Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi
Hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda 7 ta hududda joylashgan 2,7 GVt umumiy quvvatga ega 9 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va bir shamol elektr stansiyasi ishlab turibdi, ular ekologik toza “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda.
Shulardan quyosh elektr stansiyalari 3 milliard 493,6 million kVt·soat, shamol elektr stansiyasi esa 506,4 million kVt·soat energiya ishlab chiqardi.
Bu stansiyalar 31-mayga qadar 1 milliard kVt·soat, birinchi yarim yillikda 1,6 milliard kVt·soat, 17-iyulga qadar 2 milliard kVt·soat va 30-avgust 2024-yilga qadar 3 milliard kVt·soat elektr energiyasini ishlab chiqardi.
Ushbu energiya ishlab chiqarish hajmi 1,2 milliard kubometr tabiiy gazni tejashga va 1 million 680 ming tonna zararli gazlar atmosferaga chiqishining oldini olishga imkon berdi. Bu elektr energiyasi hajmi 2 million xonadonning 10 oylik ijtimoiy normasi yoki 1 million 666 ming xonadonning bir yillik normasiga teng keladi.
Shuningdek, qayd etish joizki, Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi quyosh fotoelektr stansiyalari 2022-yilda 434 million kVt·soat va 2023-yilda 576,9 million kVt·soat elektr energiyasini ishlab chiqargan.
Statistika agentligining maʼlumotlariga koʻra, 2024-yilning birinchi toʻqqiz oyida 60,31 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan boʻlib, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 4,32% ga koʻp.