Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda bugun barqaror oʻsish va farovonlik uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilayotgani, mintaqa jadal taraqqiyot va samarali hamkorlik makoniga aylanib borayotganini taʼkidladi.

Mintaqamizning geosiyosiy joylashuvi, Sharq va Gʻarbni bogʻlovchi muhim savdo yoʻlagi hamda yirik davlatlar oʻrtasidagi strategik bu­fer hudud sifatida xizmat qilishi Oʻzbekiston­ning mintaqaviy munosabatlar va xavfsizlik masalasidagi mavqeini oshiradi.

Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatda mintaqaviy xavfsizlikni global xavfsizlik bilan uzviy bogʻliq holda koʻradi. Mamlakatimiz yetakchisi tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida ochiq muloqot taʼminlangani, chegara masalalarining hal etilgani, suv, energetika va transport sohalarida hamkorlik yoʻlga qoʻyilga­ni aynan xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

“Markaziy Osiyo plyus” formatining faollashuvi, yagona pozitsiyaning xalqaro maydonda ilgari surilishi mintaqaning xalqaro munosabatlar subyekti sifatidagi mavqeini kuchaytirdi. Ayniqsa, Ozarbay­jonning Maslahat uchrashuvlariga toʻlaqonli aʼzo sifatida qoʻshilishi Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz oʻrtasida strategik koʻprik oʻrnatib, xavfsizlikning yangi mintaqaviy konturlarini shakllantiryapti. Bu esa global xavfsizlik tizimi barqarorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Davlatimiz rahbari xalqaro xavfsiz­likning institutsional asoslarini mus­tahkamlash zarurligini alohida qayd etib, Maslahat uchrashuvlarini “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik formatiga aylan­tirish gʻoyasini ilgari surdi. Bu tashabbus mintaqada muvofiqlashtirilgan qarorlar qabul qilish, tahdidlarga birgalikda ja­vob berish va uzoq muddatli xavfsizlik strategiyasini shakllantirish imkonini beradi.

Xavfsizlik masalalarida Oʻzbekiston yon­dashuvi faqat harbiy-siyosiy jihatlar bilan cheklanmaydi. Shu bois, terrorizm, ekstre­mizm, transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurash, Afgʻonistondagi vaziyat, ekologiya va suv tanqisligini yumshatish masalalari ham biz uchun juda muhim. Chunki mintaqamiz­ning gullab-yashnashi va farovonligi bevosi­ta mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlari­mizga bogʻliq.

Afgʻoniston masalasida Oʻzbekiston konstruktiv va pragmatik pozitsiyani egal­lab, ushbu mamlakatni mintaqadagi iqti­sodiy va infratuzilmaga oid loyihalarga integratsiyalash, bu orqali uzoq muddatli barqarorlikka erishishni maqsad qilgan. Bu yondashuv xalqaro xavfsizlik arxitekturasi­da kuch ishlatishdan koʻra rivojlanish va ham­korlikka tayanish modelini ilgari suradi.

Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foyda­lanish boʻyicha amaliy harakatlar oʻn yilligi tashabbusi yangi Oʻzbekistonning xavfsiz­likni keng qamrovli, barqaror rivojlanish bilan bogʻliq holda koʻrayotganidan dalolat beradi.

Mintaqadagi chegaralar bilan bogʻliq nizolar, suv tanqisligi, terrorizm va ekstremizm xavfi kabi umumiy muammo­lar birgalikdagi yechimlarni talab etadi. Shu bois, yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida ekologiya va tabiatni muhofaza qilish, suv resurslaridan oqilo­na foydalanish, transport-kommunikatsiya infratuzilmalarini yanada rivojlantirish borasidagi hamkorlikni kuchaytirish mu­him maqsad va vazifa etib belgilangan.

Shuningdek, Markaziy Osiyoda xalqaro hu­quq va mintaqadagi barcha davlatning milliy manfaatlarini inobatga olgan holda keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoq­chilik munosabatlarini chuqurlashtirish, Markaziy Osiyo davlatlari hududida fuqaro­larning erkin harakati, tovarlar, xizmatlar va kapitalning sunʼiy cheklovlarsiz aylani­shiga bosqichma-bosqich erishish, umumiy sayyohlik makonini shakllantirish ishlarini davom ettirish ham juda muhim vazifa.

Bundan tashqari, Afgʻoniston bilan koʻp qirrali va oʻzaro foydali munosabatlarni rivojlantirish, uning iqtisodiy tiklani­shiga yaqindan koʻmaklashish, transport-tran­zit salohiyatini roʻyobga chiqarishga hissa qoʻshishdan mintaqadagi barcha mamlakatlar manfaatdor.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan soʻnggi yillarda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston oʻrtasidagi munosabatlar ijobiy yoʻnalish oldi. Ushbu hamkorlik Markaziy Osiyo davlatlari rah­barlarining Maslahat uchrashuvlari doi­rasida mintaqaviy mexanizmlar orqali muammolarga tez va konstruktiv yechim topi­layotgani, MDH, SHHT va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida hamkorlik kengayti­rilayotganida namoyon boʻladi.

Prezidentimiz “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” maqolasida mintaqa china­kam birdamlik bosqichiga oʻtayotganini taʼ­kidlar ekan, bu jarayonning tasodifiy emas, balki davlatlar rahbarlarining siyosiy iro­dasi va uzoq muddatli masʼuliyatli tanlovi natijasi ekanini alohida qayd etdi.

Mazkur fikr mamlakatimiz tashqi siyo­satining asosiy tamoyilini ifodalaydi: xavfsizlik majburlash yoki qarama-qarshi­lik emas, balki ishonch va hamkorlik bilan taʼminlanadi.

Yangi Oʻzbekiston xalqaro xavfsizlik arxitekturasiga Markaziy Osiyoda ishonch muhitini barpo etish orqali kirib kelmoq­da. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari­ning 2017-yildan buyon muntazam oʻtkazib ke­linayotgan Maslahat uchrashuvlari mintaqada tashqi vositachilarsiz muloqot anʼanasini shakllantirdi. Bu jarayon esa Prezidenti­mizning maqolasida yangicha siyosiy tafakkur ramzi sifatida talqin qilingan.

Aynan shu muloqot tufayli oʻnlab yillar davomida keskinlik manbai boʻlib kelgan che­gara masalalari uzil-kesil hal etildi. 2025-yili Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikis­ton oʻrtasida uch davlat chegaralarining tu­tash nuqtasi boʻyicha kelishuvga erishilgani mintaqaviy xavfsizlik tarixida yangi sahi­fa ochdi.

Xavfsizlikning iqtisodiy mezoni yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatida markaziy oʻrin tutadi. Prezidentimizning mazkur maqo­lasida keltirilgan statistik maʼlumot­lar mintaqaviy barqarorlikning moddiy asoslari mustahkamlanayotganini yaqqol koʻrsatadi. Jumladan, soʻnggi sakkiz yil­da Markaziy Osiyo mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti qariyb 2,5 barobar koʻpa­yib, 520 milliard dollarga yetdi. Tashqi savdo hajmi esa 253 milliard dollardan oshdi. Oʻzaro savdoning ikki barobar, oʻzaro investitsiyalarning 5,6 barobar koʻpaygani mintaqaviy integratsiya xavfsizlikni mus­tahkamlovchi muhim omilga aylanganidan dalolat beradi. Ayniqsa, Oʻzbekistonning mintaqa davlatlari bilan savdosi hajmi 2016-yildagi 2,4 milliard dollardan 2024-yilda 7,2 milliard dollarga yetgani yurti­mizning mintaqaviy iqtisodiy barqaror­likdagi yetakchi rolini koʻrsatadi.

Oʻzbekiston xavfsizlikni faqat har­biy-siyosiy masala sifatida emas, balki energetika, suv va ekologiya bilan uzviy bogʻliq jarayon sifatida talqin qiladi. “Qambarota 1” GES loyihasining uch dav­lat tomonidan birgalikda amalga oshiri­lishi, Amudaryo va Zarafshon havzalarida suv resurslaridan kelishilgan tartibda foydalanish boʻyicha bitimlar mintaqaviy xavfsizlikning yangi modelini — umumiy resurslarga adolatli yondashuvni shakllan­tirmoqda. Bu model ekologik xavflarni kamaytirish bilan birga ijtimoiy bar­qarorlikni ham mustahkamlashga xizmat qiladi.

Mamlakatimizning xalqaro xavfsizlik arxitekturasidagi oʻrni Afgʻoniston masa­lasidagi yondashuvida yaqqol namoyon boʻladi. Zero, Afgʻoniston mintaqaning tarkibiy qismidir. Transafgʻon temir yoʻli loyiha­si Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi transport bogʻliqligini kuchaytirish bilan birga Afgʻonistonning iqtisodiy tiklani­shi uchun real poydevor yaratadi. Bu esa min­taqaning janubiy sarhadlarida barqaror­likni taʼminlaydi.

Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatining yana bir muhim jihati, xalqaro maydonda muvo­fiqlashtirilgan yondashuvlarni ilgari su­rishdir. “Markaziy Osiyo plyus” formatining faol rivojlanishi mintaqani global siyosat­ning mustaqil subyekti sifatida shakllan­tirmoqda. Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Yaponiya va AQSH bilan mintaqaviy formatda­gi muloqotlar Markaziy Osiyoning strategik ahamiyati ortib borayotganini koʻrsatadi.

2026-yil 13-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida global va mintaqaviy miqyosda keskinlashib borayotgan geosiyosiy vaziyatni alohida tilga olib, turli hudud­larda qurolli mojarolar kengayishi, qu­rollanish poygasi jadallashuvi, xalqaro huquq normalari va diplomatik mexanizm­larning zaiflashuvi zamonaviy xalqaro xavfsizlik tizimini izdan chiqarayotgani­ni taʼkidladi.

Bu esa Oʻzbekistonni tashqi kuzatuvchi sifatida emas, balki faol va masʼuliyatli ishtirokchi sifatida harakat qilishga un­daydi. Zamonaviy urushlar mohiyatan tubdan oʻzgargan. Endi harbiy ustunlik faqat son va anʼanaviy qurol-aslahaga emas, balki sunʼiy intellekt, raqamli boshqaruv, kiber­xavfsizlik, robot texnologiyalari va yuqori aniqlikdagi uzoq masofali zarba berish im­koniyatlariga tayanadi.

Tinchlik va barqarorlik eng oliy qad­riyat sifatida eʼtirof etilgan yigʻilishda Prezidentimiz “proaktiv ish rejimi” tu­shunchasini ilgari surib, barcha soha va tar­moqlar xavf-xatarlarni oldindan aniqlash va ularga javob qaytarish qobiliyatiga ega boʻlishi zarurligini taʼkidladi.

Bu yondashuv Oʻzbekistonning mintaqa­viy xavfsizlikdagi rolini passiv mudofaa bilan emas, balki barqarorlikni mustah­kamlovchi, oldini oluvchi siyosat asosida ba­jarayotganini anglatadi.

Ushbu yigʻilishning muhim jihatlardan yana biri shuki, davlatimiz rahbari yangi Mudofaa doktrinasi va Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qayta koʻrib chiqish zarurati haqida soʻz yuritdi. Qayd etilishicha, yangi doktrina Oʻzbekistonning hech qaysi har­biy blokka qoʻshilmaslik siyosatini saqlab qolgan holda koʻp tomonlama diplomatiyaga tayanishi, harbiy mustaqillik va yuqori tex­nologiyalarga asoslangan strategiyani ilgari surishi lozim. Bu pozitsiya Oʻzbekistonni mintaqada muvozanatlashtiruvchi va barqa­rorlikni taʼminlashga intiluvchi davlat si­fatida namoyon etadi.

