Mazkur tashrif Konrad Adenauer jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Respublikasining Germaniyadagi elchixonasi koʻmagida tashkil etildi.
Taʼkidlash joizki, shu yil 26-sentyabrda Germaniyada muhim siyosiy voqea – navbatdagi parlament saylovlari boʻlib oʻtdi. Saylov 16 yil ichida birinchi marta GFRning amaldagi kansleri ishtirokisiz oʻtkazildi. Maʼlumki, 2018-yilda 4 marotaba kansler sifatida faoliyat koʻrsatgan Angela Merkel mamlakatning eng yirik siyosiy kuchi – Xristian-demokratik ittifoqi (XDI) raisi lavozimidan isteʼfoga chiqqan va siyosatdan ketishini eʼlon qilgan edi.
Germaniyada saylovlar bilvosita saylov huquqiga asoslangan. Ushbu mamlakat Konstitutsiyasiga muvofiq, saylovlarda gʻolib boʻlgan partiya hukumat tuzish huquqiga ega va partiyaga koʻrsatgan nomzod, Vazirlar mahkamasini muvaffaqiyatli tuzgan taqdirda, federal kansler lavozimini egallaydi.
Aytib oʻtish joizki, kansler lavozimi uchun eng mashhur siyosiy partiyalardan uch nomzod kurashyapti: Xristian demokratik ittifoqi/Xristian sotsial ittifoqi (XDI/XSI) blokidan – XDI raisi Armin Lanshet; Germaniya sotsial-demokratik partiyasidan – vitse-kansler vazifasini bajaruvchi, Germaniya moliya vaziri Olaf Shols; “Union90/Green” dan – partiya hamraisi Annalena Berbok.
Germaniyaning 83 milliondan ortiq aholisidan 18 yoshdan oshgan 61 millionga yaqin fuqaro ovoz berish huquqiga ega. Shundan 31,2 millioni ayollar (51,7%) va 29,2 millioni erkaklarni (48,3%) tashkil etadi. Germaniya Federativ Respublikasi hududi 299 ta okrugga boʻlingan. Butun mamlakat boʻylab mahalliy vaqt boʻyicha soat 08.00 dan 18.00 gacha ochiq boʻlgan 60 mingga yaqin saylov uchastkalari tashkil etilgan.
Uchastka komissiyasi aʼzolari, shuningdek, poytaxt saylov boshqarmasi vakillari bilan suhbat chogʻida saylov komissiyalari faoliyatini samarali tashkil etish, fuqarolarning xohish-irodasini erkin ifoda etishlari uchun qulay sharoit yaratish boʻyicha tajriba almashildi.
Germaniyalik hamkorlarga yaqinlashib kelayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlari toʻgʻrisida, 2019-yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining asosiy qoidalari, shuningdek, saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish amaliyoti bilan tanishish toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari, shuningdek, Germaniya tomoniga saylov qonunchiligidagi yangiliklar, okrug va uchastka saylov komissiyalari ishini tashkil etish amaliyotini takomillashtirish, ularni tuzish tamoyillari, faoliyatning ochiq, obyektiv xarakterini taʼminlash borasida atroflicha tushuntirish berdi.
Uchrashuv davomida Oʻzbekiston va Germaniya saylov qonunchiligini qiyoslab koʻrilganda, ayrim jarayonlar oʻxshashligi namoyon boʻldi. Bular qatorida muddatidan oldin ovoz berish imkoniyati, nogironlarning saylov huquqini taʼminlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish kabilarni keltirish mumkin. Shu bilan birga, germaniyalik ekspertlar Oʻzbekiston saylov qonunchiligida chet elda ovoz berish imkoniyatlari va gender tengligini taʼminlashning qonuniy mustahkamlanishi kabi yangiliklarni yuqori baholadi.
Germaniyalik hamkasblar, shuningdek, xalqaro kuzatuvchilarning Oʻzbekistondagi saylovlarda qonuniy ravishda ishtirok etish tartibiga katta qiziqish bildirdi. Aytib oʻtish lozimki, Germaniyada xalqaro kuzatuvchilarning ishtiroki va ularning vakolatlarini qonuniy tartibga solish mexanizmi mavjud emas.
Oʻzbekistonlik ekspertlar tashrifi dasturidan Federal Prezident va Federal Kansler boʻlimlarida, Tashqi ishlar vazirligida, Germaniya Bundestagida, Brandenburg federal shtatining Landtagida (parlamentida) ikki tomonlama uchrashuvlar va muzokaralar, shu bilan birga Germaniyaning yetakchi tahlil markazlari, jamgʻarmalari va ixtisoslashgan tashkilotlari bilan (SWP, DGAP, ZOIS, KAS, FES, VKNE) davra suhbatlari oʻtkazish ham oʻrin olgan.