Buxoro davlat universiteti tadqiqotchisi Ziyodulla Nurov Italiyaning etakchi iqtisodchi olimlaridan tashkil topgan ixtisoslashgan kengashda o'z dissertasiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi va iqtisodiyot bo'yicha PhD ilmiy darajasiga loyiq deb topildi.

Tadqiqotchining dissertasiyasi nusxalari Milan va Florensiya shaharlaridagi ilmiy kutubxonalariga joylashtirildi.

Ziyodulla Nurov  Erasmus+ akademik mobillik dasturi doirasida Italiyaning Akvila universitetiga (Times reytingida 501-600 guruhida) ilmiy safarga yuborilib, uning ilmiy izlanishlari italiyalik olimlarda qiziqish uyg'otganligi sababli, uning PhD dissertasiyasi uchun qo'sh rahbarlikni amalga oshirish taklif qilingan edi.

Imzolangan kelishuv asosida dissertasiyaga Akvila universitetidan professor Luidji Bidjiero, Buxoro davlat universitetidan Abror Jo'raevlar ilmiy rahbar sifatida tayinlandi

30 oktyabr` kuni Buxoro davlat universiteti ilmiy kengashida universitet rektori O. Xamidov Ziyodulla Nurovga PhD diplomini topshirdi va kelgusi ilmiy ishlarida muvaffaqiyat tiladi.

Rektor ayni paytda Ispaniya universitetlari doktoranturasiga yana ikki nafar tadqiqotchi qabul qilingani, xorijiy hamkorlar bilan qo'sh rahbarlik asosida dissertasiyalar tayyorlash ishlari davom ettirilishi va qo'llab-quvvatlanishini ma'lum qildi.