Raqobatbardoshlik – bu mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlarning tashqi savdo hamkor mamlakatlardagiga nisbatan arzonlik darajasi. Raqobatbardoshlik darajasiga mamlakat ichidagi va hamkor davlatlardagi tovarning narx-navosi, shuningdek, nominal ayirboshlash kursi taʼsir qiladi.
Oʻzgarmas ayirboshlash kursi mamlakatning ichki, yaʼni mahalliy narxlarini pasaytiradi va aksincha, hamkor mamlakatlarda tovarlar narxi oʻsadi. Bu esa mamlakatning raqobatbardoshligini oshiradi. Nominal ayirboshlash kursi – bu ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadigan va mamlakatlar oʻrtasida valyuta ayirboshlanadigan kurs.
Institut xabariga koʻra, 2022-yil mart oyi holatiga koʻra, soʻmning AQSH dollariga nisbatan nominal kursi taxminan 11,4 ming soʻmni tashkil qildi. Agar ikki hamkor mamlakat oʻrtasida narxlar darajasi oʻzgarishsiz qolsa, milliy valyutaning qadrsizlanishi mamlakat raqobatbardoshligining oshishiga olib keladi. Masalan, mahsulot narxi 23 ming soʻm boʻlsa, amaldagi kurs boʻyicha 2 dollar boʻladi. Agar ayirboshlash kursi 15 ming soʻm boʻlsa, 1,5 dollar boʻladi.
Amaliyotda ushbu koʻrsatkichlarni birlashtiruvchi indeks – real ayirboshlash kursi qoʻllaniladi. Real ayirboshlash kursi – bu nominal ayirboshlash kursining ikki hamkor davlatdagi inflyatsiya darajasiga moslashtirilgan kurs. Ushbu ayirboshlash kursi hamkor davlat bozorida tovarlar arzonligi darajasining real holatini koʻrsatadi.
Aslida, mamlakatlar bir nechta savdo hamkorlariga ega. Milliy valyuta bitta hamkor davlat valyutasiga nisbatan mustahkamlanib, ikkinchisiga nisbatan qadrsizlanishi mumkin.
Nominal samarali ayirboshlash kursi mamlakatning barcha savdo sheriklari kurslariga nisbatan valyuta kursi qaysi darajada oʻzgarganini koʻrsatadi. Biroq, hamkor davlatlardagi narxlar oʻzgarishi hisobga olinmaganligi sababli, nominal samarali almashuv kursining oʻzgarishi valyutaning xarid qobiliyatini toʻliq belgilay olmaydi.
Shuning uchun real samarali almashuv kursi hisobi yuritiladi. Ushbu kurs, nominal samarali almashuv kursining barcha hamkor davlatlardagi inflyatsiya darajasiga moslashtirilgan koʻrsatkichidir. Real samarali almashuv kursining oʻsishi, davlatning eksporti qimmatlashib, importi arzonlashib borayotganligidan dalolat beradi.
2019-yil sentyabr oyidan 2022-yil fevral oyigacha real samarali almashuv kursi indeksining oʻzgarishi 14,9 foizni tashkil etdi. Ushbu vaziyat 2022-yilning yanvar-fevral oylarida keskin oʻsish bilan (mos ravishda 7,2 dan 9,6 foizgacha, hattoki 14,9 foizgacha) izohlanadi. Keskin mustahkamlanishning asosiy omillaridan biri bu, turk lirasining uzoq vaqt davomida qadrsizlanishi (2021-yil noyabr oyida liraning 40 foizgacha devalvatsiyasi), shuningdek, Rossiya rublining 2022-yil fevral oyida 22 foizgacha qadrsizlanishidir.
Real samarali almashuv kursining oylik oʻzgarishiga qaraydigan boʻlsak, 2020-yil mart oyida 7,4 foiz oʻsdi (oʻsish – soʻmning barqarorlashuvi, pasayish esa – soʻmning hamkor davlatlar valyuta savatiga nisbatan qadrsizlanishi). 2020-yil aprel oyida savdo hamkorlari valyutasiga moslashish (-5.4 foiz) kuzatilgan. Joriy yilning fevral oyida soʻmning keskin oʻsishi (14.9 foiz) bilan kelgusida savdo hamkori boʻlgan davlatlar valyutasiga nisbatan moslashish jarayoni kutilmoqda.