Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi axborot xizmati xabariga koʻra, 2021-yilning 10-yanvaridan boshlab karshering tashkilotlariga notarial rasmiylashtirmasdan va ichki ishlar organlarida roʻyxatdan oʻtkazmasdan yoʻlovchilar avtotransporti va mototransport vositalarini jismoniy hamda yuridik shaxslarga 30 kungacha muddatda qisqa muddatli ijaraga berish huquqi beriladi.
Bunda karshering tashkilotlarining avtomototransport vositalari Transport vazirligi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan talablarga muvofiq keluvchi maxsus taniqlik belgiga ega boʻlishi shart.
Maʼlumot uchun: Karshering – Jismoniy shaxslarga, shu jumladan, chet el fuqarolariga avtomototransport vositalarini ijaraga berish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatish.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 29-dekabrdagi “Avtotransport vositalarini yollash va ijaraga berish faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, elektromobillar va mototransportlardan foydalanish, shuningdek, velosipedda mamlakat boʻylab harakatlanishni rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida (№812) shu haqida maʼlum qilingan.
Shu bilan birga, qarorda Oʻzbekistonda velosiped transporti, veloinfratuzilma, veloshering (baykshering) faoliyatini (ijaraga berish) rivojlantirishni rejalashtirish nazarda tutilgan. Unga koʻra, mamlakatda velosipedda va boshqa shaxsiy vositalarda harakatlanish imkonini beruvchi toʻsiqsiz va xavfsiz muhit yaratiladi.
Turistik shaharlar, dam olish zonalari, qoʻriqxonalar va mamlakatimizning boshqa madaniy meros obyektlarini bogʻlovchi velosipedlar magistrallari milliy tarmogʻi bosqichma-bosqich barpo etiladi.
Shaharlar va hududlarni velosipedlashtirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini baholash va ularni har yili monitoring qilish uchun mezonlar joriy etiladi, shuningdek, velosipedda harakatlanishning inson salomatligini mustahkamlashini inobatga olgan holda velosipedchilik madaniyatini shakllantirishga doir targʻibot ishlari kuchaytiriladi.
Bundan tashqari, Butunjahon velosiped kuni va Yevropa harakat haftaligiga bagʻishlangan yirik velomarafonlar va shu kabi boshqa tadbirlar oʻtkaziladi.