Davra suhbatida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Oʻzbekiston axborot-tahliliy tuzilmalari, Strategik rivojlanish markazi, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari, shuningdek Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda ekspertlar tomonidan Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo oʻrtasida savdo-iqtisodiy, transport, gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha Oʻzbekiston olib borayotgan faol tashqi siyosat hamda mazkur yoʻnalishda Davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar eʼtirof etildi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi besh yilda Oʻzbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida barcha darajalardagi aloqalar jadallashtirilgani tufayli oʻzaro ishonch va qoʻllab-quvvatlashning yangi siyosiy muhiti shakllandi. Bu esa, avvalo savdo, sanoat, investitsiya, energetika, transport va tranzit, suvdan foydalanish, taʼlim, xavfsizlik, ekologiya, mintaqa aholisining ijtimoiy muhiti va turmush sharoiti sifatini yaxshilash borasida umumhududiy rivojlanishning dolzarb masalalarini samarali, birgalikda hal etish imkonini berdi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Janubiy Osiyo mintaqasida joylashgan Hindiston va Pokiston kabi qator davlatlar bilan faol tashqi siyosat olib bormoqda. Oʻzbekistonning Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalari oʻsib, 2020-yil yakunlari boʻyicha tashqi savdo hajmi 1,38 mlrd. AQSH dollarini tashkil qildi. Bu Oʻzbekistonning jami tashqi savdo hajmining 3,8 foizini tashkil qiladi.

Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida savdo-iqtisodiy, transport, gumanitar, turizm va boshqa sohalarda hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan bir qator muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda. Ushbu tashbbuslar va amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy-siyosiy ahamiyati bilan ham dolzarb ahamiyat kasb, mintaqada tinchlikni taʼminlash va aholi farovonligini yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Qolaversa, yirik infratuzilmaviy hamda madaniy-gumanitar loyihalarning roʻyobga chiqarilishi Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarida barqarorlik va iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga xizmat qiladi.

Jumladan, global pandemiya davrida Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo davlatlarining oʻzaro hamkorligi mintaqaviy munosabatlarni chuqurlashtirish – barqaror, jadal rivojlanayotgan mintaqani shakllantirishga yordam beradigan talab yuqori boʻlgan jarayon ekanligini koʻrsatdi. Shu bois, davra suhbatida Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan nafaqat iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish, balki yangi mintaqalararo darajadagi oʻzaro munosabatlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha siyosiy muvofiqlashtirilgan harakatlarni taʼminlash muhimligi qayd etildi.

Eldor Tulyakov “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori:

 Oʻzbekiston xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti sifatida, mintaqa va global darajada faol tashqi siyosatni yoʻlga qoʻyib, xorijiy hamkorlar bilan oʻzaro manfaatli munosabatlarni tobora rivojlantirmoqda.

Soʻnggi besh yil davomida Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan ochiq, konstruktiv, puxta oʻylangan va pragmatik siyosati natijasida suvdan foydalanish, Oʻzbekiston va qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, transport kommunikatsiyalaridan foydalanish, davlat chegaralarini kesib oʻtish kabi murakkab masalalarga yechim topildi va bunday saʼy-xarakatlar izchil davom ettirilmoqda.

Oʻzbekiston tashqi siyosatida nafaqat qoʻshni davlatlar, balki qoʻshni mintaqalar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish ustuvor ahamiyatga ega. Xususan, Janubiy Osiyo mintaqasi davlatlari bilan hamkorlik, ayniqsa, ahamiyatli boʻlib, mazkur mintaqa oʻziga xos salohiyat va imkoniyatlarga ega.

Ishtirokchilar Oʻzbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Afgʻonistonda tinch saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish va mustahkam siyosiy tartibni yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashish maqsadida BMTning Afgʻoniston boʻyicha Doimiy qoʻmitasini tashkil etish boʻyicha tashabbusini ham alohida eʼtirof etib oʻtishdi.

Shuningdek, ekspertlar tomonidan ikki mintaqaning geografik yaqinligi, global iqlim oʻzgarishi ekologik ofat va falokatlarga olib kelishini taʼkidlab, hududlardagi mamlakatlarning tahdidlarga javob berish va iqlim oʻzgarishining oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha pozitsiyalarini mustahkamlash boʻyicha birgalikda yechimlar ishlab chiqish lozimligi taʼkidlandi.

Davra suhbati yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Markaziy va Janubiy Osiyo — mintaqaviy aloqadorlik. Taklif va imkoniyatlar” mavzusida iyul oyida oʻtkazilishi rejalashtirilgan konferensiyani tashkil etish borasidagi tashabbusning dolzarbligi eʼtirof etildi va ushbu nufuzli tadbirni oʻtkazish yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi, deya xabar beradi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmati.