Tadbirda Spikerning birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov boshchiligidagi mazkur ishchi guruh aʼzolari ishtirok etdi.
Tashkil etilgan guruh faoliyatidan koʻzlangan maqsad YEOIIga aʼzolikning ijobiy va salbiy jihatlarini chuqur tahlil qilish, milliy iqtisodiyotga taʼsirini oʻrganish, boshqa xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik istiqboliga bogʻliqligini har tomonlama koʻrib chiqishdan iborat.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy Majlisga yoʻllangan Murojaatnomadan kelib chiqib, 2021-yilda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalasini oʻrganishni tashkil etish, ushbu mintaqaviy tuzilma imkoniyatidan kuzatuvchi davlat sifatida har tomonlama foydalanish yoʻllarini qidirish guruhning asosiy vazifalaridan biri ekani qayd etildi.
Ishtirokchilar Oʻzbekiston YEOIIda kuzatuvchi maqomini olgani hamda ushbu tashkilotga aʼzo davlatlar bozorida toʻlaqonli ishtirok etish jarayonini huquqiy tartibga solish mexanizmini chuqur oʻrganish, milliy texnik tartibga solish meʼyorini YEOII talabiga moslashtirishni jadallashtirish zarurligini taʼkidlashdi. YEOII bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlikni samarali tashkil etish maqsadini koʻzlovchi 2021-yilga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi” loyihasi atroflicha muhokama qilinib, tasdiqlandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan tuzilgan mazkur ishchi guruh yigʻilishida bildirilgan taklif, mulohazalarni tegishli mutasaddi vazirlik, idora va tashkilotlarga yetkazish, belgilanadigan vazifalar ijrosi ustidan parlament nazorati oʻrnatishga oid aniq chora-tadbirlar belgilab olinndi.
Oliy Majlis
Qonunchilik palatasi
matbuot xizmati