Videokonferentsiyada 30 kishi, shu jumladan diplomatik missiyalar, biznes doiralar va xalqaro universitetlar vakillari, AQSHning etakchi yuridik  va konsalting firmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Videokonferentsiya ishtirokchilari O'zbekistonda keyingi uch yilda Prezident SH.M. Mirziyoev rahbarligida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini isloh qilish bo'yicha ulkan ishlar amalga oshirilganligini alohida ta'kidadilar. Bu yo'nalishda erishilgan muvaffaqiyatlar xalqaro hamjamiyatning, shu jumladan tadbirkorlarning O'zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqishi ortishiga turtki berdi.

Uchrashuvda ishtirokchilar O'zbekistonda COVID-19 virusi tarqalishiga qarshi ko'rilgan choralardan xabardor etildi. Bunda pandemiya davrida hukumat tomonidan aholini va tadbirkorlarni hukumat tomonidan qo'llab-quvvatlash bo'yicha inqirozga qarshi qator chora-tadbirlar samaradorligiga e'tibor qaratildi.

Mamlakatimizda investitsiya muhitini erkinlashtirish dasturi va AQSH tadbirkorlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik ustuvorligi muhokamaning asosiy mavzusi bo'ldi. O'zbekiston Respublikasi parlamenti tomonidan qonunchilik-huquqiy asoslarni takomillashtirish va investitsiya huquqini me'yoriy tartibga solish samaradorligini yaxshilash bo'yicha faol ishlar olib borilayotganligi ta'kidlandi. Mazkur yo'nalishlarda qabul qilingan to'g'ridan-to'g'ri ta'sir ko'rsatadigan qonunlar mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilashga va tadbirkorlikning barcha shakllarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Ta'kidlanganidek, so'nggi yilda Jahon bankining va Xalqaro moliyaviy korporatsiyaning “Biznes yuritish” yillik hisobotida mamlakatimiz 7 pog'onaga yuqoriladi va korxonalarni ro'yxatdan o'tkazish, kontraktlar ijrosini ta'minlash, minoritar investorlarni himoya qilish kabi ko'rsatkichlar yaxshilandi. Bu, o'z navbatida, qator rivojlangan industrial mamlakatlardan o'zib ketish imkonini berdi. SHu munosabat bilan ishtirokchilar qurilishga ruxsat olish, mulkchilikni ro'yxatdan o'tkazish kabi muammoli indikatorlar bo'yicha O'zbekiston o'rnini yaxshilash maqsadida vazirliklar va idoralarda maxsus ishchi guruhlar tashkil etilganligidan xabardor etildi.

SHuningdek, uchrashuvda O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo'shilishi yuzasidan AQSH tomoni bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi. SHu munosabat bilan bu yo'nalishda tomonlarning hamkorligini yanada chuqurlashtirish imkoniyatlari ko'rib chiqildi.

Mazkur uchrashuv mamlakatimizda faoliyat ko'rsatayotgan AQSHning etakchi kompaniyalari vakillariga tadbirkorlik muhitini va ikki tomonlama hamkorlikni yaxshilashga qaratilgan qator takliflarni bildirish imkonini berdi. Xorijiy hamkorlar tomonidan parlament nazoratiga olingan aniq masalalar ko'tarilganligini alohida qayd etish muhim.

Ishtirokchilar bunday uchrashuvlar hamkorlarga axborot etkazish, shuningdek qonun chiqaruvchi organlar va O'zbekistonda faoliyat ko'rsatayotgan xalqaro biznes tuzilmalari o'rtasida muloqotni qo'llab-quvvatlash imkonini berishini ta'kidladi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati