Savdo-sanoat palatasi rahbariyati, mamlakat xususiy sektorining 100 dan ortiq vakillari, ishbilarmon doiralar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari qatnashgan ushbu tadbirlar JST Kotibiyati Bosh direktorining oʻrinbosari S.Chjan boshchiligidagi delegatsiyasining Oʻzbekistonda BMT taraqqiyot dasturi koʻmagida 2021-yil 26-31-oktyabr kunlari Oʻzbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida boʻlib oʻtdi.
Ishbilarmonlar bilan oʻtkazilgan davra suhbatida JSTga aʼzo boʻlish jarayoni va uning xususiy sektor faoliyatiga taʼsiri, mamlakatning turli tarmoqlari uchun yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibatlar va boshqa jihatlar muhokama qilindi.
JST Bosh direktorining oʻrinbosari S.Chjan ishtirokchilarni Xitoyning JSTga kirish tajribasi va mazkur jarayonning XXR xususiy sektoriga salbiy oqibatlarini yumshatish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirdi.
Ikkinchi davra suhbatida akademik, ilmiy-tadqiqot institutlari va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdi. Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi jarayonida ular ishtirokining samaradorligini oshirish bilan bogʻliq amaliy masalalar muhokama qilindi.
JSTga kirishda ilmiy-tadqiqot institutlarining muhim roliga alohida eʼtibor qaratildi. Ular Tashkilotga aʼzo mamlakatlar bilan muzokaralar olib borish uchun argumentlarni tayyorlash hamda iqtisodiyot tarmoqlari uchun yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibatlar boʻyicha tadqiqotlar olib borish hamda salbiy ssenariylarni bartaraf etish imkoniyatlari va zarur boʻlgan resurslarga ega.
JSTga qoʻshilgandan soʻng respublikaning Tashkilot faoliyatida samarali ishtirok etishi uchun koʻp tomonlama savdo tizimi va JST masalalari boʻyicha salohiyatli kadrlarni tayyorlash zarurligi qayd etildi.
Tadbirlar davomida JST kotibiyati, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, milliy ilmiy-tadqiqot institutlari hamda oliy oʻquv yurtlari rahbarlari va vakillari tomonidan taqdimotlar va chiqishlar oʻtkazildi.
Davra suhbatlari yakunlarida ishtirokchilar Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi jarayonida davlat va xususiy sektor vakillari oʻrtasidagi muloqotni faol davom ettirish, shuningdek, unga milliy tadqiqot institutlarini jalb etishni yanada kengaytirish boʻyicha yakdil fikr bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.