Bu nufuzli tadbirda davlat organlari vakillari, jahon sarmoyadorlari va soha yetakchilari qatnashdi. Qatnashchilar orasida mashhur fransuz neft-gaz qazib oluvchi XP Group kompaniyasi (ilgari — Expert Petroleum) ham bor edi. Biz XP Group bosh direktori va hammuassisi Janob Devid MARTINON bilan ushbu kompaniyaning faoliyati va Oʻzbekistondagi loyihalari haqida suhbatlashdik.
— Janob Devid, bilamizki, joriy yil XP Group oʻzining 20-yillik yubileyini nishonlaydi. Siz boshqarayotgan kompaniya faoliyati haqida kengroq toʻxtalib oʻtsangiz.
- XP Group — bu Fransiyaning neft-gaz sohasidagi kompaniyasi boʻlib, u asosan yetarlicha qazib chiqarilgan, ammo salohiyati toʻliq ishga solinmagan konlarni samaradorlikni oshirish va qazib chiqarish hajmini koʻpaytirish orqali reabilitatsiya qilishga ixtisoslashgan. Biz ushbu aktivlarga sarmoya kiritamiz, qazib chiqarish va zaxiralarni koʻpaytirish, ishlab chiqarish infratuzilmasini modernizatsiya qilish va uning atrof-muhitga taʼsirini keskin kamaytirishni maqsad qilganmiz.
Biz bu maqsadlarga ilgʻor texnologiyalarni joriy qilish, mahalliy mutaxassislarni oʻqitish orqali ularning salohiyatini yuksaltirish va raqamli transformatsiyani tatbiq etish orqali erishamiz.
Oxirgi yigirma yil davomida biz Ruminiya, Ukraina, Vengriya, Liviya, Yaman, Iroq, Iordaniya va Turkmanistonda faoliyat olib bordik. Bugungi kunda 1000 nafardan ortiq xodimga ega boʻlgan 28 ta neft-gaz obyektida boshqaruv va investitsiyani amalga oshiryapmiz. Soʻnggi loyihalarimiz doirasida 250 million dollardan ortiq sarmoya kiritdik, 4250 dan ortiq quduq ichidagi texnik ishlar, 700 ga yaqin kapital taʼmirlash, 31 ta yangi quduq qazish va 50 ga yaqin ishlab chiqarish obyektlarini modernizatsiya qilish ishlarini amalga oshirdik. Bu tashabbuslar natijasida biz qazib olayotgan konlarda qoʻshimcha ravishda 21 million barrel neft va gaz ishlab chiqarildi.
- Oʻzbekistonda “Energetika haftaligi“ hamda IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi kabi keng koʻlamli tadbirlar oʻtkazildi. XP Group yurtimizda qanday loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda?
- Biz fransuz kompaniyasi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Parijga qilgan soʻnggi tashrifi davomida mustahkamlangan strategik hamkorlikdan juda ilhomlandik. Davlat rahbarining energetika sohasini diversifikatsiya qilish va modernizatsiyalashga oid qarashlari XP Group uchun ushbu sohani uzoq muddatli rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshish imkonini yaratadi.
Ayni paytda biz “Oʻzbekneftgaz“ AJ bilan birgalikda yetilgan, yaʼni yetarlicha oʻzlashtirilgan gaz konlariga investitsiya kiritish masalasida muzokaralar olib boryapmiz. Bosh maqsadimiz — Oʻzbekistonning ichki gaz qazib chiqarish hajmini oshirish, zaxiralarni koʻpaytirish, ishlab chiqarish infratuzilmasini yangilash, jarayonlarni dekarbonizatsiya qilish va mahalliy mutaxassislar uchun malakali ish oʻrinlari yaratishdan iborat. Buning uchun esa XP Group amaliyotida sinab koʻrilgan xalqaro texnologiyalarni joriy etamiz, ular samaradorlikni ham, barqarorlikni ham taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.
- Bunday hamkorlik Oʻzbekistonga qanday strategik naf keltiradi, deb hisoblaysiz?
- Oʻzbekistonning neft-gaz sanoatidagi uzoq yillik tarixi shuni koʻrsatadiki, bu sohadagi koʻplab aktivlar allaqachon yetilgan. Bizning jahon miqyosida bunday konlarni optimallashtirish boʻyicha toʻplagan tajribamiz ushbu aktivlardan samarali va barqaror foydalanish muddatini uzaytirishga yordam bera oladi.
Asosiy yutuqlar qatorida, qazib chiqarish boshlangan ilk yildanoq ichki gaz ishlab chiqarishning aniq oʻsishi, uglevodorodlarni oʻzlashtirish darajasining yaxshilanishi hamda konlarni jahon andozalariga mos rivojlantirishni koʻrsatish mumkin. Eng muhimi, bu natijalar atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro sertifikatlangan yutuqlar bilan uygʻunlashadi va loyihalarning uzoq muddatli barqarorligini kafolatlaydi.
