O'zbekistonda yana 4 ta bank Valyuta birjasi a'zoliliga qabul qilindi

    Bu orqali ular moliya bozorida qator huquqlarga ega bo'lishdi.

    Xususan, “Hayot bank”, “Yangi bank”, “Smart Bank” va “APEX bank” aksiyadorlik jamiyatlari birja operatsiyalarida faol ishtirok etish hamda O'zbekiston moliya bozorida o'z imkoniyatlarini kengaytirish huquqiga ega bo'lishdi, deb yozmoqda O'zRVB rasmiy kanali.

    “Smart Bank” - C toifasi, “APEX bank”, “Hayot bank” va “Yangi bank” esa barcha - “A”, “V” va “S” toifalari bo'yicha O'zRVB a'zoligiga qabul qilindi.

    “A” toifasi a'zolarga chet el valyutasi bozorida operatsiyalarni, shu jumladan, valyutaviy fyuchers shartnomalari bilan operatsiyalarni amalga oshirish va savdolarda qatnashish huquqini beradi.

    “V” toifasi O'zRVB a'zolariga davlat qimmatli qog'ozlari birja bozoridagi savdolarda qatnashish va operatsiyalarni amalga oshirish huquqini beradi.

    “S” toifasi bo'yicha a'zolik - banklararo pul bozori hamda Markaziy bankning tijorat banklari bilan kredit va depozit auksionlarida operatsiyalarni amalga oshirish va savdolarda qatnashish huquqini beradi.

    Ma'lumot uchun, birja savdolari ishtirokchilari sonini kengaytirish, shuningdek, moliya bozori subyektlarini qo'llab-quvvatlash maqsadida O'zRVBga a'zo bo'lish uchun yig'imlar va to'lovlar undirilmaydi.