Haftalik Hilol Nasimovning “Vatan ostonasi” filmi namoyishi va suratga olish guruhi bilan ijodiy uchrashuvdan boshlandi.

Haftalik doirasida “Kim deyay seni”, “Matonat maktabi”, “Talvasa”, “Quyosh taʼmi”, “Muhabbat bahori”, “101 reys”, “Parining sovgʻasi” kabi filmlarni, shuningdek yosh kinomatografistlar tomonidan, “Debyut – 2020” va “Debyut start – 2021” loyihalari doirasida suratga olingan qisqa metrajli badiiy filmlarni namoyish etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, yosh kinoijodkorlar uchun “Sahnalashtirish sanʼati”, “Operatorlik sanʼati”, “Kinoda ifodali yechimlar”, “Rejissor nigohi”, “Kinematografiyada grimning roli” kabi yoʻnalishlar boʻyicha mahorat darslari oʻtkaziladi.

Haftalikning eng asosiy tadbirlaridan biri 2022-yilda talabalarni kinoloyihalarga jalb etish boʻyicha Kinomatografiya agentligi va oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik shartnomalarini imzolash marosimi boʻladi.

Haftalikning kulminatsion tadbiri “YANGI OʻZBEKISTONDA INSON QADRINI ULUGʻLASH!” shiori ostidagi professional yosh kinoijodkorlarga moʻljallangan loyiha gʻoliblarini diplom bilan taqdirlash hamda mahorat darslari gʻoliblariga sertifikat va esdalik sovgʻalari topshirish ishlari amalga oshiriladi.

Eslatib oʻtamiz, “Yoshlar va kino” Haftaligi joriy yilning 3-iyuliga qadar davom etadi, deb yozmoqda Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi matbuot xizmati.