"Shu munosabat bilan O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assosiasiyasining Bosh Assambleyasi o‘tkazildi" deya xabar bermoqda Turizm va sport vazirligi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, Milliy Paralimpiya assosiasiyasi rahbariyati, xodimlari, trenerlar, sportchilar, Turizm va sport vazirligining hududiy bo‘limlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri A.Abduhakimov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda paralimpiya harakatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan yutuqlarga alohida to‘xtalib, bu jarayonda O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assosiasiyasining xizmatlarini alohida e'tirof etdi.
Shu bilan birga soha rivojida bir qator muammolar to‘planib qolgani, ularni bartaraf etishda yaqinda imzolangan “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assosiasiyasi Bosh Assambleyasi o‘z ishini boshladi. Uni assosiasiya raisining o‘rinbosari Sharif Mo‘minjonov olib bordi.
Bosh Assambleya yig‘ilishida “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori asosida O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasini tashkil etish taklifi ma'qullandi.