Bundan tashqari, bizning biznes modelimizdagi yana bir muhim jihat — bu “100 foiz mahalliy mazmun” tamoyilidir. Yaʼni biz har bir mamlakatda mahalliy mutaxassislarni ishga olamiz, ularni oʻqitamiz va ularning salohiyatini oshirishga yordam beramiz. Shu bilan birga, 2025-yil sentyabrida Toshkentda faoliyati boshlanadigan Oʻzbek-fransuz universitetini tashkil etish tashabbusini ham qoʻllab-quvvatlashga intilyapmiz. Kompaniyamizning XP Upgreen nomli barqaror rivojlanishga ixtisoslashgan boʻlinmasi orqali biz yangi avlodni ilhomlantirishni, uglevodorodlarni qidirish va qazib olish jarayonlari ham masʼuliyatli yondashuv vositasida nisbatan ekologikroq boʻlishi mumkinligini namoyish etmoqchimiz.
Bundan tashqari, mahalliy xizmat koʻrsatuvchi korxonalarni rivojlantirish va xalqaro texnologiyalarni manfaatdor mahalliy tomonlarga oʻtkazish borasida ham faol ish olib borayapmiz.
- XP Group Oʻzbekistonga dekarbonizatsiya sohasida qanday yechimlar taklif eta oladi?
— Bizning qarashlarimiz faqat qazib chiqarish hajmini oshirish bilan cheklanmaydi. XP Group sifatida biz neft-gaz operatsiyalarining atrof-muhitga boʻlgan taʼsirini kamaytirishga qatʼiy sodiqmiz. Bizning maqsadimiz — samaradorlik va barqarorlik oʻrtasida muvozanatni topish, shu orqali operatorlarga ishlab chiqarish samaradorligini saqlagan holda, chiqindilarni qisqartirishga yordam berishdir.
Biz 20-yillik tajribaga tayanib, uglevodorodlarni qidirish va qazib olish operatsiyalari uchun maxsus ishlab chiqilgan individual dekarbonizatsiya yechimlarini taklif etamiz. Energiya samaradorligini oshirish va chiqindilarni kamaytirish har doim bizning yondashuvimizning asosiy qismi boʻlib kelgan. Bu faqat toʻgʻri qaror boʻlgani uchun emas, balki iqtisodiy jihatdan ham maʼqul yechim hisoblanadi.
Odatda, biz besh yil davomida yetilgan konga sarmoya kiritgandan soʻng, chiqindilarni 60 foizgacha qisqartiramiz, energiya samaradorligini 50 foizgacha oshiramiz, ichimlik suvidan foydalanishni esa 80 foizgacha kamaytirishga erishamiz. Bunday natijalar bizga amaliy va iqtisodiy jihatdan maqbul dekarbonizatsiya strategiyalarini ishlab chiqish va joriy etishda oʻzimizni koʻrsatish imkonini berdi.
2023-yilda Yevropa Ittifoqining energiya sohasida metan chiqindilarini qisqartirish boʻyicha reglamenti kuchga kirgach, biz oʻz xizmatlar portfelimizni kengaytirdik va endi normativ talablarga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha xizmatlar ham taklif qilyapmiz. Bizning fikrimizcha, neft-gaz operatsiyalari imkon qadar barqaror boʻlishi shart. Shu sababli biz Oʻzbekistonda ham ushbu transformatsiyaning faol ishtirokchisi boʻlishga intilayapmiz.
- Bugungi kunda raqamli texnologiyalar energetika sohasini sezilarli darajada oʻzgartirmoqda, samaradorligi va ishonchliligini oshirmoqda. XP Group faoliyatida raqamlashtirish qanday oʻrin tutadi?
— XP Group — katta hajmdagi maʼlumotlar bilan ishlovchi kompaniya boʻlib, uning faoliyati asosida raqamli transformatsiya yotadi. Oʻzbekistondagi yetilgan konlar, ularning koʻp yillik ekspluatatsiya maʼlumotlari raqamli tahlil uchun ulkan imkoniyat yaratadi.
Faoliyatimizning asosiy qismlaridan biri tarixiy maʼlumotlarni raqamlashtirishdan iborat boʻlib, bunda bosim jurnallari, seysmik va burgʻilash maʼlumotlari, favqulodda hodisalar boʻyicha hisobotlar, real vaqtda monitoring va kengaytirilgan tahlillar asosida tez va oqilona qarorlar qabul qilish taʼminlanadi.
Ayni paytda biz sunʼiy intellektni oʻz ish jarayonlarimizga joriy qilmoqdamiz. Masalan, qazib chiqarish surʼatining pasayish egri chizigʻini tahlil qilishda bu texnologiya bizga rezervuar hajmining kelajakdagi samaradorligini yaxshiroq bashorat qilish imkonini bermoqda. Natijada raqamli yechimlarimiz uglevodorodlarni oʻzlashtirish darajasini oshirishga, aktivlar qiymatini koʻpaytirishga xizmat qiladi, chunki quduq ichidagi texnik ishlarni ham aynan raqamli maʼlumotlarga tayangan holda aniqroq va samarali tarzda rejalashtirish mumkin boʻladi.
Yuliya Reznikova suhbatlashdi.
Hamkorlik materiali












