Shu yil 24-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga uchinchi Murojaatnomasini taqdim etdi. Davlat rahbarining maʼruzasi mamlakatni isloh qilish yoʻlida muhim qadam boʻldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur Murojaatnomasida oldingidek eski, samarasiz ish uslubidan voz kechib, boshqaruvning demokratik va bozor munosabatlariga asoslangan shakllarini joriy qilish, shuningdek, kuchli vakillik hokimiyati zarurligini alohida taʼkidladi.

Davlat rahbari yangi saylangan deputatlarni islohotlarni amalga oshirishda qatʼiyatli va jurʼatli boʻlish, ijro hukumatiga qarab qolmaslik, saylovchilar manfaatini ifodalaydigan aniq pozitsiyani bildirishga chaqirdi.

Prezident samarali faoliyat koʻrsatadigan parlamentga tayangan holda oʻzaro muvozanat va tiyib turishga asoslangan barqaror tizimni shakllantirishga intilmoqda. Shavkat Mirziyoyev hokimiyatni qatʼiy vertikal asosda shakllantirish maqsadga muvofiq emasligini aniq tushunadi. Biroq mamlakatda parlament nomigagina faoliyat yuritsa, buning iloji boʻlmaydi.

Shu bois Prezident Shavkat Mirziyoyev mustaqil parlamentni shakllantirmoqda. Bu jarayonda fuqarolarning manfaatidan kelib chiqib qonunlarni qabul qilish salohiyatiga, zarur malaka va irodaga ega boʻlish Oliy Majlis faoliyatining ustuvor jihatlaridan hisoblanadi.

Parlament aʼzolari maqomi va obroʻsini oshirishga daʼvatlar ham aynan shular bilan bogʻliq. Buning uchun davlat rahbari vazir va idora rahbarlarining deputatlik soʻrovlariga shaxsan javob qaytarishi lozimligini qonunan belgilab qoʻyishni taklif qildi.

Albatta, islohotlarni taklif qilish boshqa, ularni amalga oshirish boshqa. Ayni paytda davlat tomonidan konkret islohotlar amalga oshirildi. Oʻzbekiston tarixida birinchi marta Bosh vazir Vazirlar Mahkamasi tarkibini tasdiqlash uchun parlamentga taqdim qildi. Shu bilan birga, parlamentning oʻzi ham faollasha boshladi. Bunday oʻzgarishlar parlament tomonidan taklif qilinayotgan qonun loyihalarini koʻrib chiqish jarayonida yaqqol koʻrinmoqda.

Qonunchilik palatasining oldingi tarkibida 16 ta qonun loyihasi muhokamalardan oʻtmagan va qayta ishlash uchun tashabbus egalariga qaytarilgan. Taqqoslash uchun: 2010–2014-yillarda deputatlar tomonidan birorta ham qonun loyihasi qaytarilmagan.

Bularning barchasi siyosiy partiyalarning qizgʻin debatlari natijasi ekani eʼtiborga molik. Ushbu jihatlar bugungi parlamentni oldingi, yaʼni hamma meʼyoriy hujjatlar loyihasi bir ovozdan qabul qilinadigan parlamentdan ajratib turadi. Bunday oʻzgarishlar muhim: ular eski tizim, yaʼni “qonunlarni yuqoridan koʻrsatma asosida qabul qilish” oʻtmishda qolganini koʻrsatadi.

Amalda oʻzaro tiyib turish va muvozanatni saqlash tizimi mustaqil hamda samarali ommaviy axborot vositalarisiz faoliyat koʻrsata olmaydi.

Hozir, oʻtgan davrdan farqli ravishda, oʻzbek ommaviy axborot vositalari toʻrtinchi hokimiyat rolini muvaffaqiyatli bajarmoqda. Ular odamlarni qiynayotgan dolzarb muammolarni aniqlab, aholining ijtimoiy kayfiyati va islohotlar muvaffaqiyatining muhim barometriga aylanmoqda. Ushbu amaliyotning kelgusidagi rivoji Oʻzbekistonga islohotlarni yuqoridan quyiga koʻrsatma asosida emas, balki “quyidan yuqoriga” tamoyili asosida amalga oshirishga imkon beruvchi “qayta aloqa” mexanizmini qoʻllash imkonini beradi.

Oʻzbekistondagi tizimli oʻzgarishlarning yana bir muhim jihati – nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) yoki fuqarolik jamiyati atamalari ostida birlashgan mustaqil fuqarolik tashabbuslaridir.

Hozir hukumat NNTlarni davlat apparati faoliyatini monitoring va ijtimoiy nazorat qilish vositasi sifatida mustahkamlashga urinmoqda. NNTlar siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi vaziyatning monitoringi boʻyicha 700 dan ortiq tashabbus bildirdi.

Amalda siyosiy islohotlar yangi iqtisodiy model tomonidan qoʻllab-quvvatlanmasa, muvaffaqiyatli kechishi qiyin. Sobiq ittifoq davridan qolgan koʻplab institut, tuzilma va odatlar yangicha fikrlash va boshqaruvga toʻsqinlik qilishi shubhasiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari Bosh vazir sifatidagi faoliyati uning bunday kamchiliklar mavjudligini juda yaxshi bilishini va bu borada vaqtinchalik choralar koʻrish koʻzlangan natijani bermasligini aniq-tiniq tushunishini koʻrsatadi.

Shu bois, u haqiqiy bozor tamoyillari asosida faoliyat yurituvchi yangi iqtisodiy model ishlab chiqish taklifini ilgari surdi. Shu kabi taklif va tashabbuslar Prezident hamda uning administratsiyasi koʻzlangan maqsadga tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash orqali erishish niyatida ekanini koʻrsatmoqda.

Biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha saʼy-harakatlar koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga salbiy taʼsirini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlarda ham namoyon boʻlmoqda. Inqirozga qarshi ishlab chiqilgan maxsus dastur bank sektori, ishlab chiqarish va mehnat munosabatlarini oʻz ichiga oladi. Koronavirus oqibatlarining salbiy taʼsirini yumshatish uchun
1 milliard dollar miqdoridagi mablagʻga ega maxsus jamgʻarma tashkil etildi. Oʻzbekiston hukumati kichik va oʻrta biznes, eksport qiluvchi korxonalar, turizm, transport va mehmonxona biznesi, shuningdek, aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Oʻzini oʻzi yakkalash rejimiga oʻtishga majbur boʻlgan tadbirkor va fuqarolarning ehtimoliy yoʻqotishlarini minimallashtirish uchun keng imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilgan. Xususan, mulk va yer soliqlarini toʻlash muddati kechiktirildi, turistik soliq toʻlovlari muzlatib qoʻyildi. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari kamaytirildi, qator soliqlarga ustamalar ham toʻxtatildi.

Fuqarolarning ijtimoiy ehtiyojmand qatlami ham eʼtibordan chetda qolgani yoʻq. Bu jarayonda davlat va jamiyatning samarali hamkorligi yuzaga keldi. Mamlakatning har bir hududida tegishli xayriyalarni muvofiqlashtiruvchi markazlar tuzildi. Ularda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining 18,5 mingga yaqin volontyori faoliyat koʻrsatmoqda. Bugungi kunga kelib ular tomonidan 200 mingga yaqin ehtiyojmand oilaga begʻaraz yordam koʻrsatildi.

Bundan tashqari, aholining ijtimoiy zaif qatlamini manzilli qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini tashkil etish boʻyicha tashabbus koʻrsatildi. Davlat rahbari tadbirkorlarni ixtiyoriy ravishda ehtiyojmandlarga begʻaraz yordam berish kabi masʼuliyatli ishga bosh qoʻshishga chaqirdi.

Oʻz navbatida, davlat bunday tadbirkorlarga soliq, lizing, kredit, kerakli resurslardan foydalanish imkonini berish borasida turli imtiyoz va preferensiyalar taqdim etadi.

Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Qoʻchqorov taʼkidlaganidek, tadbirkor sarflagan har bir soʻm davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi.

Jahon iqtisodiyoti rivojlanishining soʻnggi yuz yilligi bir haqiqatni ishonch bilan tasdiqladi: tadbirkorlik faoliyati erkinligi taʼminlangan mamlakatlarda fuqarolar farovonligi oshgan va aksincha, toʻsqinlik qilish salbiy oqibatlarni yuzaga keltirgan. Oʻzbekistonning sobiq ittifoq davridagi oʻtmishi ham bu soha rivojiga toʻsqinlik qilish oqibatlari qandayligini yaqqol isbotlaydi. Soʻnggi bir necha yilda Oʻzbekiston iqtisodiyotda qatʼiyat bilan fundamental islohotlarni amalga oshirmoqda. Ushbu saʼy-harakatlar oʻzining sezilarli natijalarini bermoqda.

Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, koronavirus paydo boʻlguniga qadar Yevropa va Markaziy Osiyoning rivojlanayotgan mamlakatlarida YAIMning yillik oʻsish darajasi 2,2 foizni tashkil qilgan, ammo Oʻzbekistonda oʻsish darajasi ushbu koʻrsatkichdan 2,5 barobar yuqori boʻlgan. Oʻzbekiston, shuningdek, ilk bora S&P, FitchRatings, Moodyʻs kabi yetakchi xalqaro reyting agentliklarining suveren kredit reytingida yuqori koʻrsatkichlarni olishga muvaffaq boʻldi. Bir milliard dollarlik obligatsiyalarni muvaffaqiyatli joylashtirish esa bozorning mamlakat iqtisodiy rejalariga ijobiy javobi boʻldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev davlatning paxta va gʻalla ekinlari ustidan monopoliyasini bekor qildi. Bu islohot vaqt oʻtishi bilan soʻzsiz ulkan diversifikatsiya, ixtisoslashuv va eksport hajmining oshishiga olib keladigan, qishloq xoʻjaligi sohasida haqiqiy bozor iqtisodiyotini yaratish sari qoʻyilgan dadil qadamdir.

Mamlakatning yana-da taraqqiy etishiga jiddiy zarar yetkazadigan va xalal beruvchi omil korrupsiyadir. Unga toʻqnash kelgan koʻplab boshqa davlatlar kabi Oʻzbekiston ham bu oʻrinda yagona yechim yoʻqligini tushunadi. Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyev kompleks chora-tadbirlar olib bormoqda. Ular orasida toʻliq valyuta konvertatsiyasi, davlat shartnomalarini qayta ishlash, soliq va toʻlovlarni undirish jarayonini raqamlashtirish, sud-huquq tizimi va yuridik taʼlimni isloh qilish kabi saʼy-harakatlar bor. Bundan tashqari, davlat xizmatchilari uchun oʻz daromadi va mol-mulki toʻgʻrisida ommaviy ravishda hisobot berish kabi talab joriy qilinmoqda.

2017-yilda Oʻzbekiston parlamenti “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qildi. Bundan tashqari, oʻtgan yili parlamentning ikki palatasida Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitalari tuzilib, ularda, asosan, xorijda oʻqigan, zamonaviy yuridik taʼlimga ega yoshlar ish boshladi.

Bu qisqa muddatda bajarilgan ish, biroq Oʻzbekiston Transparency International xalqaro tashkilotining korrupsiyani qabul qilish indeksida besh pogʻona yuqoriladi. Bu natija hozirgi kunda mamlakatda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borilayotgani, bunga davlat ham, jamoatchilik ham jiddiy eʼtibor qaratayotganidan dalolat beradi. Bu sohada yana-da yuqori natijalarga erishish uchun Prezident alohida Korrupsiyaga qarshi kurashga ixtisoslashgan organ tuzishni taklif qildi. Xalqaro tajriba shuni koʻrsatadiki, korrupsiyaga qarshi kurashadigan tom maʼnodagi mustaqil tuzilmalarni tashkil etish ular faoliyati samaradorligini tubdan oshirishga imkon beradi.

Aholi turmush darajasi oshmasa, islohotlar samara bermaydi. Soʻnggi ikki yilda Oʻzbekistonda real daromadlar 49 foizga oshdi. Davlat pensiya va ijtimoiy taʼminot boʻyicha toʻlovlar miqdorini oshirdi. Hukumat tomonidan taklif etilayotgan 700 million dollar miqdoridagi jamgʻarma kam taʼminlangan fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, ularga oʻz koʻnikmalarini rivojlantirish va imkoniyatini oshirishda koʻmaklashishga qaratilgan.

Har qanday davlatda islohotlar jarayoni boshlanishi jamoatchilikda shubha va qoʻrquv bilan birga, orzu-umidlar uygʻonishiga ham sabab boʻladi. Bularning barchasi Oʻzbekistonga ham xos, biroq bugungi kunda optimistik qarash shubha va xavotirlardan ancha ustun. Bu haqiqiy va tizimli islohotlar yoʻlida muhim qadamlar qoʻyilayotgani bilan bogʻliq.

Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlar, muammo va kamchiliklar haqida ochiq gapiradi. Fuqarolarning davlat va iqtisodiyotni boshqarish, korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat idoralari masʼuliyatini oshirishdagi ishtiroki haqida soʻz yuritar ekan, oʻz islohotlari strategiyasining keng jamoatchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlanishiga erisha oldi.

Islohotlar samara berishi tobora oydinlasharkan, oʻzgarishlar jarayoni odamlar kuchiga kuch, gʻayratiga gʻayrat qoʻshmoqda. Natijada bundan nafaqat Oʻzbekiston fuqarolari, balki ularning Markaziy Osiyodagi qoʻshnilari ham manfaat koʻradi. Har qanday vaziyatda ham, Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida taʼkidlaganidek, “ortga yoʻl yoʻq”.

Eldor Aripov,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori