Oʻzbekistonlik talabalar Xitoyda oʻtkazilgan AKT boʻyicha xalqaro musobaqada uchinchi oʻrinni egallashdi

    Ta'lim 29 May 2025 881

    Xitoyning Guandun provinsiyasi Shenjen shahrida “Huawei ICT Competition 2024-2025” xalqaro musobaqasining yakuniy final bosqichi boʻlib oʻtdi.

    “Dunyo“ AAning xabar berishicha, uch bosqichli – milliy, mintaqaviy va global tizim asosida oʻtkazilgan musobaqalarda Toshkent axborot-texnologiyalari universitetining “Volta” jamoasi qatnashdi.

    Shuningdek, dunyoning 100 dan ortiq davlatlaridagi ikki mingta oliy taʼlim muassasalaridan 960 ming nafar talaba ishtirok etdi.

    Musobaqaning “Innovatsiyalar tanlovi“ nominatsiyasida jamoalar kundalik hayotda toʻqnash keladigan muammolarni aniqlab, sunʼiy intellekt, “bulutli“ hisoblash, katta maʼlumotlar hamda boshqa texnologiyalardan foydalangan holda ijtimoiy va tijorat qiymatga ega boʻlgan funksional yechimlarni taqdim etishdi.

    Final bosqichida ishtirok etgan Xitoy, Germaniya, Turkiya, Polsha, Argentina, Qatar va boshqa davlatlar jamoalari orasida Toshkent axborot-texnologiyalari universitetining “Volta” jamoasining taqdimoti tashkilotchilari tomonidan yuqori baholandi va ular uchinchi oʻringa loyiq koʻrildi.