O‘zbekistonda “suyunchi puli” miqdori o‘zgargani maʼlum qilindi
Joriy oy boshigacha “suyunchi puli” miqdori 688 940 so‘mni tashkil etgandi.
Bola tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa summasi - mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 70,3 foizi deb belgilangan.
Yaʼni 2023-yil 1-dekabrdan bu miqdor 738 150 soʻmni tashkil etadi.
Aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, bunda fuqarolarning ovoragarchiliklarini bartaraf etish maqsadida “suyunchi nafaqasi”ni tayinlash boʻyicha xizmatlar 2020-yildan boshlab fuqaroning murojaatisiz kompozit shaklida amalga oshirilmoqda.
Yaʼni bugungi kunda bola tugʻilganda bolaga beriladigan familiya, ism va ota ismi, ota-ona va ularning nikohi, bola roʻyxatga qoʻyiladigan poliklinika va ichki ishlar boʻlimi, navbatga qoʻyiladigan davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti haqidagi barcha maʼlumotlar tibbiyot muassasasi (tugʻruqxona, shifoxona tugʻruq boʻlimi, oilaviy poliklinika) tomonidan “Tugʻilish va oʻlimni, shu jumladan perinatal oʻlimni elektron roʻyxatga olish” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritiladi.
Pensiya jamgʻarmasi tomonidan barcha zaruriy maʼlumotlar tibbiyot muassasasi va FHDYо axborot tizimlaridan elektron shaklda olingan holda “Suyunchi” nafaqasi avtomatik ravishda tayinlanadi.