Oʻzbekistonda COVID-19 bilan kasallangan bemorlarning uyda davolanishi boʻyicha qoʻllanma ishlab chiqildi

    Salomatlik 14 Iyul 2020 5187

    Koronavirus infeksiyasining yengil formasi bilan kasallanib, uyida davolanayotgan bemor oʻzini qanday tutishi kerak, u bilan birga yashayotganlar nimalarga eʼtibor berishi kerak, ahvolini nazorat ostida ushlab turishda nima yordam beradi?

    Bunday savollarga Oʻzbekiston Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi tomonidan ishlab chiqilgan Klinik qoʻllanma javob topishga yordam beradi.

    Dastavval shunga eʼtibor qaratamizki, har qanday kasallikni shifokor nazorati ostida davolash lozim! Qoʻllanmada koʻrsatilganidek, “uyda davolanish jarayonida, yaʼni kasallik alomatlarining butunlay yoʻqolib ketguniga qadar yordam koʻrsatish boʻyicha bemor bilan shifokor oʻrtasida oʻzaro munosabat yoʻlga qoʻyilgan boʻlishi zarur”.

    Mazkur hujjat ustida Milliy palata ekspertlari tomonidan olib borilgan ish joriy yil 30-iyunda yakuniga yetkazilgan va ikki haftadan soʻng Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan maʼqullangan, yaʼni shifokorlar ham, bemorlar ham unga qarab ish tutsa boʻladi.

    Yana shunisi ham muhimki, ushbu Klinik qoʻllanma Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) tavsiyalariga muvofiq tayyorlangan.

    Soʻngi maʼlumotlarga qaraganda, koronavirus bilan kasallangan bemorlarning 40 foizida kasallik yengil kechadi. Agar kasallikning shunday kechishini qisqa taʼriflasak, unda COVID-19ni aniqlashga xos klinik holatlar mavjud, lekin virussiz pnevmoniya yoki gipoksiya belgilarisiz.

    Bunda shuni bilish muhimki, COVID-19 infeksiyasi bilan kasallanganligi laboratoriya tomonidan tasdiqlangan, yoki shunday ehtimol mavjudligi, yoki shunday holatga shubha uygʻotgan barcha shaxslar virusning yana-da tarqalishini olish maqsadida uyda oʻzini oʻzi yakkalashi lozim boʻladi.

    “COVID-19 ning yengil formasi bilan kasallangan bemorlarni davolash boʻyicha Vaqtinchalik klinik qoʻllanma” hujjatida kasallikning yengil kechishiga xos boʻlgan asosiy kasallik belgilari sanalib oʻtgan. Ular orasida tana haroratining 38°S dan oshishi (yoki haroratning koʻtarilmasligi), terlash, umumiy holsizlik, yoʻtal,sirqovlanish, tumov yoki tomoq ogʻrigʻi, tomoq qichishi, koʻngil aynishi, qayt qilish va (yoki) diareya, tananing qaqshashi, bosh ogʻrigʻi, taʼm va hid sezishning buzilishi.

    COVID-19 ning yengil formasi bilan kasallangan bemorni qayerda davolash — tibbiyot muassasasidami yoki uydami, — haqidagi qaror har bir aniq holatda qabul qilinishi kerakligi koʻzda tutilgan. Bu yerda muhim mezonlardan biri bu — holatning birdan yomonlashuvining mavjud emasligi, shuningdek, bemorning uy sharoitini baholash ham muhim.

    Hujjatning alohida boʻlimi sifatida “Bemor va uning oila aʼzolari uchun tavsiyalar” ajratilgan. Bu yerda, xususan, “Bemorni parvarish qiladigan shaxslar soni chegaralangan boʻlishi lozim. Aslida sogʻligi mustahkam, asoratli kasalliklarsiz yoki immuniteti past boʻlmagan bir kishi tanlanishi lozim”ligi koʻrsatiladi.

    Bevosita davolashga, hujjat tili bilan soʻzlaganda, COVID-19 ning yengil formasi bilan kasallangan bemorni davolashga kelsak, Klinik qoʻllanmaga muvofiq, “simptomatik davolash: isitmasi koʻtarilganda yoki ogʻriqni pasaytirish uchun haroratni tushiradigan dori vositalari, holatga mos ovqatlantirish va suv balansini ushlab turish” tavsiya etiladi.

    Simptomatik davolash quyidagilarni koʻzda tutadi: isitmani tushirish uchun — haroratni pasaytiradigan dori vositalari, masalan, paratsetamol, ibuprofen,; kompleks terapiya uchun rinit va/yoki rinofaringit — namlaydigan/ eliminatsion dor vositalari, burun-dimogʻ orqali qoʻllaniladigan dekongestantlar; nafas yoʻllarining yalligʻlanishi terapiyasi uchun — mukoaktiv, bronxolitik va boshqa dori vositalarini qoʻllash.

    Shuningdek, jumladan rinitni uyda davolash uchun, burun bitganda va boshqa bir qator holatlarda yana boshqa tavsiyalar ham berilgan. Kasallikning yengil turida yaxshi ovqatlanish kerak boʻladi, albatta, iliq holda, vaznning har bir kilogrammiga nisbatan 30 millilitr hisobida (organizmdan zaharlarni quvib chiqarish, shilliq pardani namlab turish va tomoq-burundagi ajratmalarning ajralishini yengillashtirish maqsadida).

    Zudlik bilan tibbiy yordam talab qilinadigan xavotirli alomatlarga eʼtibor qaratiladi. Jumladan, bosh aylanishi, nafas olishning ogʻirlashishi, koʻkrakda ogʻriqning paydo boʻlishi, organizmning qurib ketishi va boshqalarga.

    “COVID-19 ning yengil formasi bilan kasallangan bemorlarni davolash boʻyicha Vaqtinchalik klinik qoʻllanma” nafaqat shifokorlar va bemorlar uchun muhim hujjat hisoblanadi, shu bilan birga COVID-19 haqidagi bilimlar bilan qiziquvchilar uchun isbotlangan tibbiyot va xalqaro tajribaga asoslangan keng axborot manbai ham boʻlib xizmat qiladi.

    U bilan ishlab chiqaruvchilarning — Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash Milliy palatasining https://uzhealth.uz/ru/menu/natsionalnye-klinicheskie-protokoly sayti orqali tanishi mumkin.

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Innovatsion sogʻliqni saqlash Milliy palatasi

    matbuot xizmati.