Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda bugun barqaror oʻsish va farovonlik uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilayotgani, mintaqa jadal taraqqiyot va samarali hamkorlik makoniga aylanib borayotganini taʼkidladi.
Mintaqamizning geosiyosiy joylashuvi, Sharq va Gʻarbni bogʻlovchi muhim savdo yoʻlagi hamda yirik davlatlar oʻrtasidagi strategik bufer hudud sifatida xizmat qilishi Oʻzbekistonning mintaqaviy munosabatlar va xavfsizlik masalasidagi mavqeini oshiradi.
Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatda mintaqaviy xavfsizlikni global xavfsizlik bilan uzviy bogʻliq holda koʻradi. Mamlakatimiz yetakchisi tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida ochiq muloqot taʼminlangani, chegara masalalarining hal etilgani, suv, energetika va transport sohalarida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani aynan xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
“Markaziy Osiyo plyus” formatining faollashuvi, yagona pozitsiyaning xalqaro maydonda ilgari surilishi mintaqaning xalqaro munosabatlar subyekti sifatidagi mavqeini kuchaytirdi. Ayniqsa, Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlariga toʻlaqonli aʼzo sifatida qoʻshilishi Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz oʻrtasida strategik koʻprik oʻrnatib, xavfsizlikning yangi mintaqaviy konturlarini shakllantiryapti. Bu esa global xavfsizlik tizimi barqarorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Davlatimiz rahbari xalqaro xavfsizlikning institutsional asoslarini mustahkamlash zarurligini alohida qayd etib, Maslahat uchrashuvlarini “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik formatiga aylantirish gʻoyasini ilgari surdi. Bu tashabbus mintaqada muvofiqlashtirilgan qarorlar qabul qilish, tahdidlarga birgalikda javob berish va uzoq muddatli xavfsizlik strategiyasini shakllantirish imkonini beradi.
Xavfsizlik masalalarida Oʻzbekiston yondashuvi faqat harbiy-siyosiy jihatlar bilan cheklanmaydi. Shu bois, terrorizm, ekstremizm, transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurash, Afgʻonistondagi vaziyat, ekologiya va suv tanqisligini yumshatish masalalari ham biz uchun juda muhim. Chunki mintaqamizning gullab-yashnashi va farovonligi bevosita mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarimizga bogʻliq.
Afgʻoniston masalasida Oʻzbekiston konstruktiv va pragmatik pozitsiyani egallab, ushbu mamlakatni mintaqadagi iqtisodiy va infratuzilmaga oid loyihalarga integratsiyalash, bu orqali uzoq muddatli barqarorlikka erishishni maqsad qilgan. Bu yondashuv xalqaro xavfsizlik arxitekturasida kuch ishlatishdan koʻra rivojlanish va hamkorlikka tayanish modelini ilgari suradi.
Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish boʻyicha amaliy harakatlar oʻn yilligi tashabbusi yangi Oʻzbekistonning xavfsizlikni keng qamrovli, barqaror rivojlanish bilan bogʻliq holda koʻrayotganidan dalolat beradi.
Mintaqadagi chegaralar bilan bogʻliq nizolar, suv tanqisligi, terrorizm va ekstremizm xavfi kabi umumiy muammolar birgalikdagi yechimlarni talab etadi. Shu bois, yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida ekologiya va tabiatni muhofaza qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, transport-kommunikatsiya infratuzilmalarini yanada rivojlantirish borasidagi hamkorlikni kuchaytirish muhim maqsad va vazifa etib belgilangan.
Shuningdek, Markaziy Osiyoda xalqaro huquq va mintaqadagi barcha davlatning milliy manfaatlarini inobatga olgan holda keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish, Markaziy Osiyo davlatlari hududida fuqarolarning erkin harakati, tovarlar, xizmatlar va kapitalning sunʼiy cheklovlarsiz aylanishiga bosqichma-bosqich erishish, umumiy sayyohlik makonini shakllantirish ishlarini davom ettirish ham juda muhim vazifa.
Bundan tashqari, Afgʻoniston bilan koʻp qirrali va oʻzaro foydali munosabatlarni rivojlantirish, uning iqtisodiy tiklanishiga yaqindan koʻmaklashish, transport-tranzit salohiyatini roʻyobga chiqarishga hissa qoʻshishdan mintaqadagi barcha mamlakatlar manfaatdor.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan soʻnggi yillarda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston oʻrtasidagi munosabatlar ijobiy yoʻnalish oldi. Ushbu hamkorlik Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari doirasida mintaqaviy mexanizmlar orqali muammolarga tez va konstruktiv yechim topilayotgani, MDH, SHHT va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida hamkorlik kengaytirilayotganida namoyon boʻladi.
Prezidentimiz “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” maqolasida mintaqa chinakam birdamlik bosqichiga oʻtayotganini taʼkidlar ekan, bu jarayonning tasodifiy emas, balki davlatlar rahbarlarining siyosiy irodasi va uzoq muddatli masʼuliyatli tanlovi natijasi ekanini alohida qayd etdi.
Mazkur fikr mamlakatimiz tashqi siyosatining asosiy tamoyilini ifodalaydi: xavfsizlik majburlash yoki qarama-qarshilik emas, balki ishonch va hamkorlik bilan taʼminlanadi.
Yangi Oʻzbekiston xalqaro xavfsizlik arxitekturasiga Markaziy Osiyoda ishonch muhitini barpo etish orqali kirib kelmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 2017-yildan buyon muntazam oʻtkazib kelinayotgan Maslahat uchrashuvlari mintaqada tashqi vositachilarsiz muloqot anʼanasini shakllantirdi. Bu jarayon esa Prezidentimizning maqolasida yangicha siyosiy tafakkur ramzi sifatida talqin qilingan.
Aynan shu muloqot tufayli oʻnlab yillar davomida keskinlik manbai boʻlib kelgan chegara masalalari uzil-kesil hal etildi. 2025-yili Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasida uch davlat chegaralarining tutash nuqtasi boʻyicha kelishuvga erishilgani mintaqaviy xavfsizlik tarixida yangi sahifa ochdi.
Xavfsizlikning iqtisodiy mezoni yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatida markaziy oʻrin tutadi. Prezidentimizning mazkur maqolasida keltirilgan statistik maʼlumotlar mintaqaviy barqarorlikning moddiy asoslari mustahkamlanayotganini yaqqol koʻrsatadi. Jumladan, soʻnggi sakkiz yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti qariyb 2,5 barobar koʻpayib, 520 milliard dollarga yetdi. Tashqi savdo hajmi esa 253 milliard dollardan oshdi. Oʻzaro savdoning ikki barobar, oʻzaro investitsiyalarning 5,6 barobar koʻpaygani mintaqaviy integratsiya xavfsizlikni mustahkamlovchi muhim omilga aylanganidan dalolat beradi. Ayniqsa, Oʻzbekistonning mintaqa davlatlari bilan savdosi hajmi 2016-yildagi 2,4 milliard dollardan 2024-yilda 7,2 milliard dollarga yetgani yurtimizning mintaqaviy iqtisodiy barqarorlikdagi yetakchi rolini koʻrsatadi.
Oʻzbekiston xavfsizlikni faqat harbiy-siyosiy masala sifatida emas, balki energetika, suv va ekologiya bilan uzviy bogʻliq jarayon sifatida talqin qiladi. “Qambarota 1” GES loyihasining uch davlat tomonidan birgalikda amalga oshirilishi, Amudaryo va Zarafshon havzalarida suv resurslaridan kelishilgan tartibda foydalanish boʻyicha bitimlar mintaqaviy xavfsizlikning yangi modelini — umumiy resurslarga adolatli yondashuvni shakllantirmoqda. Bu model ekologik xavflarni kamaytirish bilan birga ijtimoiy barqarorlikni ham mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mamlakatimizning xalqaro xavfsizlik arxitekturasidagi oʻrni Afgʻoniston masalasidagi yondashuvida yaqqol namoyon boʻladi. Zero, Afgʻoniston mintaqaning tarkibiy qismidir. Transafgʻon temir yoʻli loyihasi Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi transport bogʻliqligini kuchaytirish bilan birga Afgʻonistonning iqtisodiy tiklanishi uchun real poydevor yaratadi. Bu esa mintaqaning janubiy sarhadlarida barqarorlikni taʼminlaydi.
Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatining yana bir muhim jihati, xalqaro maydonda muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ilgari surishdir. “Markaziy Osiyo plyus” formatining faol rivojlanishi mintaqani global siyosatning mustaqil subyekti sifatida shakllantirmoqda. Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Yaponiya va AQSH bilan mintaqaviy formatdagi muloqotlar Markaziy Osiyoning strategik ahamiyati ortib borayotganini koʻrsatadi.
2026-yil 13-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida global va mintaqaviy miqyosda keskinlashib borayotgan geosiyosiy vaziyatni alohida tilga olib, turli hududlarda qurolli mojarolar kengayishi, qurollanish poygasi jadallashuvi, xalqaro huquq normalari va diplomatik mexanizmlarning zaiflashuvi zamonaviy xalqaro xavfsizlik tizimini izdan chiqarayotganini taʼkidladi.
Bu esa Oʻzbekistonni tashqi kuzatuvchi sifatida emas, balki faol va masʼuliyatli ishtirokchi sifatida harakat qilishga undaydi. Zamonaviy urushlar mohiyatan tubdan oʻzgargan. Endi harbiy ustunlik faqat son va anʼanaviy qurol-aslahaga emas, balki sunʼiy intellekt, raqamli boshqaruv, kiberxavfsizlik, robot texnologiyalari va yuqori aniqlikdagi uzoq masofali zarba berish imkoniyatlariga tayanadi.
Tinchlik va barqarorlik eng oliy qadriyat sifatida eʼtirof etilgan yigʻilishda Prezidentimiz “proaktiv ish rejimi” tushunchasini ilgari surib, barcha soha va tarmoqlar xavf-xatarlarni oldindan aniqlash va ularga javob qaytarish qobiliyatiga ega boʻlishi zarurligini taʼkidladi.
Bu yondashuv Oʻzbekistonning mintaqaviy xavfsizlikdagi rolini passiv mudofaa bilan emas, balki barqarorlikni mustahkamlovchi, oldini oluvchi siyosat asosida bajarayotganini anglatadi.
Ushbu yigʻilishning muhim jihatlardan yana biri shuki, davlatimiz rahbari yangi Mudofaa doktrinasi va Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qayta koʻrib chiqish zarurati haqida soʻz yuritdi. Qayd etilishicha, yangi doktrina Oʻzbekistonning hech qaysi harbiy blokka qoʻshilmaslik siyosatini saqlab qolgan holda koʻp tomonlama diplomatiyaga tayanishi, harbiy mustaqillik va yuqori texnologiyalarga asoslangan strategiyani ilgari surishi lozim. Bu pozitsiya Oʻzbekistonni mintaqada muvozanatlashtiruvchi va barqarorlikni taʼminlashga intiluvchi davlat sifatida namoyon etadi.
Umuman olganda, Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi qator muammolarning bosqichma-bosqich bartaraf etilayotgani Oʻzbekistonning bu boradagi faol va konstruktiv oʻrni bilan chambarchas bogʻliq. Mamlakatimizning xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, barqarorlikni taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlari qator tashabbus va tadbirlar jarayonida yaqqol koʻrinadi. Jumladan, muntazam oʻtkazilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari, “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik” mavzusidagi Samarqand konferensiyasi, Afgʻoniston boʻyicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi Toshkent konferensiyasi, “Markaziy Osiyo xalqaro transport yoʻlaklari tizimida: strategik istiqbollar va foydalanilmagan imkoniyatlar” mavzusidagi Toshkent xalqaro konferensiyasi, “Markaziy Osiyoda oʻzaro bogʻliqlik: tahdidlar va yangi imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro anjuman shular jumlasidan.
Bundan tashqari, Samarqandda ilk bor oʻtkazilgan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi sammiti, YUNESKOning birinchi marta Samarqandda boʻlib oʻtgan yigʻilishi, Parlamentlararo Ittifoqning 150-yilligi munosabati bilan Toshkentda tashkil etilgan tadbirlar, turli mavzu va yoʻnalishlardagi xalqaro ekspert konferensiyalari, ilmiy- amaliy uchrashuvlar va diplomatik muloqotlar yangi Oʻzbekistonning oʻzgarib borayotgan xalqaro xavfsizlik arxitekturasida nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda oʻzaro ishonch va ochiq muloqotni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlar tashabbuskori ekanidan darak beradi.
Oʻzbekistonning xalqaro siyosat va xavfsizlik borasida mustaqil pozitsiyaga ega boʻlishi har jihatdan muhim. Bu, ayniqsa, bugungi xalqaro xavfsizlikka nisbatan salbiy yondashuvlar, kuch omili ortib borayotgan bir paytda yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi. Chunki oʻzgarib borayotgan xalqaro xavfsizlik arxitekturasidagi anʼanaviy va noanʼanaviy tahdidlarga qarshi kurashda Oʻzbekiston uchun ittifoqchilik munosabatlari va strategik hamkorlik aloqalari juda zarur. Aslida, bugunga kelib xalqaro xavfsizlik arxitekturasi Ikkinchi jahon urushidan keyingi tanaffusdan soʻng yana jiddiy tusga kirmoqda.
Dunyoning turli mintaqalarida davom etayotgan oʻzaro qarama-qarshiliklar, qurolli toʻqnashuvlar, Afgʻonistonning kelajagiga doir noaniqliklar, ayrim joylarda saqlanib qolayotgan ziddiyatlar mintaqaviy mojarolarning global tusga aylanib ketish xavfini kun sayin orttirib boryapti.
Shu bois, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda mintaqa xavfsizligi va barqarorligi uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishda davom etishi kerak. Buning uchun, shubhasiz, mudofaa qobiliyatini kuchaytirish, zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirish hamda mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligi va xavfsizligini taʼminlash shart. Kuchli Oʻzbekiston — barqaror va rivojlangan Markaziy Osiyo kafolati. Mintaqa davlatlarining Oʻzbekistonga nisbatan shubha va gumonda boʻlmasligi uchun ular bilan doim muloqot, ishonchli hamkorlik hamda ochiqlikni targʻib qiladigan munosabatlarni saqlash zarur. Davlat tashkilotlari hamda xalq vakillari bilan samimiy hamkorlik va aloqalar mintaqaning birlashuvini va xavfsiz kelajagini taʼminlaydi.
Habibullo SADIBAQOSEV,
siyosiy fanlar doktori