Oʻzbekistonda shakar tanqisligi mavjud emas — Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi

    Mamlakatimizda 2 Iyun 2022 1177

    Bugungi kunda qator ijtimoiy tarmoqlarda respublika bozorlarida shakar narxining oshishi yuzasidan koʻplab xabarlar tarqalmoqda. Shu munosabat bilan Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Axborot xizmati ichki bozorda shakar mahsuloti narxlari toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

    Maʼlumotda tashqi va ichki bozorlarda shakar narxining oʻzgarish dinamikasi va unga taʼsir qiluvchi omillar keltirib oʻtilgan.

    Taʼkidlanishicha, Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda ichki bozorda 1 kg shakarning oʻrtacha narxi 9 500 – 13 000 soʻm doirasida shakllanmoqda, shuningdek, ayrim savdo nuqtalarida shakar narxining 14 000 soʻmgacha koʻtarilgani kuzatilmoqda.

    Shu bilan birga, qoʻshni va boshqa MDH mamlakatlarida shakar narxi 52 foizga (soʻm ekvivalentida qoʻshni mamlakatlarda 14 000 soʻmdan 21 000 soʻmgacha) oʻsishi bilan bir qatorda, ushbu mahsulot taqchilligi bilan bogʻliq muammo va xatarlar yuzaga kelayotganligi kuzatilmoqda.

    Qoʻshni va boshqa MDH mamlakatlarida narxlarning oshishi, oʻz navbatida, Oʻzbekiston ichki bozorida aholi va tadbirkorlar oʻrtasida ham shakar narxi boʻyicha inflyatsion kutilmalarning kuchayishiga maʼlum maʼnoda taʼsir koʻrsatuvchi omillardan boʻldi.

    Bozor iqtisodiyoti sharoitida hamda Oʻzbekiston iqtisodiyotining mintaqa va boshqa davlatlar iqtisodiyotlari bilan tashqi savdo borasida hamkorlikning kengayib va erkinlashib borishi holatida mamlakat ichidagi narxlarni qoʻshni davlatlardagiga nisbatan keskin farq qiluvchi darajada saqlab turishning deyarli imkoni boʻlmaydi.

    Xususan, joriy yilda mamlakatimizda shakar ishlab chiqarish hajmi yanvar-may oylarida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 35 ming tonna yoki 16 foizga koʻproqni (224 ming tonnadan 259 ming tonnagacha oshgan), yaʼni taklif hajmi oshganligiga qaramay (birja orqali sotilgan hajm 177 ming tonnadan 186 ming tonnagacha koʻpaygan) shakar narxi, asosan, tashqi omillar taʼsirida oʻsishi kuzatildi.

    Shakar narxining oʻsishiga, birinchi navbatda, mazkur mahsulot va uning xomashyosini Markaziy Osiyo mintaqasiga yetkazib berish boʻyicha transport va logistika bilan bogʻliq muammolar hamda yoqilgʻi resurslari narxlarining oʻsishi taʼsir koʻrsatmoqda.

    Misol uchun, bugungi kunda London birjasida shakllangan shakarning narxi (500 dollardan 575 dollargacha) 15 foizga oshgan boʻlsa, uning Oʻzbekistonga yetkazib berish xarajatlari 1 tonnasi uchun 173 dollardan 271 dollargacha yoki 57 foizga oshgan.

    Natijada, taxminiy hisob-kitoblarga koʻra, DAP Uzbekistan shartida Oʻzbekiston Respublikasi chegarasigacha yetkazib berish tayyor shakarning qiymati (bojxona va soliq toʻlovlarisiz) yil boshidagi 674 dollardan 840 dollargacha yoki 25 foizga oshgan.

    Anʼanaviy dengiz portlarining yopilishi hamda alternativ portlar oʻtkazuvchanlik sigʻimlarining pastligi tovarlarni uzoq muddat qolib ketishi hamda saqlash bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda.

    Yuzaga kelgan mazkur sharoitda mintaqadagi eksportyor davlatlar hamda Hindiston tomonidan eksportga cheklovning kiritilishi kuzatilmoqda.

    Maʼlumot uchun: Rossiya hukumatining 2022-yil 14-martdagi tegishli qaroriga asosan 2022-yil 31-avgustgacha, Qozogʻiston Qishloq xoʻjaligi vazirining 2022-yil 4-maydagi buyrugʻiga asosan 6 oy muddatga shuningdek, Hindistonda 2022-yil 25-maydan shakar eksportiga cheklov oʻrnatildi.

    Shuningdek, vazirlik Oʻzbekistonda shakar taqchilligining yuzaga kelishini va kelgusida uning narxini keskin oshib ketishini oldini olish borasida koʻrilayotgan choralar haqida ham maʼlumot berdi.

    Xususan, respublikamizda esa shakar tanqisligi mavjud emas va ichki bozorni yil yakuniga qadar shakar bilan toʻyintirish boʻyicha barcha zaxiralar yaratilgan, jumladan:

    • shakarga boʻlgan talabning mavsumiy oshishi sharoitida (meva-sabzavotlarni konservatsiya qilish mavsumi) narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida birja savdolariga chiqariladigan shakar hajmi joriy yil iyun oyidan boshlab 50 foizgacha oshiriladi.

    Xususan, birjadagi savdolarga qoʻyilayotgan shakar hajmi amaldagi 2 000 tonnadan 3 000 tonnagacha oshiriladi.

    • joriy yilda shakar ishlab chiqarish hajmi 720 ming tonna yoki oʻtgan yilga nisbatan 22 foizga koʻproqni tashkil etadi. Bunda shakar va uning xomashyosi importi hajmi oʻtgan yilgi 643 ming tonnadan 900 ming tonnagacha oshiriladi.

    Natijada, joriy yil yakuni bilan ishlab chiqariladigan va import qilinadigan tayyor shakar qoldigʻi 118 ming tonnadan koʻproqni tashkil etishi kutilmoqda.