Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (VGIK)ning Toshkent shahar filiali talabasi Timur Murodov “Kasseta” qisqa metrajli filmi bilan “Oltin qargʻa” xalqaro kinofestivalining finaliga chiqdi. Bu haqda Rossiya universiteti filiali matbuot xizmati xabar berdi.

Kartinada yolgʻiz farzandini tashlab, xorijga ishlashga ketishga majbur boʻlgan otaning iztiroblari haqida hikoya qilinadi. Endi uning hayotining mazmuni oʻgʻlining tasviri tushirilgan eski kasseta yozuvlaridan iborat.

“Oʻgʻlining tasviri tushirilgan eski kassetalar hayotining mazmuni boʻlgan ota haqidagi qisqa metrajli badiiy film bir qancha xalqaro festivallarda eʼtirof etilgan”, — deyiladi xabarda.

“Oltin qargʻa” yettinchi Arktika xalqaro kinofestivali 2023-yilning 24-aprelidan 7-mayiga qadar Anadir shahrida (Chukotka avtonom okrugi) boʻlib oʻtadi.

Ushbu universitetning yana bir talabasi Ostonadagi kinofestivalda qisqa metrajli film taqdim etadi. Munisa Magomedova “Scotch” filmi bilan “Tomiris” IV xalqaro kinofestivalining tanlov dasturiga kiritilgan.

Filmni yuqori baholaganlar orasida uch karra “Oskar” mukofotiga nomzod kinorejissyor va ssenarist Sergey Bodrov ham bor.

Eslatib oʻtamiz, VGIKning Toshkent filiali 2021-yilda ochilgan. Ayni paytda bu yerda kunduzgi va sirtqi boʻlimlarda 156 nafar talaba tahsil olmoqda. 2023/2024 oʻquv yilida birinchi kursga 73 nafar talaba qabul qilinishi rejalashtirilgan.