Tashabbus BMT tuzilmalari hamkorligida, Respublika komissiyasi rahbarligida amalga oshirilmoqda.
Har yili 25-noyabrdan 10-dekabrgacha dunyo boʻylab oʻtkaziladigan “Gender asosidagi zoʻravonlikka qarshi 16 kunlik faollik” global kampaniyasi joriy yilda raqamli makondagi tahdidlarga qarshi kurashishga qaratildi.
Senat Raisi Tanzila Narbayeva tadbirni ochar ekan, xotin-qizlarni raqamli zoʻravonlikdan himoya qilish uzluksiz jarayon ekanini taʼkidladi:
“Hech qanday stereotip zoʻravonlikni oqlay olmaydi”, – dedi u.
Tadbirda vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qilish organlari, fuqarolik jamiyati vakillari, xalqaro ekspertlar hamda BMT agentliklari ishtirok etdi.
BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Sabin Maxl oiladagi zoʻravonlikni jinoyat sifatida belgilash va himoya xizmatlarini kuchaytirish raqamli zoʻravonlikka qarshi kurash uchun muhim baza yaratishini qayd etdi. “BMT-ayollar” tuzilmasi Markaziy Osiyo ofisi rahbari Jeren Guven Guresh esa onlayn zoʻravonlik holatlarining katta qismi yashirin qolishini taʼkidlab, global miqyosda muvofiqlashtirilgan choralar zarurligini bildirdi.
Kampaniya doirasida 25-noyabrdan 10-dekabrgacha mamlakatning barcha hududlarida turli tadbirlar, muloqot maydonlari, oʻquv seminarlari va axborot kampaniyalari tashkil etiladi.