Yurtimiz obodonchiligi, xalq moddiy-maʼnaviy ahvolini, saviyasini yuksaltirishda yillar nomi bilan bogʻliq qabul qilingan davlat dasturlari asosida amalga oshirilgan ishlar samaralari eʼtirof etilmoqda. Yurtimizda 2026-yil — Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili deb eʼlon qilindi. Bundan bosh maqsad — ona vatanimizdagi har bir inson hayotdan rozi boʻlib yashashini toʻliq taʼminlash sari yangi odimlar qoʻyish.

Prezidentimiz raisligida shu yil 23 yan­var kuni kambagʻallikni qisqartirish va aho­li bandligini taʼminlash boʻyicha oʻtkazilgan videoselektorda qator raqamlar, dalillar tilga olindi. Ularni mushohada prizmasi­dan oʻtkazgan mulohazakor inson yaqin tarixda oʻzbek jamiyatining eng muhim, tunu kun fao­liyatda boʻlgan, har birimizning taqdirimiz bogʻlangan mahallalar rivoji uchun taqdiriga bunday eʼtibor, amaliy qoʻllov rejasi tuzil­maganini tasdiqlaydi.

Fikrimiz isboti uchun ayrim dalillar keltirsak.

2026-yilda 1 million aholini doimiy ish bilan taʼminlash, 181 ming oilani kambagʻal­likdan chiqarish, kambagʻallikdan xoli mahal­lalar sonini 2,5 barobar oshirib, ishsizlik va kambagʻallik darajasini 4,5 foizga tushirish vazifalari belgilandi.

“Ogʻir” tuman va mahallalar ahlini ish bilan taʼminlash, daromadini oshirish ma­salalari atroflicha koʻrilib, avvalo, bunday hududlarni barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida 903 ta mahallaning har birida quvvati 300 kilovatt boʻlgan kichik quyosh elektr stansiyalari qurilib, “begʻaraz ak­tiv” sifatida beriladi.

Ushbu stansiyalar hisobidan har bir mahal­lada 400-500 million soʻm qoʻshimcha daromad keltiradigan “iqtisodiy aktiv” shakllanti­rilishi nazarda tutilgan.

Mahallalarda ixtisoslashuvni ragʻbatlan­tirish maqsadida qoʻshimcha moliyaviy mexa­nizmlar joriy etilib, tomorqa yer egalari va dehqon xoʻjaliklari uchun sertifikatlangan koʻchatlarni xarid qilish xarajatining 50 foizi byudjet hisobidan qoplab beriladi.

Meva turiga qarab, “shpaler”lar uchun 20 ming soʻmdan 70 ming soʻmgacha subsidiya ajratiladi.

Tomorqada tomchilatib sugʻorishni joriy qilganlarga har 1 sotix uchun 160 ming soʻm kompensatsiya toʻlanadi. Agar usta dehqonlar mahalladagi har 10 ta xonadonda eksportbop mahsulot yetishtirishni yoʻlga qoʻysa, 2 mil­lion soʻm, agar buni tomorqasi bor xonadon­larning kamida 30 foizida amalga oshirsa, qoʻshimcha ravishda 75 million soʻmdan mukofot oladi.

Ommaviy axborot vositalari sahifalari­da, turli yigʻin va tadbirlarda tilga olina­yotgan yuqoridagi raqamlarni “Yana takrorlash shartmidi?” degan eʼtirozlar oʻrinli. Chunki endi asosiy quvvatlar, eʼtibor rejalar ba­jarilishiga qaratilishi, tahlillar ham shu yoʻnalishda boʻlishi maqsadga muvofiq. Ushbu nuqtayi nazardan yondashsak, taassufki, dilda qator ishtibohlar uygʻonadi.

Prezidentimizning “Qayerda hayot yaxshi­lansa, daromad koʻpaysa, oʻsha yerda “yengil pul topish” harakatida boʻlgan jinoiy tuzilmalar ham faollashib, jinoyatning yangi usul va vosi­talari ham, eng avvalo, shu yerda paydo boʻladi” degan fikrlarini SOS ogohlantirish oʻrnida koʻrib, alohida diqqat qarataylik.

