Tadbirda tegishli davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari, olimlar, ekspertlar, OAV vakillari ishtirok etdi. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari F.Siddiqov, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori oʻrinbosari B.Mustafoyev va boshqalar soʻnggi yillarda davlatimiz tashqi siyosatini yuritishda tub oʻzgarishlar roʻy berayotgani, bu jarayonda Markaziy Osiyo mintaqasi tashqi siyosatning muhim yoʻnalishi sifatida belgilangani yaxshi qoʻshnichilik va qardoshlik anʼanalarini mustahkamlash, doʻstlik, hamkorlik muhitini kuchaytirishga zamin yaratayotganini alohida taʼkidladilar.

Tadbir ishtirokichlari taʼkidlaganidek, Markaziy Osiyo geostrategik mintaqa hisoblanadi. Bunga bir tomondan mintaqaning qulay geografik hududda, yaʼni muhim mintaqaviy va xalqaro transport yoʻlaklari kesishmasida joylashgani, boy tabiiy resurslarga ega ekani sabab boʻlsa, ikkinchi tomondan Markaziy Osiyoning xalqaro munosabatlar tizimida muhim oʻrin tutadigan Yaqin Sharq, MDH va Osiyo davlatlari bilan chegaradoshligidir. Boshqacha qilib aytganda, Markaziy Osiyo dunyoning yetakchi davlatlarning manfaatlari kesishgan hudud hisoblanadi.

Yuqoridagi omillar mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashga faqatgina oʻzaro tushunish va manfaatlarga asoslangan hamkorlik orqali erishish mumkinligini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu esa oʻz navbatida Oʻzbekistonning bugungi kundagi ochiqlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sherikchilik, oʻzaro ishonch va mavjud muammolarni oqilona murosa yoʻli bilan hal etish tamoyillariga asoslangan mutlaqo yangi mintaqaviy siyosati Markaziy Osiyoda barqarorlik va izchil rivojlanishni taʼminlashda, mintaqaning hamkorlik makoniga aylanishida muhim garov sifatida xizmat qilishidan dalolat beradi.

Oʻtgan davr mobaynida erishilgan yutuq va natijalarni tahlil qilsak, butun dunyoda koʻp tomonlama hamkorlik inqirozga uchragan va oʻzaro ishonch kamayib ketayotgan bir vaqtda Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi hamkorlikning yangi bosqichga chiqayotganligini koʻrishimiz mumkin. Tarixan qisqa vaqt ichida Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi munosabatlarda misli koʻrilmagan yutuqlarga erishildi. Eng asosiysi, avval mintaqaviy hamkorlikni rivojlanishida toʻsiq hisoblangan chegara va suv resurslaridan foydalanish boʻyicha muhim va oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishildi. Hamkorlikning yangi mexanizmlari tashkil etildi. Bunga misol sifatida Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahatlashuv uchrashuvlarini, parlamentlararo guruhlar, chegaraoldi hududlar hamkorligi kengashi, vazirlik va idoralararo komissiyalar, investitsiya fondlarining tashkil etilganligini aytish mumkin.

Oʻzbekistonning yangi mintaqaviy siyosati natijasida Markaziy Osiyoda shakllangan siyosiy muhit bugun mintaqa davlatlarining ulkan iqtisodiy salohiyatini ochishga muhim hissa qoʻshmoqda. Markaziy Osiyo davlatlarida tashqi savdo aylanmasi va investitsiya hajmining, turistlar sonining oshgani buning tasdigʻidir.

B.Xidirova,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri