Oʻzbekistonlik ota-onalar oʻzbek bolalari uchun Turkiyadagi maktablar reklamasidan ogohlantirildi

    Soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali Istanbulda ayrim xorijiy davlatlar nomi ostidagi oʻzbek bolalariga moʻljallangan maktablar reklamasi tarqalmoqda.

    Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi mazkur reklama yuzasidan ogohlantirish bilan chiqdi.

    «Bu maktablarda xorijiy tillar, robototexnika, diniy bilimlar, informatika va jismoniy tarbiya mashgʻulotlari oʻrgatilishi eʼlon qilinmoqda.

    Ushbu oʻquv yurtlaridagi diniy darslar Ahli sunna aqidasi asosida ekanligi taʼkidlanishiga qaramay, ayrim oʻqituvchilardagi moʻtadil islomga zid eʼtiqodiy qarashlarning taʼlim oluvchilarga singdirilishi kelgusida jamiyatimizda aqidaviy ziddiyatlarni yuzaga keltirishi mumkin.

    Shundan kelib chiqqan holda ota-onalardan voyaga yetmagan farzandlarini turli maktablarda mutaassib qarashlar singdirilishidan ehtiyot qilishlarini soʻraymiz», deyiladi ogohlantirishda.