Umuman olganda, Markaziy Osiyo mam­lakatlari oʻrtasidagi qator muammolar­ning bosqichma-bosqich bartaraf etilayot­gani Oʻzbekistonning bu boradagi faol va konstruktiv oʻrni bilan chambarchas bogʻliq. Mamlakatimizning xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, barqarorlikni taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlari qator tashabbus va tadbirlar jarayonida yaqqol koʻ­rinadi. Jumladan, muntazam oʻtkazilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari, “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror ri­vojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik” mavzusidagi Samarqand konferensiyasi, Af­gʻoniston boʻyicha “Tinchlik jarayoni, xavf­sizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi Toshkent konferen­siyasi, “Markaziy Osiyo xalqaro transport yoʻlaklari tizimida: strategik istiqbollar va foydalanilmagan imkoniyatlar” mavzusi­dagi Toshkent xalqaro konferensiyasi, “Mar­kaziy Osiyoda oʻzaro bogʻliqlik: tahdidlar va yangi imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro an­juman shular jumlasidan.

Bundan tashqari, Samarqandda ilk bor oʻt­kazilgan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifo­qi sammiti, YUNESKOning birinchi marta Samarqandda boʻlib oʻtgan yigʻilishi, Par­lamentlararo Ittifoqning 150-yilligi mu­nosabati bilan Toshkentda tashkil etilgan tadbirlar, turli mavzu va yoʻnalishlardagi xalqaro ekspert konferensiyalari, ilmiy- amaliy uchrashuvlar va diplomatik muloqot­lar yangi Oʻzbekistonning oʻzgarib borayotgan xalqaro xavfsizlik arxitekturasida nafa­qat mintaqaviy, balki global miqyosda oʻzaro ishonch va ochiq muloqotni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlar tashabbuskori ekanidan darak beradi.

Oʻzbekistonning xalqaro siyosat va xavf­sizlik borasida mustaqil pozitsiyaga ega boʻlishi har jihatdan muhim. Bu, ayniqsa, bugungi xalqaro xavfsizlikka nisbatan salbiy yondashuvlar, kuch omili ortib bo­rayotgan bir paytda yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi. Chunki oʻzgarib borayotgan xal­qaro xavfsizlik arxitekturasidagi anʼa­naviy va noanʼanaviy tahdidlarga qarshi kurashda Oʻzbekiston uchun ittifoqchilik munosabatlari va strategik hamkorlik alo­qalari juda zarur. Aslida, bugunga kelib xalqaro xavfsizlik arxitekturasi Ikkinchi jahon urushidan keyingi tanaffusdan soʻng yana jiddiy tusga kirmoqda.

Dunyoning turli mintaqalarida davom etayotgan oʻzaro qarama-qarshiliklar, qurol­li toʻqnashuvlar, Afgʻonistonning kelaja­giga doir noaniqliklar, ayrim joylarda saqlanib qolayotgan ziddiyatlar mintaqaviy mojarolarning global tusga aylanib ketish xavfini kun sayin orttirib boryapti.

Shu bois, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda mintaqa xavfsizligi va barqarorligi uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishda davom etishi kerak. Buning uchun, shubhasiz, mudo­faa qobiliyatini kuchaytirish, zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirish hamda mam­lakat ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligi va xavfsizligini taʼminlash shart. Kuchli Oʻzbekiston — barqaror va rivojlangan Markaziy Osiyo kafolati. Mintaqa davlat­larining Oʻzbekistonga nisbatan shubha va gumonda boʻlmasligi uchun ular bilan doim muloqot, ishonchli hamkorlik hamda ochiq­likni targʻib qiladigan munosabatlarni saqlash zarur. Davlat tashkilotlari hamda xalq vakillari bilan samimiy hamkorlik va aloqalar mintaqaning birlashuvini va xavfsiz kelajagini taʼminlaydi.

Habibullo SADIBAQOSEV,

siyosiy fanlar doktori