Davlatimiz rahbarining “Barcha tumanlar­da “oilaviy tadbirkorlik” boʻyicha imtiyozli kreditning eng yuqori miqdori 1,5 barobar oshirilib, 50 million soʻmga yetkaziladi. Im­port qilingan va sertifikatlangan naslli chorva uchun 100 million soʻmgacha, uy mehmon­xonasi, kichik muzlatkich, mahsulotni saqlash va qayta ishlash minitexnologiyalari uchun esa 150 million soʻmgacha garovsiz kredit ajra­tiladi” degan fikrlari oʻtgan yaqin yillarda mahallalardagi ehtiyojmand xonadonlarga yordam, qoʻllab-quvvatlash sifatida joʻjalar, tovuqlar, chorva hayvonlari tarqatilganda ku­zatilgan voqealarni yodga soldi.

“Ogʻir” toifadagi mahallalardagi boʻsh yer uchastkalari va davlat obyektlarining boshlangʻich narxini 2-3 barobar pasaytirib, ularni sotuvga chiqarish amaliyoti joriy etiladi.

2026-yilda 2 ming gektar oʻrmon yerlari 4 ming kambagʻal oilaga 50 sotixdan tutzor barpo etish uchun 10 yilga bepul ajratiladi. Pillachilik kooperatsiyasini tashkil etish uchun ehtiyojmand oilalarga 4 million soʻmdan subsi­diya, uyida pilla yetishtirish istagida boʻlgan­larga esa xonadonni jihozlash va uskuna xaridi uchun 20 million soʻmgacha foizsiz ssuda beri­ladi — mana shu moddiy qoʻllovdan ham ilmu tadbirkorlik, xalq tajribalariga asoslanib foydalanilsa, qancha yangi-yangi iqtisodiy sa­marador imkoniyatlar eshigi ochiladi.

Oʻtgan asrning ikkinchi yarmida katta avlod vakili boʻlgan onalar, buvilar uchun kelinlik sepida pombarxat deb ataladigan matodan koʻy­lagi boʻlishi orzu edi. Oddiy mehnatkash xalq vakillari haqida gapiryapman. Sof pilla ipagi­dan toʻqilgan, juda chiroyli bu mato Xitoydan, Yaponiyadan olib kelinardi. Garchi oʻsha yilla­ri ilk bahorning izgʻirin kunlaridan boshlab qishloqlar, shaharlarning ham ayrim oilalari oʻzlari ayvonga, hovliga koʻchib, uylarini pilla qurtiga boʻshatib berib, qurt boqib, katta pil­la hosili olsa-da, eng sifatli ipak matolar xorijdan keltirilishiga tushunmasdim. Bir safar toʻqimachilik sohasining yetuk mutaxassi­si — masʼul idoralardan birida ishlaydigan xodimga shu fikrimni aytdim. Uning javobidan maʼlum boʻldiki, pillamizning “qorapachoq” deb ataladigan, yaʼni ipak qurti ichida kapalakka ay­lanmay oʻlib qolganidan keyin qorayib ketadi­gan eng past navini ham yengil sanoati taraqqiy etgan davlatlar sotib olib, undan sifatli mato­lar tayyorlab, oʻzimizga otning kallasiday narxga sotar ekan...

Iqtisodiy qoʻllovlar vositasida tutzor­lar tashkil etilishi, pillachilik rivojla­nishi xonadonlar iqtisodiyotini yuksalti­rishga, ekologiyaning musaffolashuviga, yangi ish oʻrinlari paydo boʻlishiga va bugun dunyo mamlakatlariga yoʻllari ochiq boʻlgan tadbir­korlar gʻayrat qilsalar, oʻzimizda ipakdan toʻqiladigan tabiiy matolarning ilgʻor sano­ati taraqqiy etishiga yoʻllar ochiladi. Faqat buning uchun reja asosida ajratilgan yerlar loyihadagi kabi narxlarda tutzorlar tashkil qiladigan, pillachilikni rivojlantiradigan haqiqiy mirishkorlarga, pillachilikka qi­ziqqan mehnatkashlarga berilishi kerak. Zero, tutzorlar yetarli boʻlsa, juda koʻp mahallalar pillachilikka ixtisoslashishi mumkin.

Bizningcha, har bir mahalladagi ziyolilar, turli soha va, ayniqsa, iqtisodiyot, hisob-ki­tob, texnika vositalari borasida maʼlumot­li, tajribali insonlar bitta “musht” boʻlib, ular ajratilgan har qanday mablagʻning toʻkil­may-sochilmay mahallaning “hamyoni”ga tushi­shi, shu hudud ahli hayoti yengillashuvi, faro­vonlashuvi uchun toʻgʻri va samarali rasamad qilinishiga masʼul, bosh-qoshlikni, nazorat­chilikni zimmaga olishlari kerak. Shundagina mahalla uchun ajratilgan har bir soʻmning na­tijadorligi taʼminlanadi.

Muhtarama ULUGʻOVA,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi