Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Elchixonasi mamlakatimiz fuqarolarini Rossiya hududida milliy haydovchilik guvohnomalaridan foydalanishga oid amaldagi qoidalar haqida xabardor qildi.
Elchixona maʼlumotiga koʻra, Rossiya qonunchiligiga kiritilgan oʻzgarishlar asosida Oʻzbekistonning amaldagi milliy haydovchilik guvohnomalari shaxsan foydalanish uchun transport vositasini boshqarishda rasman tan olinadi. Yaʼni, fuqarolar oʻz avtomobilini boshqarishda milliy guvohnomadan foydalanishda davom etishi mumkin.
Shuningdek, Rossiya hududida kasbiy haydovchilik faoliyati — taksi, yuk tashish, yoʻlovchi tashish va boshqa tijoriy yoʻnalishlarda ishlash uchun faqat Rossiya haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlish talab etiladi.
Bunday faoliyat bilan shugʻullanishni istagan xorijlik haydovchilar belgilangan tartibda imtihon va tegishli rasmiy jarayonlardan oʻtishlari lozim.
Elchixona Rossiya mutasaddi idoralari bilan doimiy muloqotda ekanini, fuqarolarning huquq va manfaatlariga daxldor barcha yangiliklar haqida oʻz vaqtida maʼlumot berib borishini qayd etdi.







