Oʻzbekistonda tezyurar temir yoʻllarni rivojlantirish sohasidagi islohotlar Belgiya OAV diqqat markazida

    OAV O‘zbеkiston haqida 5 Sentabr 2021 1360

    “Emerging Europe” axborot portalida “Oʻzbekistonning oʻtmishni kelajak bilan bogʻlovchi tezyurar temir yoʻllari” sarlavhali maqola chop etildi.

    Unda Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Osiyo davlatlari eskirgan temir yoʻl infratuzilmasi bilan kurashni davom ettirayotgani, bu borada Oʻzbekiston soʻnggi oʻn yil ichida tezyurar tarmoq yaratib, butun mintaqaga namuna boʻlayotgani qayd etilgan.

    Nashrdagi maʼlumotga koʻra, Oʻzbekistonda birinchi liniya ishga tushganidan oʻn yil oʻtib, Ispaniyada qurilgan tezyurar poyezdlar uch yoʻnalishda qatnayapti. Oʻzbekiston rahbariyati temir yoʻl tizimi imkoniyatlarini yangilash va kengaytirishni davom ettiryapti.

    Poytaxt Toshkentni tarixiy Ipak yoʻlining qadimiy shahri — Samarqand bilan bogʻlagan birinchi tezyurar temir yoʻli bunyod etildi. 344 kilometrlik liniyaning qurilishi besh oyda yakunlandi. “Bu Oʻzbekiston transport infratuzilmasida katta voqea boʻldi, — deya taʼkidlanadi materialda. — Korxonalar uchun logistika xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirishdan tashqari, tezyurar temir yoʻl tizimi Oʻzbekistonning uglerod sarfini ham kamaytiradi”.

    Maqolada “Afrosiyob” elektr poyezdlari Ispaniyaning “Talgo” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgani maʼlum qilingan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Shuningdek, maqolada poyezdning soatiga 250 kilometr tezlikka erishishi mumkinligi, aval yoʻlovchilar Toshkentdan Samarqandga borish uchun avtomobil yoki avtobusda besh soatgacha vaqt sarflagan boʻlsalar, endilikda ushbu masofaga “Afrosiyob”da ikki soatdan sal oshiqroq vaqt mobaynida yetib borayotgani qayd etilgan.

    “Hozirgi kunda Oʻzbekistonda 1 000 kilometrga yaqin elektrlashtirilgan temir yoʻllar mavjud boʻlib, ularning aksariyatida tezyurar poyezdlar harakatlanadi, — deb yozadi gazeta. — Tezyurar temir yoʻllarni rivojlantirish Oʻzbekiston sayyohlik sohasi uchun ham foydali hisoblanadi. Mamlakatda tarixiy joylar juda koʻp. Bir paytlar islom ilmining muhim markazlari boʻlgan Buxoro va Samarqand kabi tarixiy maskanlar jahon sayyohlarini oʻziga faol jalb etib keladi”.

    “Emerging Europe” axborot portali oʻz xulosasida “Muhtasham madaniy meros va tarixiy maskanlarga ega boʻlgan Oʻzbekiston oʻzining zamonaviy tezyurar poyezdlari tufayli mehmonlarga kelajakka nazar tashlash imkonini beradi”, — deb yozadi.