Qishloq xo'jaligi sohasi qachonlardir innovatsion yo'nalishlardan biriga aylanib, oddiy dehqonchilik ishlari ham zamonaviy ilm-fan asosida amalga oshiriladi, desa balki bunga hech kim ishonmasdi. Ammo bugun yerga ishlov berishdan tortib, mahsulot yetishtirishgacha bo'lgan jarayonlarni ilg'or texnologiyalar asosida olib borayotgan dehqon va fermerlar misolida sohadagi katta o'zgarishlarga bevosita guvoh bo'lyapmiz.

Ayniqsa, so'nggi yillarda tarmoqda ilm-fan va ishlab chiqarishning integratsiyalashishi natijasida tashkil etilayotgan ilmiy markazlar, tadqiqot institutlari yurtimizda jahon standartlariga mos qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirish va katta hajmda xorijga eksport qilishga yo'l ochmoqda. Bir paytlar oziq-ovqat mahsulotlarimizni pisand qilmay, ularga cheklov qo'ygan davlatlarning o'zi bugun ularga xaridor bo'lyapti.

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida tashkil etilgan O'zbekiston-Vengriya Kartoshkachilik ilmiy markazi ana shunday xalqaro hamkorlikning yana bir mahsulidir. 30 mart kuni davlatimiz rahbari Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan markazga tashrif buyurib, uni shaxsan ochib bergani bejiz emas. Boisi, O'rta Osiyoda yagona bo'lgan bu markaz har ikki mamlakat uchun aholining asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan biri bo'lgan kartoshka yetishtirish hajmini bir necha barobarga oshirib, uning yangi va sifatli navlarini yaratish yo'lidagi katta imkoniyatdir.

Ilmiy muassasa Vengriya qishloq xo'jaligi va tabiiy fanlar universiteti bilan hamkorlikda Qishloq xo'jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi negizida tashkil etildi. Bu yerda vengriyalik olimlar bilan doimiy hamkorlik ishlari olib boriladi. Hozircha markaz faoliyatini yo'lga qo'yish uchun Vengriyadan 4 nafar ilmiy xodim taklif etilgan.

Kartoshka kundalik iste'mol mahsuloti bo'lgani bois, uning sifatli va arzon bo'lishi har bir oila farovonligiga ta'sir qiladi. Ammo ichki bozor talabini qondirish uchun katta miqdorda urug'lik zarur. Yurtimizga iste'mol uchun 200-300 ming tonna, urug'lik uchun 17 ming tonna kartoshka chetdan keltirilishini inobatga olsak, ushbu mahsulot etishtirish hajmini yanada oshirish, yangi navlarini yaratish zarurati mavjudligi ko'zga tashlanadi.

— Aholiga yetarli miqdorda kartoshka yetkazib berish yurtimizdagi muammoli masalalardan biri hisoblanadi, — dedi Qishloq xo'jaligi vaziri o'rinbosari — Qishloq xo'jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bosh direktori Alisher To'rayev. — Bir kishi bir yilda taxminan 100 kilogramm kartoshka yeyishi kerak, deb oladigan bo'lsak, 35 millionga yaqin aholiga yetarli kartoshka yetkazib berish uchun 4-5 million tonna mahsulot yetishtirishimiz kerak. Buning uchun bizga sifatli, viruslardan holi urug'lik zarur. Bunday urug'likni esa dengiz satxidan 600-800 metr balanddagi yer maydonlariga ekish talab etiladi. Respublikamizda bunday joy yo'qligi bois, tog'lardagi tepaliklarni izlashga majbur bo'lamiz. Boshqa tomondan, bizga vengerlarning virusga chidamli kartoshka navlarini o'zimizda mahalliylashtirib, istalgan yerlarda etishtirish ancha qulayroq. Shu sababli, ikki mamlakat taklifi asosida vengriya texnologiyasi yordamida kartoshka urug'larini etishtirish bo'yicha hamkorlikni yo'lga qo'ydik.

Yangi markaz Vengriyadan keltirilgan navlarni sinovdan o'tkazish va urug'lik kartoshka ishlab chiqarish bilan shug'ullanadi. Bu yerda mahalliy va xorijiy navlarni chatishtirish orqali kartoshka yetishtirishning barcha bosqichlarida sifatni ta'minlashga qaratilgan kompleks tizim ishlab chiqiladi. 50 dan ortiq navlar mahalliylashtirilib, kartoshkachilik genofondi yaxshilanadi.

