Korrupsiya konturlari va oqibatlari: Korrupsiya deganda, umumiy maʼnoda, shaxsiy boylik orttirish va shaxsiy manfaati yoʻlida shaxsga ishonib topshirilgan lavozimini qasddan va noqonuniy suiisteʼmol qilish tushuniladi.

Korrupsiya boshqaruvning barcha darajalarida uchraydi: global, milliy va mahalliy. Barcha turdagi agentlar (jismoniy shaxslar, korxonalar, davlat xizmatchilari va siyosatchilar) korrupsiyaga ixtiyoriy yoki noixtiyoriy ravishda jalb qilinishi mumkin.

Korrupsiya turli shakllarga ega: poraxoʻrlik, tovlamachilik, firibgarlik, mulkni oʻzlashtirish, fitna, hokimiyatni suisteʼmol qilish, xushomadgoʻylik, sovgʻa, qarindoshlik, homiylik va boshqalar.

Korrupsiyaning holatiga turli omillar: ijtimoiy va madaniy sharoit, institutsional va tashkiliy tuzilmalar, siyosiy muhit, shuningdek iqtisodiy va tarkibiy oʻzgarishlar siyosati ham taʼsir qiladi.

Yirik korrupsiya deganda, amaldagi davlat siyosatini yoʻqqa chiqaradigan, hukumat darajasida amalga oshiriladigan siyosiy va hukumat rahbarlariga xalq hisobidan manfaat koʻrishga imkon beradigan harakatlar tushuniladi.

Mayda korrupsiya deganda, odatda kasalxonalar, maktablar, militsiya boʻlimlari va boshqa joylarda asosiy xizmatlardan foydalanishga uringan oddiy fuqarolar bilan aloqa qilishda hokimiyatning quyi va oʻrta boʻgʻinlari mansabdor shaxslarining kundalik ishonchli vakolatlarini suiisteʼmol qilishlari tushuniladi.

Siyosiy sohada korrupsiya demokratik tamoyillarga oʻtish jarayonini toʻxtatadi, siyosiy maqsadlarni umummilliy rivojlanish maqsadlariga emas ayrim guruhlarning maqsadlariga tobe qiladi, qonun ustuvorligini buzilishiga, siyosiy va sud institutlari faoliyatining samarasi tushishiga, mamlakat obroʻsining tushishiga va haqiqiy siyosiy raqobatning yoʻqolishiga olib keladi, shu bilan hokimiyatga ishonch susayadi, uni jamiyatdan uzoqlashtiradi.

Iqtisodiy sohada korrupsiya davlat mablagʻlari va resurslarining samarasiz taqsimlanishi va sarflanishiga, biznesni yuritishda koʻp vaqt va moddiy xarajatlarga, moliyaviy va tijorat xavflarining oʻsishiga, narxlarning oʻsishiga, raqobat muhitining yomonlashishiga, xufiyona iqtisodiyotning oʻsishiga, soliq tushumlarining kamayishiga, investitsion muhitning yomonlashishiga, investitsiyalarning kamayishi va umuman mamlakat iqtisodiyoti samaradorligining pasayishiga olib keladi.

Ijtimoiy sohada korrupsiya ijtimoiy tengsizlik va qashshoqlikning kuchayishi, hokimiyatning byudjet sohasiga zarar yetkazuvchi “zarbalar” (“otkat”)lar tufayli ijtimoiy muammolarni yechishga qodir boʻlmay qolishi, uyushgan jinoyatchilikning kuchayishi va jamoatchilik koʻz oʻngida qonunning obroʻsizlanishiga olib keladi. Bu axloqiy meʼyorlar mohiyatining yoʻqolishiga va ijtimoiy keskinlikning oʻsishiga sabab boʻladi.

Korrupsiya qanday oʻlchanadi?

Korrupsiyani oʻlchash rasmiy muomaladan resurslarni chiqib ketishi va davlat boshqaruvidagi muammoli sohalarni aniqlashga yordam beradi. Davlat xazinasidan yoʻqotilgan pul miqdorini hisoblash bilan bir qatorda, korrupsiya toʻgʻrisidagi maʼlumotlar davlat va jamoat institutlarining alohida eʼtiborini talab qiladigan qonunchilik tizimining sifati, qonunlarga muayyan sohalarda amal qilinishi, davlat siyosatining samaradorligi kabi davlat boshqaruvining muammoli sohalari haqida xabar beradi.

Korrupsiya toʻgʻrisida nisbatan aniq maʼlumotlarga ega boʻlish tufayli hukumat davlat xizmatlarini taqdim etishdagi tengsizlik, qashshoqlik va izolyatsiya, shuningdek, pul olib chiqish (otmыvaniye), soliq toʻlashdan boʻyin tovlash va poraxoʻrlikka yoʻl ochib beradigan moliyalash tizimidagi boʻshliqlar (lazeykalar) kabi qator masalalarni hal qilish uchun samaraliroq siyosat va tartibga solish vositalarini ishlab chiqishi mumkin.

Bugungi kunda dunyoda korrupsiya darajasini oʻlchashning beshta asosiy usuli qoʻllaniladi. Ularning barchasining afzalliklari ham, kamchiliklari ham mavjud. Zero, korrupsiya toʻgʻrisida aniq maʼlumot olish juda qiyin, ushbu faoliyat bilan shugʻullanuvchi barcha shaxslar koʻp hollarda kimligi ochiqlanishini xohlamaydilar.

Oʻlchov usullari orasida eng keng tarqalgani korrupsiyani idrok etishni baholashdir (masalan, Transparency International tashkilotining korrupsiyani idrok etish indeksi, Jahon bankining korrupsiyani boshqarish indeksi). Ushbu usul mamlakat ekspertlari va aholi oʻrtasida mamlakatda korrupsiya holati toʻgʻrisida soʻrov oʻtkazishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, ushbu usulning noqulayligi shundaki, jamoatchilik va ekspertlarning fikrlariga taqdim etayotgan maʼlumotlarining ochiqligi va sifati mamlakatlar va vaqt oraligʻida turlicha boʻlgan ommaviy axborot vositalari taʼsir qilishi mumkin.

Oʻlchashning yana bir keng tarqalgan usuli – bu korrupsiyani baholash boʻyicha soʻrov usuli (masalan, Transparency International tashkilotining global korrupsiya barometri va Jahon bankining biznes soʻrovi). U mamlakatda korrupsiya muammolari bilan bogʻliq tajribasi toʻgʻrisida firmalar va aholi orasida soʻrov oʻtkazishni oʻz ichiga oladi. Yuqoridagi usulning kamchiliklari – baʼzi respondentlarning davlat organlarida korrupsiya boʻlishidan manfaatdorligidadir, shuning uchun ular korrupsiya holatlari toʻgʻrisida xabar bermaslikni lozim tutishlari mumkin.

Korrupsiyani bevosita kuzatish ham korrupsiyani baholash usullaridan biri sifatida qoʻllaniladi. Masalan, Indoneziyada toʻqqiz oy davomida tadqiqotchilar yuk mashinalari haydovchilarini kiyimini kiyib, odatiy yoʻnalishlar boʻylab yuk mashinalari haydovchilarini kuzatib borishgan va yuk mashinalari haydovchilari politsiya nazorat punktida toʻxtaganlarida qancha toʻlashganini qayd etib borishgan. 300 tadan ortiq sayohatlar davomida ular 6000 dan ortiq noqonuniy toʻlovlarni kuzatishgan. Natijada, noqonuniy toʻlovlar umumiy sayohat xarajatlarining 13 foizini tashkil etganligi maʼlum boʻlgan. Ushbu usulning noqulayligi tegishli tadqiqotlarni oʻtkazish uchun koʻp vaqt va moliyaviy xarajatlarni talab qilishidadir.

Korrupsiyani ajratish boʻyicha baholash hisobot nazorati organlari tomonidan amalga oshiriladigan hisobot xarajatlari va amalda ishlatilgan xarajatlarni taqqoslashni oʻz ichiga oladi. Ushbu usulning kamchiliklari shundaki, inspeksiya organlari xodimlarining oʻzi pora olishga va oʻgʻirlikni yashirishga moyil boʻlishi mumkin.

Korrupsiya harakatlarini aniqlashning turli xil bilvosita usullari ham mavjud boʻlib, ular boʻyicha korrupsiya holatlari korrupsiyaga bevosita aloqador boʻlmagan maʼlumotlardan foydalangan holda aniqlanadi.

Korrupsiyani oʻlchash usullari xilma-xilligiga qaramay, mutaxassislar korrupsiyaning aniq xarajatlari va oqibatlarini aniqlashda jiddiy muammolarga duch kelmoqdalar:

  • korrupsiya xatti-harakatlari odatda yashirin boʻlib, bu ularni aniqlash va yozishni qiyinlashtiradi; korrupsiya faoliyati toʻgʻrisida koʻpincha xabar berilmaydi, chunki toʻlashi kerak boʻlganlar qasos olinishidan yoki biron-bir darajada jinoyat uchun javobgarlikni oʻz zimmalariga olishlari mumkinligidan qoʻrqishadi;
  • korrupsiya turli shakllarni oladi – oʻgʻrilik, firibgarlik, qarindoshchilik, poraxoʻrlik, tovlamachilik va pul yuvish (otmыvaniye), bu korrupsiya amaliyotini yagona indikator koʻrinishida qamrab olish imkonsiz ekanini koʻrsatadi. Masalan, biror bir ishda mansabdan foydalanib oʻz yaqin kishisiga yordam berish (boshqalar zarari hisobiga) va buning uchun toʻlov olmaslik, mohiyatan korrupsiya, lekin buni aniqlashning deyarli iloji yoʻq.

Oʻzbekistonda korrupsiya dinamikasi

Oʻzbekiston korrupsiyaga qarshi kurashda uzoq muddatli ijobiy dinamikani namoyish etuvchi 16 ta davlat qatoriga kiradi.

Transparency International xalqaro tashkilotining korrupsiyani idrok etish indeksi boʻyicha, 2010-yildan beri Oʻzbekiston har yili oʻz mavqeyini yaxshilab kelmoqda. 2019-yilda Oʻzbekiston 25 ball bilan 180 davlat ichida 153-oʻrinni egallagan, 2010-yilda esa u 16 ball bilan 172-oʻrinda turgan edi.

Transparency International xalqaro korrupsiyaga qarshi barometrining 2016-yildagi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistondagi respondentlarning atigi 18 foizi pora bergani haqida xabar bergan va ularning atigi 23 foizi korrupsiyani mamlakatdagi uchta eng jiddiy muammolardan biri sifatida qayd etgan. Aholi soʻrovlariga koʻra, eng korrupsiyalashgan soha vakillari – yoʻl-patrul xodimlari (respondentlarning 17 foizi ularga pora berganligini tan olgan), taʼlim va tibbiyot xodimlari (respondentlarning 16 foizi buni tan olgan). Respondentlarning korrupsiya toʻgʻrisida xabar berishiga nima toʻsqinlik qiladi degan savolga, 39% ular bu savolga javobni bilmasliklarini aytishgan va ikkinchi eng keng tarqalgan javob “Salbiy oqibatlardan qoʻrqish tufayli” boʻlgan (17%).

Jahon banki korxonalar oʻrtasida oʻtkazgan soʻrovida firmalarga oltita turli bitimlar, jumladan soliqlarni toʻlash, ruxsatnomalar yoki litsenziyalar olish va davlat xizmatlariga ulanish boʻyicha pora berish taklif qilingan vaziyatni baholashga urinadi. Ushbu tadqiqot natijalariga koʻra, Oʻzbekistondagi vaziyat dunyo va Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi oʻrtacha koʻrsatkichlarga qaraganda yaxshiroq. Masalan, Oʻzbekistonda soʻrovda qatnashgan barcha firmalarning atigi 6 foizi oʻz amaliyotida pora talab qilinishi bilan duch kelganligini taʼkidlagan, dunyoda bu koʻrsatkich 17 foizni, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida esa 11 foizni tashkil etadi.

Jamoatchilik fikrini oʻrganish natijalariga koʻra, “Ijtimoiy fikr” markazi baʼzi joylarda korrupsiya va poraxoʻrlik darajasi yuqori darajada ekanligini aniqlagan. Masalan, fuqarolar fikriga koʻra, 2018-yilda sogʻliqni saqlash va tibbiyot sohasi korrupsiya va poraxoʻrlikka eng koʻp moyil boʻlgan – buni respondentlarning 43,7 foizi qayd etgan. Keyingi yoʻnalishlar taʼlim (39,4%) va soliq sohasi (12,2%).

Xuddi shu markaz tomonidan oʻtkazilgan “Jamoatchilik fikri koʻzgusida korrupsiyaga qarshi kurashish” soʻrov natijalariga koʻra, 2018-yilda sogʻliqni saqlash tizimi, ishga qabul qilish jarayoni, oliy va xalq taʼlimi tizimi Oʻzbekistondagi eng korrupsiyalashgan sohalar qatoriga kiritildi. Soʻng quyidagi sohalar: sudlar, prokuratura organlari, Ichki ishlar vazirligi, soliq organlari va sanitariya-epidemiologiya nazorati.

Oʻzbekistonda aniqlangan korrupsion huquqbuzarliklar davlat korxonalari va muassasalari, ichki ishlar organlari va banklar eng korrupsiyalashgan sohalar ekanligidan dalolat beradi. Ushbu joylarning aksariyati aholi tomonidan soʻrov davomida aniqlangan joylarga toʻgʻri keladi. Shu bilan birga, mansabdor shaxslar tomonidan 2013-yildan 2017-yilgacha sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlar 43 foizga kamaygan, aynan prokuratura organlari tomonidan 2015-yildan 2017-yilgacha turli korrupsion jinoyatlar uchun 14 171 shaxsga (2015-yil – 6853, 2016-yil – 4524, 2017-yil – 2794) qarshi 8572 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan (2015-yil – 3778, 2016-yil – 2860, 2017 – 1934).

Oʻzbekistondagi korrupsiya xavfi boʻlgan sohalar

Davlat xizmatlarini koʻrsatish. Boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarda boʻlgani kabi, Oʻzbekistonda ham davlat har doim ham aholiga zaruriy xizmatlarni, shu jumladan tibbiy va taʼlim xizmatlarini yetarli darajada sifatli taqdim eta olmaydi. Shu munosabat bilan, shifoxonalarda, eng yaxshi maktablarda, institutlarda va hokazolarda cheklangan joylar uchun odamlar oʻrtasida raqobat mavjud boʻlib, bu muassasalarda korrupsiya paydo boʻladi.

Tibbiy va taʼlim xizmatlaridan tashqari, Oʻzbekistonda davlat xizmatlarini taqdim etishning boshqa koʻplab sohalarida ularning aholining mavjud ehtiyojlariga mos kelmasligi kuzatilmoqda. Xususan, bu suv, gaz, isitish, sugʻorish tizimlari, asfalt yoʻllar, koʻpriklar, parklar va oʻyin maydonchalari qurilishiga tegishli. Bu ushbu tuzilmalardagi korrupsiya darajasi boshqalarga qaraganda yuqori ekanligini koʻrsatishi mumkin, chunki davlat mablagʻlari boshqa maqsadlarda ishlatilgan boʻlishi mumkin yoki bunday xizmatlarning cheklanganligi sababli birinchi boʻlib pora berganlarga xizmat koʻrsatilish holatlarini jadallashtirishi mumkin.

Iqtisodiy faoliyatni tartibga solish. Xoʻjalik faoliyati mexanizmlarini litsenziyalash va tartibga solish korxonalarga mansabdor shaxslarning “imtiyozli rejim”dan oʻz maqsadlarida foydalanish imkoniyatini yaratadi. Natijada, “foyda”ni davlat amaldorlari bilan boʻlishish mumkin, ular oʻz navbatida litsenziya berish yoki savdo-sotiqni himoya qilishni oʻz zimmalariga oladilar. Bugungi kunda Oʻzbekistonda 355 turdagi faoliyat turlari mavjud boʻlib, ularni amalga oshirish uchun tegishli litsenziya talab etiladi. Bundan tashqari, faoliyatning 140 turi turli davlat organlari tomonidan taqdim etiladigan ruxsat beruvchi hujjatlar bilan tartibga solinadi.

Shu bilan birga, Davlat xizmatlari markazida va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida murojaat etuvchilar atigi 23 ta litsenziya va ruxsatnoma olish uchun murojaat qilishlari mumkin. Qolgan 475 litsenziya va ruxsatnomalarni olish uchun ular tegishli davlat tashkilotlariga murojaat qilishlari kerak, bu qoʻshimcha xarajatlar, mablagʻlar va vaqtni talab qiladi. “Buyuk kelajak” ekspertlari tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, soʻrovda qatnashgan tadbirkorlarning 30 foizi litsenziyalar va ruxsatnomalarni roʻyxatdan oʻtkazish ular duch kelgan 10 ta asosiy muammolardan biri ekanligini koʻrsatgan.

Davlat sektorida resurslardan foydalanish ustidan nazoratning sustligi. Bugungi kunda davlat ulushi boʻlgan korxonalarning umumiy soni 2819 tani tashkil etadi, shundan 2000 tasida davlat 50% dan ortiq ulushga ega. Qoida tariqasida, davlat korxonalarida, xususiy sektorda boʻlgani kabi, xodimlarning korxona resurslaridan foydalanishi ustidan qattiq nazorat mavjud emas, bu esa korrupsiya va oʻgʻrilik uchun asos yaratadi. Eng koʻp davlat korxonalari kommunal xizmat, qurilish va xizmat koʻrsatish, ijtimoiy sohalar, turizm, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoatida faoliyat yuritayotganini hisobga olib bu sohalarda korrupsiya xavfi yuqori ekanligini taxmin qilish mumkin.

Iqtisodiyotning koʻp tarmoqlari hukumatning alohida qarorlari bilan tartibga solinadi. Investitsiyalarning umumiy hajmida davlat investitsiyalarining yuqori ulushi saqlanib qolmoqda. Davlat 37 turdagi tovarlar va xizmatlar narxlarini tartibga soladi. Bugungi kunda xususiy sektorda 4 ishchiga davlat sektoridagi 1 ishchiga toʻgʻri keladi. Binobarin, rivojlanayotgan davlatlar sharoitida davlatning nazorat funksiyalarining katta qismi saqlanib qolinishi korrupsiyaning kuchayishi bilan birga keladi. Korrupsiya bilan bogʻliq huquqbuzarliklar uchun javobgar boʻlgan mansabdor shaxslar sonining statistikasi shuni koʻrsatadiki, barcha daʼvolarning 71 foizi davlat muassasalari va korxonalar xodimlariga qarshi qoʻzgʻatilgan.

Korrupsiyaga qarshi qanday kurashish kerak?

Korrupsiyani yoʻq qilish uchun avvalambor davlatning iqtisodiyotga keraksiz aralashuvini kamaytirishga, davlat muassasalarida ishchilar sonini optimallashtirishga yoʻnaltirilgan bosqichma-bosqich chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan strategiyani ishlab chiqish kerak, bu esa keyinchalik ushbu tashkilotlarda ish haqining oshishiga olib keladi. Kelgusida quyidagi yoʻnalishlarda korrupsiyaga barham berishda kompleks yondashuv boʻyicha samarali choralar koʻrish maqsadga muvofiqdir.

