Videokonferensiyaga Oʻzbekistonning Isroil davlatidagi favqulodda va muxtor elchisi Feruza Mahmudova moderatorlik qildi. Onlayn muloqotda Buxoro yahudiylari jamoatchilik markazi raisi Abram Isoqov, “Buxoro Merosi” (“Naslediye Buxari”) ilmiy-oʻrganish markazi (NIS) direktori Robert Almiyev, Buxoro yahudiylarining Vena jamoatchilik markazi prezidenti Shlomo Ustoniyazov, “Dimona” munitsipaliteti xodimi Yuriy Itxakovlar ishtirok etdilar.

Shundan soʻng viloyat hokimining oʻrinbosari Botirjon Shahriyorov soʻzga chiqdi.

Shuningdek, qadimiy va muqaddas Buxoroning sayyohlik salohiyati haqida maʼlumot berildi. Xususan, soʻnggi 4 yilda viloyatga tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijiy sayyohlarning oqimi 3,5 barobardan ziyodga oʻsgani, tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolarni ziyorat qiluvchilar soni koʻpayib borayotganiga eʼtibor qaratildi.

Ayni kunda Buxoroda 40 dan ortiq turli millat vakillari istiqomat qilmoqda. Qolaversa, hozirda Buxoroda istiqomat qilayotgan 80 ga yaqin oiladagi 200 dan ortiq yahudiylar viloyatda oʻtkaziladigan madaniy, ilmiy-maʼrifiy va bayram tadbirlarda faol qatnashib kelmoqdalar.

Oʻzbekistondagi birinchi yahudiy maktabi ham aynan Buxoroda tashkil etilganligi alohida qayd etildi.

Bundan tashqari, Buxoro yahudiylari bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik aloqalari haqida ham fikr-mulohazalar bildirildi. Tadbir jarayonida fursatdan foydalanib Botirjon Shahriyorov barcha yahudiylarni Buxoroga sayohat va ziyoratga kelishga taklif qildi.

Videokonferensiyada Buxoro yahudiylarining butunjahon Kongressi bosh direktori Yuda Bloin soʻzga chiqdi. Qadim Buxoroga sayohatga kelishni rejalashtirayotgani, turizm yoʻnalishida ulkan imkoniyatlarga ega viloyat bilan har tomonlama, iqtisodiy, gumanitar va madaniy sohalarda aloqalarni yangi bosqichga koʻtarish tarafdori ekanini bildirdi.

Onlayn muloqotda ishtirokchilar Buxoro yahudiylari haqida hikoya qiluvchi qisqa metrajli “Zemlyaki” (vatandoshlar) deb nomlangan hujjatli film va Buxoroning turistik salohiyati haqida taqdimot va turizmga oid videorolikni tomosha qilib, tasavvurlarini yana-da boyitdilar.

Viloyat turizmni rivojlantirish departamenti