Oʻzbekistonning energetika barqarorligi yoʻlidagi maqsadlari ulkan va strategikdir

    Fikr 26 Iyul 2023 1397

    Geografik joylashuv, tabiiy yer osti boyliklari, iqlim sharoiti va, albatta, yuritayotgan biznes siyosatiga koʻra dunyo davlatlarining iqtisodiy barqarorligini taʼminlovchi asosiy richaglari turlicha. Masalan, nisbatan koʻpchilik mamlakatlar uchun sanoat drayver boʻlsa, boshqalarida agrar sektor, turizm yoki IT yetakchi.

    Ularda qaysi soha yoki tarmoq asosiy “oʻsish nuqtasi” boʻlishidan qatʼi nazar, iqtisodiy taraqqiyotga erishishda umumiy, shu bilan birga, muhim omil bor. Bu elektr energetikasi barqarorligidir. Binobarin, busiz hech bir yoʻnalish, hatto bugungi sanoatlashayotgan qishloq xoʻjaligida ham koʻzlangan maqsadlarga erishib boʻlmaydi.

    Shu bois, ayni paytga kelib barqaror elektr energiyasi taʼminoti barcha davlatlar kun tartibidagi muhim masalalardan biriga aylandi. Tobora oʻsib borayotgan talab, global iqlim oʻzgarishlari hamda cheklangan tabiiy zaxiralar hisobiga esa “yashil” iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha global poyga kuchaymoqda. Mamlakatlar birin-ketin uglerod neytralligi, yaʼni uglerod chiqindilarining nolga tengligiga erishish maqsadlarini eʼlon qilmoqda.

    Gap muqobil energetika imkoniyatlaridan samarali foydalanish haqida borar ekan, bu borada Oʻzbekiston ilgari surayotgan tashabbuslar, deyarli barcha viloyatlarda amalga oshirilayotgan yirik va istiqbolli loyihalar tahsinga sazovor. Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 14-iyul kuni lavozimiga kirishishga bagʻishlangan tantanali marosimda mamlakatda “yashil iqtisodiyot”, “yashil energiya” tamoyillari yanada keng joriy etilishini maʼlum qildiki, bu ushbu yoʻnalishda boshlangan ishlar izchil davom ettirilishidan dalolatdir.

    Oʻzbekistonning 2030-yilga borib issiqxona gazlari emissiyasi intensivligini 35 foiz yaxshilash va qayta tiklanadigan energiya ulushini 25 foiz oshirish boʻyicha maqsadlari ulkan va strategikdir. Prezidentning 2022-yil 9-sentyabrda qabul qilingan “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bu borada muhim huquqiy asos sanaladi.

    Ushbu rejaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi nafaqat Markaziy Osiyo uchun salbiy iqlim xavfini kamaytirish, balki Oʻzbekistonning uzoq muddatli iqtisodiy oʻsishi, yangi ish oʻrinlari yaratish va kelajakda sanoatning raqobatbardoshligini oshirish uchun ham muhim ahamiyatga ega boʻladi.

    “Yashil” oʻtish muvaffaqiyati uchun bir nechta muhim pogʻonani bosib oʻtish zarur. Birinchidan, biznes va isteʼmolchilar faol ishtirokchilar sifatida “yashil” oʻtishga qoʻshilishi lozim. Hukumatning kuchli siyosiy yetakchiligi va tashabbuskorligi quyosh va shamol energiyasi kabi qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish uchun investitsiyalarni jalb qilishda juda muhim. Biroq qayta tiklanuvchi energiyani isteʼmol qilish va toʻlash, YAIMning uglerod intensivligini kamaytirish faqat hukumat tomonidan amalga oshirilmaydi. Biznes va isteʼmolchilar “yashil” ishlab chiqarish va isteʼmolni ragʻbatlantirish masʼuliyatini birdek his qilishlari kerak.

    Bu borada samarali ishlar olib borilmoqda. Zarafshon shahrida Oʻzbekistonda birinchi shamol turbinasi oʻrnatilgani fikrimiz isboti. U Markaziy Osiyodagi eng yirik shamol elektr stansiyasi boʻladi. Maʼlumotlarga koʻra, loyiha 500 mingta xonadonga yetarli hajmda elektr energiyasi ishlab chiqarish va atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid chiqindilarini yiliga 1,1 million tonnaga kamaytirishni taʼminlaydi. Bu kabi loyihalarni koʻpaytirsak, foydasini oʻzingiz chamalab olavering.

    Ikkinchidan, uglerod emissiyasi narxi qazib olinadigan yoqilgʻi energiyasining bozor narxi bilan birgalikda taʼriflanishi kerak. Endi qazib olinuvchi energiyada uglerod narxini eʼtiborsiz qoldira olmaymiz. Erkin bozorda uglerodga erkin tovarlar sifatida qaraladi. Biz uglerodga bepul mahsulot sifatida qarasak, uglerodsiz kelajakka erisha olmaymiz.

    Uglerod narxini toʻlashimiz kerakligini qabul qilish jarayoni qisqa muddat ogʻriqli boʻladi. Ammo atrofimizdagilarni “yashil” iqtisodiyotga oʻtish uzoq muddatda “yashil” va inklyuziv boʻlgan iqtisodiy oʻsishni yanada oshirishga yordam berishi va yangi ish oʻrinlari yaratishi mumkinligiga ishontira olsakkina, biznes vakillari va odamlar qisqa muddatli xarajatlar va ogʻirlikni qabul qilishga tayyor boʻlishi mumkin.