Ilmiy markazda “in vitro”, o'simliklar patologiyasi, kartoshkani saqlash fiziologiyasi, sifat nazorati bo'yicha laboratoriyalar tashkil etilgan. Namunalar tayyorlash, etishtirish va saqlash xonalari zamonaviy jihozlangan. Bu yerda yo'lga qo'yiladigan innovitsion usullar samarasida 2021-2023-yillarda hosildorlikni 30-50 foizgacha oshirish, 2024-yilga borib, 21 ming tonna urug'lik kartoshka yetishtirish, bu boradagi import o'rnini to'liq qoplash mo'ljallangan.

Bir markazda 160 dan ortiq xizmatlar ko'rsatiladi

O'zbekiston-Vengriya Kartoshkachilik ilmiy markazining yangi ishga tushgan Agroxizmatlar markazi ichida ish boshlagani zamirida ham katta ma'no bor. Markazning ochilishi yurtimiz agrotizimidagi yirik loyihalardan biridir. Dunyoning rivojlangan davlatlaridagina mavjud bo'lgan bunday agroxizmatlar markazi qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari hamda fermerlarni bir yerga jamlovchi nuqtaga aylanishi kutilmoqda. Markazning asosiy maqsadi oliy o'quv yurtlaridagi ta'lim, bilimni olib kelib, fermerlarga yetkazib, ularga bir qancha yo'nalishlarda xizmat ko'rsatishdan iborat.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi mutaxassis va mutasaddilar bilan muloqoti chog'ida kadrlar tayyorlashni kengaytirish, dehqon va fermerlarni bu yerda o'qitib, sohadagi yutuqlarni barcha hududlarga yetkazish zarurligini ta'kidladi. Mehmonlar fermerlar uchun tashkil etilgan, yurtimiz qishloq xo'jaligida qo'llanilayotgan texnika va texnologiyalarni ham ko'zdan kechirdi.

Yangi muassasa uchta asosiy yo'nalishda ish olib boradi. Birinchisi, ta'lim yo'nalishi bo'lib, u ilm-fan va ishlab chiqarishni bir-biriga bog'lovchi ko'prik vazifasini o'taydi. Ya'ni, unda fermerlar uchun turli seminar, treninglar tashkil etish orqali ularning malakasini oshirish, o'z sohasi bo'yicha zarur bilimlarni berish yo'lga qo'yiladi. Malakali mutaxassislar o'tadigan darslar orqali fermer xo'jaliklarining yangi texnologiyalarga bo'lgan ehtiyojlarini aniqlab, ularga bu borada zarur yordamlarni ko'rsatish imkoni yuzaga keladi.

Ikkinchi — tadqiqotlar qismidagi asosiy jarayonlar ilmiy-tadqiqot institutlari bilan bog'langan holda tadqiqot ishlarini olib borish, ularni bevosita fermerlarga ko'rsatish, qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini yangi innovatsion texnologiyalar bilan tanishtirishdan iborat. Mazkur tizim ishida ilmiy-tadqiqot institulari vakillari bevosita ishtirok etib, fermerlarga o'z maslahatlarini berib boradi.

Uchinchi yo'nalish agroxizmatlar markazining asosiy qismi hisoblanadi. Mazkur yo'nalish ham o'z navbatida, davlat va xususiy sektor xizmatlari kabi ikki qismga ajratiladi. Davlat xizmatlari bo'limlarida sabzavotchilik, gidrometeriologiya, geoaxborot tizimlaridan foydalanish, fermerlarga imtiyozli kreditlar ajratib berish, o'rmonchilik, chorvachilik, parrandachilik, karantin va o'simliklarni zararsizlantirish kabi 17 ta yo'nalishda 160 dan ortiq xizmatlar taklif etiladi. Bu yerda talabgorlarga yagona darcha prinsipi asosida xizmat ko'rsatiladi. Dehqon, fermer yoki shu sohada endi ish boshlash istagidagi har qanday inson agroxizmatlar markaziga kelib, tuproq tahlili ishlaridan tortib, o'simliklarni zararkunandalardan himoya qilishgacha bo'lgan barcha masalalarda mutaxassislardan zarur ma'lumotlarni olishi mumkin bo'ladi.

