Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan ushbu uchrashuvda so‘nggi yillarda respublikamizda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va O‘zbekistonni global ishlab chiqarish zanjirlariga qo‘shilishi maqsadida qilinayotgan ishlar to‘g‘risida so‘zlab berildi.

Mark Feno qishloq xo‘jaligi sohasidagi o‘zgarishlarga yuqori baho berib, ushbu yo‘nalishda ikki tomonlama istiqbolli va o‘zaro manfaatli tashabbuslarni ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi.

Xususan, ikki tomonlama hamkorlik doirasida chorvachilik va sut chorvachiligi, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha maslahat xizmatlari va agrooziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi texnikasi kabi yo‘nalishlarni rivojlantirishga kelishildi.

Fransuz tomoni yurtimizda biznes oqimlarini, birinchi navbatda sut va go‘sht mahsulotlari, meva-sabzavotlarni qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish va savdosini tashkil qilish va boshqa masalalarda hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Tomonlar O‘zbekistonda Fransiyaning ilg‘or tajribasi asosida ekinlarni sug‘urtalash tizimini tadbiq etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga quyishga ham kelishib oldi.

Vazirlar Fransiyaning qishloq xo‘jaligida maslahat xizmatlari sohasidagi zamonaviy usullarini o‘rganish maqsadida o‘zbekistonlik mutaxassislarni ushbu mamlakatga tashrifini tashkil qilishini qo‘llab-quvvatladi. Taʼlim va tadqiqot yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalar ishlab chiqishga kelishildi.

Chorvachilik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida joriy yil fransuz chorvachilik mutaxassislarining O‘zbekistonga tashrifi tashkil etiladi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilindi.

Maʼlumot o‘rnida taʼkidlash joiz, qishloq xo‘jaligi va suvdan foydalanishni rivojlantirishga bag‘ishlangan Qishloq xo‘jaligi vazirlarining 15-Berlin anjumanida dunyoning 60 dan ortiq davlati va bir qator xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti va boshqalar ishtirok etmoqda.