    Uchinchidan, biznes va isteʼmolchilarni faol ishtirokchi sifatida jalb qilishi mumkin boʻlgan innovatsion iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy imkoniyatlarni ishlab chiqish kerak. Texnologik innovatsiyalar muhim va hal qiluvchi ahamiyatga ega. Lekin texnologik innovatsiyalar taʼsirini maksimal darajada oshirish uchun u iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy innovatsiyalar bilan birga amalga oshirilishi lozim.

    “Yashil” iqtisodiyot uchun iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy innovatsiyalar asosi sifatida “yashil” bozor va biznes rivojini ragʻbatlantirish, sanoat va odamlarning turmush tarziga ortiqcha yuk boʻlmasdan, uglerod narxini qazib olinadigan energiyaning bozor narxiga bosqichma-bosqich tariflash kerak.

    Sinab koʻrish mumkin boʻlgan birinchi innovatsion siyosiy imkoniyat “yashil” energiya narxlari tizimidir. Hozir Germaniyada “yashil” elektr energiyasi va “yashil” poyezd chiptasi qimmatroq sotiladi.

    Bu ixtiyoriy tizim boʻlib, faqat “yashil” energiya va mahsulotlarni isteʼmol qilishni xohlovchi “yashil” isteʼmolchilar uchun amal qiladi. “Yayashil” energiya narxlari tizimi orqali qoʻshimcha toʻlovlar qayta tiklanadigan energiyani qazib olinadigan energiyaga qaraganda yuqori narxda sotib olish uchun ishlatiladi.

    “Yashil” energiya narxlari tizimi ixtiyoriy “Me First Carbon Pay” ijtimoiy harakatini ragʻbatlantiradigan innovatsion ijtimoiy siyosat bilan birgalikda samaraliroq boʻlishi, iqlim inqirozidan xavotirda boʻlgan odamlarni birlashishga hamda “yashil” energiya va mahsulotlardan “yashil” narxni toʻlash orqali ixtiyoriy harakatni boshlashga ragʻbatlantirish kerak. “Yashil” energiyani toʻlash va isteʼmol qilish, YAIMning uglerod intensivligini kamaytirishga harakat qilish anchayin samarador boʻladi.

    Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzurida tashkil etilgan Yangi iqlim innovatsiyasi markazi tadqiqot guruhi aʼzolari Oʻzbekistonda ilk bor “Me First Carbon Pay” harakati boshlanishi mumkinligini maʼlum qildi. Ularning ishtiyoqi va jonkuyarligi meni hayratda qoldirdi.

    Agar “yashil” oʻtish faqat pul va texnologiyani safarbar qilish bilan bogʻliq boʻlsa, Oʻzbekiston koʻp mablagʻ va texnologiyaga ega boy davlatlar bilan raqobatlashishda qiyinchiliklarga duch kelishi tabiiydir. Shu maʼnoda, “yashil” oʻtish nafaqat pul va texnologiya, balki “yashil” ishlab chiqarish va isteʼmolni rivojlantirish uchun innovatsion iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni qoʻllash bilan ham bogʻliq. Ushbu innovatsion siyosat global bozorda raqobatlasha oladigan “yashil” mahsulotlar va xizmatlar uchun yangi bozorlar va korxonalarni yaratishi mumkin. Shuning uchun “yashil” oʻtish nafaqat ekologik strategiya, balki kelajakda raqobatbardoshlik, iqtisodiy oʻsish va yangi ish oʻrinlari yaratish uchun sanoat strategiyasi hamdir.

    “Yashil” oʻtish uchun boshqa koʻplab innovatsion imkoniyatlar mavjud. Jumladan, ekologik soliq islohoti, yaʼni daromad soligʻini kamaytirish va uglerod soligʻini oshirish, chiqindilardan energiya olish shular jumlasidan. Masalan, 4 tonna chiqindi 1 tonna neftga barobardir. Chiqindilarni energiyaga aylantirish bir vaqtning oʻzida chiqindilarni boshqarish tizimi, energiya taqchilligi va qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarish muammolarini hal qilishi mumkin.

    Yangi iqlim innovatsiyasi markazi bilan birgalikda boshlamoqchi boʻlgan dastlabki innovatsion loyihamiz paxta dalasini quyosh energiyasi ishlab chiqarish uchun quyosh dalalariga aylantirish va Orol dengizini toʻldirish uchun daryo suvini tejash va boshqarishdir. Quyosh maydonlari uglerod krediti va “yashil” energiya ishlab chiqarishi, bu shaharlarda havo ifloslanishini kamaytiradigan elektr trolleybuslardan foydalanish uchun ishlatilishi mumkin. Paxtakorlarni quyoshli dalalar boshqaruvchisi sifatida munosib ish bilan taʼminlash imkoniyatiga ega boʻlinadi. Ishonchim komilki, Orol dengizini toʻldirish, quyosh energiyasi ishlab chiqarishni koʻpaytirish, fermerlarni munosib ish bilan taʼminlash, shaharlar havosi ifloslanishini bir vaqtning oʻzida kamaytirish haqidagi rejalarim tez orada amalga oshadi.

    Rae Kvon CHUNG,

    Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi

    Yangi iqlim innovatsiyalari markazini

    nazorat qilish qoʻmitasi raisi