallangan savdo do'konlari ham bor. 2020 yilda Buxoro, Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida ochilgan ana shunday do'konlardan xaridorlar o'z didiga mos, dunyo brendlaridan qolishmaydigan jinsi shimlarni xarid qilmoqda. Kelgusida mamlakatimiz bo'ylab shunday do'konlar sonini 50 taga yetkazish, shuningdek, xorijda 100 ta savdo nuqtasini tashkil etish mo'ljallangan. Ularning dastlabkisi yaqinda Qirg'izistonning O'sh shahrida ish boshladi.
“Bukhara Cotton Textile” korxonasida ishlab chiqarilayotgan jinsi matolari rangining tabiiyligi bilan ichki va tashqi bozorda ustunlikka ega. Endilikda “TST Cluster” ko'p tarmoqli klasterida tayyorlanadigan indigo tabiiy bo'yog'i kelgusida nafaqat “B Jeans” brendi, balki yurtimizdagi boshqa ko'plab to'qimachilik fabrikalarida ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga o'zgacha sifat va jilo berib, ularning jahondagi o'rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri