Ma’lumot uchun: Markazning asosiy maqsadi – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining axborotga bo‘lgan talabini qondirish, internetning milliy segmentini g‘oyaviy jihatdan boyitish, aholining barcha qatlamlarida, ayniqsa yoshlarda tajovuzkor kontentga nisbatan mustahkam immunitetni shakllantirish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik sub’ektlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari vakillarining mediasavodxonligini hamda axborot xizmatlari xodimlari, jurnalistlar va blogerlarning malakasini oshirishga ko‘maklashishdan iborat.
Guvohnomani topshirish tadbirida markazning respublikamizdagi OAV tahririyatlari xodimlari hamda jurnalistlarning professional ijodiy salohiyatini oshirish, yoshlarda media va axborot savodxonligini shakllantirish, milliy axborot xavfsizligini ta'minlashga ko‘maklashish, axborot sohasiga oid qonunlar va dasturlarni ishlab chiqish hamda qabul qilishda qonun tashabbuskorlari, jamoat fondlari, Parlament vakillari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlik olib borish kabi mas'uliyatli ishlariga ishonch bildirildi.
«Yangi media ta'lim markazi» NTT xalqaro va milliy media makondagi yetakchi mutaxassislarni jalb etgan holda seminar-treninglar, davra suhbatlari, mahorat maktablari, press-turlar, o‘quv ijodiy laboratoriyalari, to‘garaklar, maxsus o‘quv kurslarini tashkil etishni rejalashtirgan.
Shuningdek, milliy OAVning xalqaro axborot hududi arxitektonikasidan munosib o‘rin egallashishiga ko‘maklashish, milliy jurnalistikani nazariy jihatdan rivojlantirish uchun jurnalistika yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislarni jalb qilgan holda darsliklar, elektron darsliklar, o‘quv va metodik qo‘llanmalar yaratish masalalariga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Markaz o‘z oldiga yoshlarni ijtimoiy tarmoqlarning salbiy ta’sirlaridan himoyalash, ularda internetdan samarali foydalanish ko‘nikmalarini hosil qilish, feyk va manipulyativ axborotlarga nisbatan immunitetni shakllantirish, bu borada davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni ham maqsad qilgan.
Shuningdek, davlat va nodavlat tashkilotlari uchun PR kampaniyalar, ivent-menejment, marketing va brending, imijmeyking, krizis menejmentga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etish, respublika va xalqaro miqyosidagi media ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va uni joriy etishda bevosita ishtirok etish ham nazarda tutilgan.
Adliya vazirligi matbuot xizmati.