— Xizmatlar qismining xususiy sektoriga qishloq xo'jaligi sohasida faoliyat olib borayotgan eng yirik kompaniyalar jalb etiladi, — dedi Qishloq xo'jaligi vazirligi bo'lim boshlig'i Shuhrat Omonov. — Ayni paytda AQSH, Avstriya, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Janubiy Koreya va boshqa xorij davlatlarining faoliyatida urug'chilikdan tortib, to mahsulot eksportigacha bo'lgan jarayonning butun bir zanjirini qamrab olgan 19 ta yirik kompaniyalar bilan ish olib boryapmiz. Shuningdek, markazda agromarket ham tashkil etilgan bo'lib, unda fermer xo'jaliklari agrar sohada zarur bo'ladigan barcha mahsulotlarni shu yerning o'zidan xarid qilishi mumkin.

Bozorga sifatli qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetkazib berishning asosiy shartlaridan biri zamonaviy laboratoriyalar faoliyatini yo'lga qo'yish hisoblanadi. Hozirgi vaqtda agroxizmatlar markazida o'simliklarni himoya qilish, tuproq va o'g'itlar tahlili, veterinariya, oziq-ovqat mahsulotlari sifati va yangi standartlarini joriy etish, urug'chilik kabi 5 ta laboratoriya ishlab turibdi.

Shuningdek, fermerlarga texnologiyalarning afzalliklarini shu yerning o'zida ko'rsatib berish maqsadida demo, ya'ni tajriba maydonchalarini tashkil etish ko'zda tutilgan. Bu yerda har bir kompaniya, ilmiy-tadqiqot institutlari o'z mahsuloti yoki tajriba namunasini bevosita dala sharoitida namoyish etadi. Masalan, urug'ning navi, uning tuproq-iqlim sharoitiga ta'siri, dalada sug'orish texnologiyalarini o'rnatish jarayonlari tajriba maydonlarida ko'rsatib beriladi. Fermer mahsulot bilan tanishgach, unga ma'qul kelsagina, xarid uchun buyurtma beradi.

Agroxizmatlar markazida yaratilayotgan bunday keng imkoniyatlar Yuqori Chirchiq tumanidagi “Abdumajid bobo” ko'p tarmoqli fermer xo'jaligi rahbari Abror Abdumajidov singari fermerlarga qulaylik yaratib, ish jarayonida yangi texnologiyalarni qo'llash hisobiga, ko'proq hosildorlikka erishishiga yo'l ochadi. 18 yildan buyon fermerlik sohasini mahkam tutib, shu yo'nalishda ishlab kelayotgan Abror aka 110 gektarlik maydonining 26 gektarida kartoshka yetishtiradi. Yiliga o'rtacha 26-27 tonna hosil olayotgan fermer har mavsumda yerga asosan kartoshkaning Niderlandiyadan olib kelinadigan falyuka, santa navlari urug'ini qadaydi. Ularning orasida kartoshkaning xorij navlaridan ancha arzon, biroq iqlim sharoitlariga chidamli bo'lgan mahalliy “Zuxra” navi ham bor. Biroq yurtimiz bozorida Niderlandiya va Rossiyada yetishtirladigan kartoshka navlariga talab yuqori bo'lgani bois, fermer ko'proq ulardan ekadi.

— Mamlakatimizda kartoshka urug'chiligi nisbatan kamroq bo'lgani bois, qimmat bo'lsada xorijnikini olishimizga to'g'ri keladi, — dedi Abror Abdumajidov. — Vengriyadan yangi nav olib kelingani, uning sifati yaxshiligini eshitib, uni ham sinab ko'rishga qaror qildik. O'zbekiston-Vengriya kartoshkachilik ilmiy markazining ochilishi biz fermerlar uchun quvonchli voqea. Chunki kartoshka navlari qancha ko'p bo'lsa, tanlov imkoniyati va raqobat shuncha kengayadi. Ayniqsa, kartoshka navlarining mahalliylashtirilishi mahsulot narxining tushishiga olib keladi. Bundan tashqari, ushbu markazning ochilishi uzog'imizni yaqin qilyapti. Avvallari ekin dorilari, urug'liklar olib kelish uchun olis hududlarga qatnardik. endilikda, barcha zarur narsalarni shu yerning o'zidan olishimiz mumkin. Soha muaxassislari, hatto, lizing beruvchi tashkilotlar ham oldimizga keldi. Bu esa ish unumdorligimizni oshirib, ham vaqtimizni, ham naqtimizni tejaydi.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri