Joriy yilning aprel-may oylarida sabzining bozorlardagi oʻrtacha narxi 2000-2500 soʻmni tashkil etgan. Ammo hozirgi paytda sabzining narxi keskin oshishi kuzatilmoqda. Joriy yilning ertaki muddatlari, yaʼni fevral-mart oylarida fermer va qishloq xoʻjaligi korxonalarining asosiy maydonlarida 15,2 ming gektar, aholi tomorqa maydonlarida esa 18,4 ming gektar sabzi ekinlari ekilgan.
Joriy yil fevral va aprel oylarida havoning keskiy sovib ketishi kuzatildi. Aynan shu sababli ertaki muddatda ekilgan sabzining pishishi 20-25 kunga uzayishi qayd etildi. Shu bois sabzining mavsumiy toʻliq yetilish va yigʻishtirib olish muddati iyun oyining oxiriga toʻgʻri kelmoqda.
Ayni paytda Vazirlik tegishli mutasaddilar bilan birgalikda mahsulotni qisqa muddatda daladan yigʻishtirib olish hamda Toshkent shahri va viloyatlardagi markaziy dehqon bozorlariga oʻz vaqtida yetkazib berish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqdi.
Qayd etish kerakki, ayni paytda fermer va qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan gʻalladan boʻshagan 40,5 ming gektar maydonlarga sabzi ekish rejalashtirilgan. Dehqonlarimiz tomonidan toʻqsonbosti usulida sabzi ekinlarini ekish tizimi yaratilgan, bu usulda ekishni foydasi erta bahorda arzon va moʻl sabzavotlar yetishtirish imkonini yaratish barobarida, kundalik oziq-ovqat mahsulotlari tanqis boʻlgan paytda, vitaminli mahsulotlar bilan ichki bozor ehtiyojini qoplaydi, eksport imkoniyatlarini kengaytirib dehqonlarni boyitadi.
Respublika boʻyicha 2021-yilda ertaki hosil olish uchun 2020-yil kech kuzda toʻqsonbosti usulida 30,3 ming gektarga yoki oʻtgan yilga nisbatan 5,8 ming gektarga koʻp sabzi ekilgan. Bu esa sabzini aprel oyidan boshlab bozorga chiqarish, eksport geografiyasini kengaytirish va ekin yerlardan bir yilda uch muddat mahsulot yetishtirish orqali samarali foydalanish imkonini beradi.
Respublikada eksport uchun Sabzining istiqbolli navlari navlari koʻp ekilib kelinmoqda. Xorijiy navlaridan “Shantane 2461”, “Nantskaya 4”, “Kurado shantane Gʻ1”, “Novaya Kurado”, “Kaskade Gʻ1”, “Karson Gʻ1” navlari xam ekilib kelinmoqda.
Soʻnggi yillarda sabzi yetishtirishda innovatsion resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish natijasida hosildorlik 20-25 tn.dan 30-40 tn.gacha oshirilishiga erishildi. Bu esa oʻz navbatda 1 kg sabzi yetishtirish tannarxi 700-800 soʻmga (6,5-7,5 sent) yoki 1,5 barobar arzon boʻlishiga olib kelinmoqda.
2020-yilda Oʻzbekiston 9 ta davlatga sabzi eksport qilgan
2020-yil mobaynida respublikamiz tomonidan 9 ta chet mamlakatlariga sabzi eksport qilingan boʻlib, asosan Qozogʻiston Respublikasiga 28,6 ming tn (3,8 mln doll. oʻrtacha narxi 13 sent/kg), Qirgʻiziston Respublikasiga 19,9 ming tn (2,7 mln doll. oʻrtacha narxi 14 sent/kg), Rossiya Rederatsiyasiga 2,9 ming tn (486 ming doll. oʻrtacha narxi 17 sent/kg) va Afgʻoniston Respublikasiga 334 tn (39 ming doll. oʻrtacha narxi 12 sent/kg) eksport qilingan. Eksport qilingan sabzining taxminan 75 foizi (aprel-may oylariga, yaʼni ertagi sabzi hisobiga toʻgʻri keladi).
Respublikada sabzini qayta ishlovchi 300 ming tonna quvvatga ega 55 ta korxona faoliyat yuritadi
Respublikada sabzinini qayta ishlovchi 250-300 ming tn quvvatga ega 55 ta korxonalar faoliyat yuritadi. Ular tomonidan sabzi asosan quritilgan, shok holda muzlatish shaklida qayta ishlanadi. Qayta ishlashga xom-ashyo sifatida asosan sabzining kechki navlari olinadi. Sababi, kechki sabzi mahsulotida quruq qoldiq miqdori yuqori boʻlib, mahsulotni ishlab chiqarishdagi sarf-xarajatlarni kamaytiradi.
Qish-bahor mavsumida aholi isteʼmolini taʼminlash maqsadida 400 ming tonnadan ziyod sabzi mahsuloti zahira qilinadi
Respublida barcha toifadagi xoʻjaliklari tomonidan 2021-yilda jami 2 mln 300 ming tonna, shundan fermer va qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan 1 mln 450 ming tonna hamda dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalarida 850 ming tonna sabzi yetishtiriladi.
Maʼlumot uchun: barcha toifadagi xoʻjaliklarda 2020-yilda 2 mln 294 ming tonna sabzi mahsulot yetishtirilgan.
Aholini yillik talabi 700-800 ming tn (tibbiy meyor boʻyicha bir kishi uchun bir yillik talab 19,6 kg) tashkil etadi. Shuningdek, qish-baxor mavsumida aholi isteʼmolini taʼminlash maqsadida 400 ming tn.dan ziyod (150-180 ming tonnasi mahsus omborxonalarda va 250 ming tonnasi axoli xonadonlarda) sabzi mahsuloti zaxira qilinib, toʻqsonbosti usulida ekilgan sabzi yetishtirish tasdiqlangan grafik asosida ichki bozorlarga yetkazib beriladi.
Joylarda oʻrnatilgan monitoring natijalariga asosan respublikada joriy yilning 15-iyungacha 280,0 ming tn (yillik rejaning 12%) sabzi yetishtirildi, shundan 39,0 ming tonna (oʻtgan yilga nisbatan 133%) sabzi eksportga yoʻnaltirilgan.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan oʻtkazilgan aprobatsiya natijalari boʻyicha erta bahor oylarida yaʼni fevral-mart oylarida ekilgan sabzi joriy yilning 28-30-iyundan boshlab yoppasiga daladan yigʻishtirib olinishi boshlanadi. Bu esa oʻz navbatida bozorlarimizda sabzini oʻrtacha narxini 1,5-2,0 ming soʻmgacha pasaishiga olib keladi.
Respublika hududlarining iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda sabzi mahsuloti oktyabrgacha dalalarda yetishtirilib, aholiga yetkazib berish boʻyicha prognoz parametrlar belgilangan.
Bugungi kunda respublikaning dehqon bozorlarida sabzining oʻrtacha narxlari 6000-8000 soʻm/kg boʻlsa, fermer xoʻjaliklari dala maydonlarida 4000-5000 soʻm/kggacha tashkil etmoqda, deyiladi rasmiy xabarda.