Rossiya Federatsiyasida faoliyat yurituvchi “B.K.E.” tadbirkorlik subyekti O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Apellyatsiya kengashiga murojaat qilib, “Biolan” tovar belgisi brendreyding asosida “Q.A.” MCHJ nomiga ro'yxatdan o'tkazilgani va ushbu tovar belgisiga berilgan guvohnoma haqiqiy emas deb topilishi lozimligini bildirgan.

Apellyatsiya kengashi tomonidan ishni ko'rib chiqish jarayonida “Biolan” tovar belgisi “B.K.E” tomonidan 1993-yilda Rossiya Federatsiyasida ro'yxatdan o'tkazilgani, bugungi kunga kelib ushbu tovar belgisi 30 dan ortiq davlatlar, xususan, Qozog'iston, Qirg'iziston, Belorus, Moldova davlatlarida huquqiy muhofazaga olingani aniqlandi.

Apellyatsiya kengashi “Biolan” tovar belgisi “Q.A.” MCHJ tomonidan brendreyding asosida ro'yxatdan o'tkazilgan va ushbu tovar belgisi tovar yoki uning tayyorlovchisi xususidagi yolg'on yoki iste'molchini chalg'itishi mumkin bo'lgan belgi, degan xulosaga kelib, tovar belgisiga berilgan guvohnomani haqiqiy emas deb topdi.