Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, uchrashuv kun tartibi doirasida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikning jadal rivojlanishini mamnuniyat bilan eʼtirof etdilar. Yuqori texnologiyali sanoat korxonalarini yaratishga urg‘u bergan holda qo‘shma investitsiyaviy loyihalari portfelini kengaytirish va diversifikatsiya qilish uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladilar.
Manzilli uchrashuv va muzokaralarni tashkil etish orqali BAAning yirik korporatsiyalari va O‘zbekistonning tegishli idora va kompaniyalari o‘rtasida birgalikda ishlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Amirliklar tomoni qishloq xo‘jaligi sohasida sheriklikni kuchaytirish ustuvorligini taʼkidladi va shu munosabat bilan zamonaviy sifat standartlariga muvofiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va keyinchalik BAA bozoriga eksport qilish uchun O‘zbekistonda yirik qo‘shma agrosanoat klasterlarini tashkil etishning imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Muloqot chog‘ida muntazam ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga ko‘maklashish maqsadida Amirliklar va O‘zbekiston ishbilarmon jamoalari vakillari ishtirokida qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shuningdek, uchrashuvda maqsadli ko‘rsatkichlar va kutilayotgan aniq natijalarni belgilagan holda hukumatlararo komissiya shaklida ikki tomonlama hamkorlik qilish mexanizmini sifat jihatidan takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishga kelishildi.
Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini 2021 yilning birinchi choragida Abu-Dabida o‘tkazishga kelishib oldilar.