Muloqot chogʻida siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalar, shuningdek, mintaqaviy hamkorlik va xavfsizlikni taʼminlash yoʻnalishlardagi ikki tomonlama munosabatlarga oid dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.

Yevropa tomoni Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi tasdiqlanganini hamda mamlakatimizda barqaror rivojlanish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, qonun ustuvorligi va fuqarolik jamiyatining rolini kuchaytirish chora-tadbirlariga muhim ahamiyat berilayotganini olqishladi, shuningdek, mamlakatimizda keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni ilgari surish va amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, M.Sxinasning oʻtgan yilning noyabr oyida Oʻzbekistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishiga oʻzaro sodiqlik bildirildi.

Qoʻshma investitsiyaviy loyihalar sonini va oʻzaro savdo hajmini oshirishni nazarda tutgan holda Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan iqtisodiy hamkorligini yanada kengaytirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Shuningdek, mintaqa kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar yaqin kelajakda oʻtkazilishi rejalashtirilgan hamda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga bagʻishlangan tadbirlar, jumladan, Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti muhimligini taʼkidladilar.

Uchrashuv yakunida koʻp qirrali ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar belgilandi va munosabatlarning koʻrib chiqilgan barcha yoʻnalishlariga doir muloqotni faollashtirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.