  • Malakali ishchilarni tanlash. Bilim darajasi va korrupsiya oʻrtasida yaqin bogʻliqlik mavjud. Malakaliroq ishchilarning pora olish ehtimoli kamroq. Bunday sharoitda xodimlarni oʻz bilimlari asosida yollashga yondashuv korrupsiyaga qarshi kurashda samarali vosita boʻlishi mumkin. Shuning uchun davlat xizmatiga kirishga daʼvogarlarga nisbatan yagona talablarni ishlab chiqish va ochiq tanlov imtihonlari tizimini joriy etish zarur. Masalan, Janubiy Koreyada hukumat vaqti-vaqti bilan davlat xizmatchilarini tekshiradi. Davlat xizmatchisining 5-darajasini olish uchun imtihon uch bosqichdan iborat. Birinchi qadam nomzodlarning umumiy bilimlarini sinab koʻrishdir. Imtihonning ushbu bosqichining predmetlari huquq, tarix, chet tili va boshqalar. Ikkinchi bosqich nomzodlarning kasbiy bilimlarini sinab koʻrishdir. Har bir professional guruh turli predmetlarni bilishni talab qiladi, ammo iqtisodiyot va huquq umumiy fanlardir. Uchinchi bosqichda nomzodning shaxsiy xususiyatlarini tekshirish uchun suhbat oʻtkaziladi.
  • Xodimlarning motivatsiyasi (ish haqi). Nafaqat iqtisodiy nazariya, balki amaliyot shuni koʻrsatadiki, ish haqi darajasi korrupsiya sxemalarida ishtirok etishning afzalliklari bilan taqqoslanadigan, qoʻlga tushish xavfini hisobga olmaganda, korrupsiyaning oldini oluvchi asosiy omil hisoblanadi. Shuni hisobga olgan holda, davlat xizmatchilariga xususiy sektor bilan raqobatdosh ish haqi taklif qilinishi kerak. Shuningdek, davlat xizmatchilarining ish faoliyatini baholash tizimi va yuqori lavozimdagi ishchilarga ularning faoliyati samaradorligiga qarab maosh toʻlash tizimini joriy etish zarur.
  • Jazo (obroʻ, jarimalar). Korrupsiya sxemalarida ishtirok etish xarajatlarining kamligi sababli, korrupsiya faolligi oʻsmoqda. Korrupsiya uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar korrupsiyani yengishda alohida rol oʻynashi mumkin, chunki koʻp hollarda xodim uchun korrupsiya xarajatlari uning asoratlaridan kattaroqdir.
  • Monitoring (audit va aniqlash imkoniyati). Koʻpgina davlatlar “pora berish” orqali korrupsiyaga qarshi kurashda audit rolini kuchaytirish zarurligini tan olishadi. Buxgalterlar va auditorlarning global korrupsiyaga qarshi strategiyaga qoʻshadigan hissasini muhokama qilish uchun Xalqaro buxgalterlar federatsiyasi “Buxgalteriya ishi va korrupsiyaga qarshi kurashish” maʼruzasini eʼlon qildi. Yevropa Kengashining Korrupsiyaga oid Jinoyat huquqi toʻgʻrisidagi konvensiyasi mamlakatlardan har qanday davlatning mansabdor shaxslariga vaʼda berish, taklif qilish yoki biron-bir asossiz ustunlik berish uchun jinoiy javobgarlikka olib keladigan milliy qonunlarni qabul qilishga chaqiradi. Bunday jinoyat, shuningdek, buxgalteriya hisobi va hisoboti tartibini qoʻllagan holda davlat xizmatchilarining poraxoʻrligi bilan bogʻliq xatti-harakatlar toʻgʻrisida qasddan notoʻgʻri taqdim etilgan deb hisoblanishi kerak.
  • Texnologiyalar (elektron hukumat, jamoat nazorati). “Elektron hukumat”ning toʻlaqonli ishlashi davlat xaridlarining aksariyat qismini va aholi, biznes va davlat oʻrtasidagi munosabatlarning butun tizimini shaffof qilish imkonini beradi va bu tarmoqning hajmini sezilarli darajada kamaytiradi. Ikkinchisi biznesni rivojlantirishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Masalan, Singapurda koʻplab zarur xizmatlarni, masalan, pasport va tugʻilganlik haqidagi guvohnomani uyda zarur shakllarni toʻldirib, tegishli organlarga elektron pochta orqali yuborish orqali olishingiz mumkin. Hukumat bunday xizmatlarni Internet orqali taqdim etishi odatiy tarz sifatida qabul qilinadi. Shuni taʼkidlash kerakki, agar fuqaro ushbu xizmatlarni olish uchun muassasaga shaxsan tashrif buyursa, u holda ushbu muassasaga alohida ehtiyojsiz kelganlik uchun unga jarima solinadi.

Baxtishod Xamidov, ITIM
Ekonomicheskoye obozreniye №4 (244) 2020